69-modda. Qarzdorning ishlarini boshqaruvchi shaxs
Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida (O‘RQ-763-son) · Sana: 12.04.2022 · Amalda
Agar ushbu Qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, quyidagi holatlar qarzdorning ishlarini boshqarish deb eʼtirof etiladi:
ijro etilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar berish huquqiga yoki qarzdorning xatti-harakatlarini boshqacha tarzda belgilash, shu jumladan bitimlarini bajarish va ularning shartlarini belgilash imkoniyatiga toʻlovga qobiliyatsizlik alomatlari yuzaga kelguniga qadar uch yil mobaynida ega boʻlish;
toʻlovga qobiliyatsizlik alomatlari paydo boʻlgan paytdan boshlab va toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqidagi ariza sud tomonidan qabul qilingunigacha boʻlgan davrda ijro etilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar berish yoki qarzdorning xatti-harakatlarini boshqacha tarzda belgilash, shu jumladan bitimlarini bajarish va ularning shartlarini belgilash huquqiga ega boʻlish.
Qarzdorning ishlarini boshqaruvchi shaxslar quyidagilardan iborat:
qarzdorning ijroiya organi rahbari va aʼzolari, tugatish komissiyasi yoki qarzdorning tugatuvchisi;
mustaqil ravishda yoki manfaatdor shaxslar bilan birgalikda aksiyadorlik jamiyati aksiyalarining ellik va undan ortiq foiziga ega boʻlgan shaxslar;
masʼuliyati cheklangan jamiyat yoki boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlar ustav fondining (ustav kapitalining) yarmidan koʻpini tasarruf etish huquqiga ega boʻlgan shaxslar;
rahbarni tayinlash (saylash) huquqiga ega boʻlgan shaxslar.
