135-modda. Kreditorlar bilan hisob-kitoblarga oʻtish toʻgʻrisida ajrim chiqarish oqibatlari
Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida (O‘RQ-763-son) · Sana: 12.04.2022 · Amalda
Kreditorlar bilan hisob-kitoblarga oʻtish toʻgʻrisida sud tomonidan ajrim chiqarilishi kreditorlarning talablari reyestriga muvofiq barcha kreditorlar bilan hisob-kitoblarni boshlash uchun asos boʻladi.
Kreditorlar bilan hisob-kitoblarga oʻtish haqidagi sud ajrimida kreditorlar bilan hisob-kitoblarning tamomlanish muddati belgilanadi, bu muddat mazkur ajrim chiqarilgan sanadan eʼtiboran olti oydan oshmasligi kerak.
Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishni yuritish kreditorlar bilan hisob-kitoblar tugallanganidan va tashqi boshqaruvchining hisoboti kreditorlar bilan hisob-kitoblar yakunlariga koʻra sud tomonidan koʻrib chiqilganidan keyin tugatiladi.
Agar sud tomonidan belgilangan muddatda kreditorlar bilan hisob-kitoblar amalga oshirilmagan boʻlsa, sud qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash haqida qaror qabul qiladi.
