161-modda. Kelishuv bitimini tuzish tartibi
Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida (O‘RQ-763-son) · Sana: 12.04.2022 · Amalda
Qarzdor va kreditorlar sud tomonidan toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqishning har qanday bosqichida kelishuv bitimini tuzishga haqli.
Kreditorlar nomidan kelishuv bitimini tuzish haqidagi qaror kreditorlar yigʻilishi tomonidan qabul qilinadi. Kreditorlar yigʻilishining kelishuv bitimini tuzish toʻgʻrisidagi qarori birinchi, ikkinchi va uchinchi guruh kreditorlarining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi hamda qaror, basharti qarzdorning garov bilan taʼminlangan mol-mulki majburiyatlari boʻyicha barcha kreditorlar uni yoqlab ovoz bergan boʻlsa, qabul qilingan deb hisoblanadi. Kreditor vakilining kelishuv bitimini tuzish masalasi toʻgʻrisida ovoz berishga doir vakolatlari uning ishonchnomasida alohida nazarda tutilgan boʻlishi kerak.
Kelishuv bitimi qarzdor nomidan tegishincha qarzdor yakka tartibdagi tadbirkor yoki qarzdorning rahbari, tashqi boshqaruvchi, tugatish boshqaruvchisi yoxud moliyaviy boshqaruvchi tomonidan tuziladi.
Kelishuv bitimida nazarda tutilgan huquqlar va majburiyatlarni oʻz zimmasiga oladigan uchinchi shaxslarning kelishuv bitimida ishtirok etishiga yoʻl qoʻyiladi.
Kelishuv bitimi sud tomonidan tasdiqlanishi lozim boʻlib, bu haqda ajrim chiqariladi, unda toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ish yuritishni tugatish koʻrsatiladi. Agar kelishuv bitimi tugatishga doir ish yuritish jarayonida tuzilgan boʻlsa, sud kelishuv bitimini tasdiqlash haqida ajrim chiqaradi, unda qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash toʻgʻrisidagi qaror bajarilmasligi koʻrsatiladi.
Kelishuv bitimi qarzdor, kreditorlar, shuningdek kelishuv bitimida ishtirok etayotgan uchinchi shaxslar uchun sud tomonidan tasdiqlangan kundan eʼtiboran kuchga kiradi va ular uchun majburiydir. Kuchga kirgan kelishuv bitimini bajarishni bir tomonlama rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Kelishuv bitimi tuzishni yoqlab ovoz bergan kreditor, qarzdorning muassislari (ishtirokchilari) yoki qarzdor mol-mulkining egasi kelishuv bitimini tuzishga qarshi ovoz bergan yoxud ovoz berishda ishtirok etmagan kreditorlar oldida qarzdorning pul majburiyatlarini va (yoki) soliqlar hamda yigʻimlar boʻyicha majburiyatini bajarishga haqli. Bu holda kreditor qarzdor uchun taklif etilgan ijroni qabul qilishi shart, qarzdorning majburiyatlarini bajargan shaxsga esa kreditorning majburiyat boʻyicha talab qilish huquqlari oʻtadi.
Uchinchi shaxslar kelishuv bitimi boʻyicha qarzdor tomonidan pul majburiyatlari qanoatlantirilishi va (yoki) soliqlar hamda yigʻimlar boʻyicha majburiyati bajarilishi kafilligini yoki kafolatini berishga, xuddi shuningdek uning lozim darajada bajarilishini boshqacha tarzda taʼminlashga haqli. Agar kelishuv bitimining sharti qarzdorning mol-mulkini uchinchi shaxs foydasiga oʻtkazishdan iborat boʻlsa, bitim faqat mazkur mol-mulk uchinchi shaxs tomonidan kreditorlarning talablari qanoatlantirilishini taʼminlovchi garovga berilishi sharti bilan tuzilishi mumkin.
