96-modda. Sud sanatsiyasi tartib-taomilini joriy etish oqibatlari
Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida (O‘RQ-763-son) · Sana: 12.04.2022 · Amalda
Sud sanatsiyasi tartib-taomili oʻtkazilayotganda qarzdorning boshqaruv organlari oʻz vakolatlarini ushbu bobda belgilangan cheklovlar bilan amalga oshiradi.
Sud sanatsiyasi tartib-taomili joriy etilgan paytda:
kreditorlarning talablarini taʼminlash boʻyicha ilgari qabul qilingan choralar bekor qilinadi;
qarzdorning mol-mulkini xatlash va qarzdorga nisbatan uning oʻziga tegishli mol-mulkni tasarruf etish borasidagi vakolatlarini boshqacha tarzda cheklovlar faqat toʻlovga qobiliyatsizlik tartib-taomili doirasida joriy etiladi;
toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ish jarayonida yuzaga keladigan barcha turdagi joriy soliq toʻlovlarini (bundan ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar boʻyicha soliqlar mustasno) toʻlash toʻxtatib turiladi va sud sanatsiyasi tartib-taomili jarayonining muddati yakunlangach toʻlanadi. Bunday holda sud sanatsiya qiluvchi boshqaruvchining hisobotini tasdiqlagan va qarzdorga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishni tugatish haqida ajrim chiqargan sanadan eʼtiboran mazkur soliq qarzlari olti oy ichida teng miqdorda boʻlib-boʻlib toʻlanadi;
sud sanatsiyasi tartib-taomili paytida yuzaga kelgan pul majburiyatlarini va (yoki) soliqlar hamda yigʻimlar boʻyicha majburiyatlarini bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun neustoyka (jarima, penya) va boshqa iqtisodiy (moliyaviy) sanksiyalar, shuningdek toʻlanishi lozim boʻladigan foizlar qoʻllanilmaydi.
Qarzni toʻlash jadvaliga muvofiq qanoatlantirilishi lozim boʻlgan pul majburiyatlari va (yoki) soliqlar hamda yigʻimlar boʻyicha kreditorning talablari summasiga Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 327-moddasida nazarda tutilgan tartibda va miqdorda foizlar hisoblanadi. Bu foizlar sud sanatsiyasini joriy etish haqida sud ajrim chiqargan paytdan eʼtiboran va kreditorning talabini qanoatlantirish paytigacha, agar bunday qanoatlantirish roʻy bermasa, — unda qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qilish paytigacha kreditorning talablari summasiga qoʻshib yozilishi lozim.
Kreditorlar yigʻilishining, majburiyatlarni bajarish taʼminotini bergan shaxslarning yoki sanatsiya qiluvchi boshqaruvchining qarzdorning rahbari sud sanatsiyasi rejasini bajarmaganligi yoxud lozim darajada bajarmaganligi haqidagi yoki qarzdorning rahbari qarzdorning, kreditorlarning, majburiyatlarni bajarish taʼminotini bergan shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzadigan harakatlar (harakatsizlik) sodir etganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan iltimosnomasiga binoan sud qarzdorning rahbarini oʻz vazifasini bajarishdan chetlashtirishga haqlidir. Bunday hollarda sud qarzdorning rahbari vazifasini bajarishni sanatsiya qiluvchi boshqaruvchining zimmasiga yuklatishga haqli. Sud qarzdorning rahbarini oʻz vazifasini bajarishdan chetlashtirish haqida ajrim chiqaradi, bu ajrim ustidan shikoyat berilishi (protest keltirilishi) mumkin.
