Yuridik xizmat xodimini lavozimga tayinlash va ozod qilish masalalarini adliya organlari bilan kelishish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (2864-4-son)
07.04.2022
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2022-yil 7-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2864-4]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-apreldagi PQ-3666-son “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2017-yil 28-fevraldagi 42-mh-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 2864, 2017-yil 28-fevral) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 9-son, 140-modda) bilan tasdiqlangan Yuridik xizmat xodimini lavozimga tayinlash va ozod qilish masalalarini adliya organlari bilan kelishish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir R. DAVLETOV
Toshkent sh.,
2022-yil 6-aprel,
9-mh-son
Kelishildi:
Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri B. XUSANOV
2022-yil 31-mart
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi K. RAFIKOV
2022-yil 28-mart
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 6-apreldagi 9-mh-son buyrugʻiga ILOVA
Yuridik xizmat xodimini lavozimga tayinlash va ozod qilish masalalarini adliya organlari bilan kelishish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar
1. 3-bandda:
quyidagi mazmundagi toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmati xodimlari adliya organlari bilan lavozimiga tayinlanishi kelishilgan kundan boshlab bir yil davomida boshqa davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatiga ishga oʻtganda adliya organlari bilan suhbatdan oʻtkazilmasdan kelishilishiga yoʻl qoʻyiladi, yuridik xizmat rahbari va uning oʻrinbosari lavozimlari bundan mustasno.”;
toʻrtinchi xatboshi beshinchi xatboshi deb hisoblansin.
2. 5-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5. Davlat organlari va tashkilotlari nomzodni lavozimga tayinlash masalasini kelishish uchun tegishli adliya organiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
davlat organi va tashkiloti rahbarining nomzodni lavozimga tavsiya etish toʻgʻrisidagi taqdimnomasi;
nomzodning ushbu Nizomning 1 va 2-ilovalariga muvofiq shakldagi maʼlumotnomasi va yaqin qarindoshlari haqidagi maʼlumot.
Yuridik xizmat xodimi lavozimiga kelishish uchun bir yoki undan ortiq nomzodlar tavsiya etilganda, mazkur hujjatlar har bir nomzod uchun alohida taqdim etiladi.”.
3. 17-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“17. Suhbat jarayonidagi nomzodga beriladigan savollar va ularning javoblari, komissiya aʼzolari tomonidan nomzodga qoʻyilgan ballar hamda suhbatning umumiy natijalari “Yurist-adliya” elektron tizimida qayd etib boriladi.”.
4. 23-bandda:
uchinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
toʻrtinchi — oltinchi xatboshilar tegishli ravishda uchinchi — beshinchi xatboshilar deb hisoblansin.
5. 1-ilova mazkur qoʻshimcha va oʻzgartirishlarning ilovasiga muvofiq tahrirda bayon etilsin.
6. 3-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
7. Mazkur qoʻshimcha va oʻzgartirishlar Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi bilan kelishilgan.
Yuridik xizmat xodimini lavozimga tayinlash va ozod qilish masalalarini adliya organlari bilan kelishish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlarga ILOVA
“Yuridik xizmat xodimini lavozimga tayinlash va ozod qilish masalalarini adliya organlari bilan kelishish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
NAMUNA
MAʼLUMOTNOMA 3x4 sm oʻlchamli fotosurat uchun joy Azizov Aziz Azizovich 2021-yil 14-sentabrdan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bosh yuriskonsulti Tugʻilgan yili: 22.10.1982 Tugʻilgan joyi: Surxondaryo viloyati, Termiz shahri Millati: oʻzbek Partiyaviyligi: yoʻq Pasport seriyasi, raqami, uni bergan organ va berilgan vaqti: AA 0445566, 27.11.2012 Toshkent shahar, Shayhontoxur tumani IIB Maʼlumoti: oliy Tamomlagan: 2015-y. Oʻzbekiston Milliy universiteti (kunduzgi) 2017-y. Toshkent davlat yuridik universiteti (magistratura) Oliy maʼlumot toʻgʻrisida diplom haqidagi maʼlumotlar (diplom seriyasi, raqami, berilgan vaqti va oliy taʼlim muassasasining nomi: B № 050898, 11.06.2015, Oʻzbekiston Milliy universiteti Ilmiy darajasi: yoʻq Ilmiy unvoni: yoʻq Qaysi chet tillarini biladi: rus va ingliz tillari Harbiy (maxsus) unvoni: 2-darajali yurist Davlat mukofotlari bilan taqdirlanganmi (qanaqa): yoʻq Xalq deputatlari, respublika, viloyat, shahar va tuman Kengashi deputatimi yoki boshqa saylanadigan organlarning aʼzosimi (toʻliq koʻrsatilishi lozim): yoʻq MEHNAT FAOLIYATI 2011-2015-yy. - Oʻzbekiston Milliy universitetining talabasi 2015-2017-yy. 04.09.2015-y 22.05.2017-y - Toshkent davlat yuridik universitetining magistranti Toshkent davlat yuridik universitetining kotib ish yurituvchisi 22.05.2017-y 29.03.2018-y - Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Ishlar boshqarmasi bosh mutaxassisi 29.03.2018-y 14.04.2018-y - Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Yuridik departamenti katta yuriskonsulti 14.04.2018-y 10.07.2020-y - Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi bosh yuriskonsulti 10.07.2020-y 05.10.2021-y - Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmitasi Yuridik byuro boshligʻi 05.10.2021 — h.v. - Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bosh yuriskonsulti”
