Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasining 2021-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi axboroti haqida (1819-IV-son)
08.02.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasining (bundan buyon matnda Qoʻmita deb yuritiladi) 2021-yildagi faoliyati yuzasidan axborotini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi taʼkidlaydiki, mamlakatda fan, taʼlim, madaniyat va sport sohalarini rivojlantirishning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlashga qaratilgan qonun loyihalarini takomillashtirish, ijtimoiy-siyosiy hayotning muhim masalalari yuzasidan taʼsirchan parlament va deputat nazoratini amalga oshirishga hisobot davrida Qoʻmita tomonidan alohida eʼtibor qaratilgan.
Oʻtgan davr mobaynida Qoʻmita intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza qilishni yanada takomillashtirish, muzeylar, moddiy madaniy meros obyektlarini asrab-avaylash, davlat tilini rivojlantirish, madaniyat va sanʼat xodimlari kunini belgilashga xizmat qiladigan 7 ta qonun loyihasiga masʼul boʻlib, ularning barchasi qabul qilingan.
Qoʻmita davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari tomonidan qonunlarning, Qonunchilik palatasi qarorlarining ijro etilishi holatini, huquqni qoʻllash amaliyotini joylarga chiqib oʻrganish, mazkur oʻrganishlar yakunlari boʻyicha davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlarining axborotini eshitib borishga ustuvor vazifalardan biri sifatida qaragan. Jumladan, hisobot davrida mansabdor shaxslarning tegishli masalalarga oid axboroti 8-marta eshitilgan.
Xususan, 2021-yil 20-oktabrda Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari B. Onorboyevning “2030-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim tizimini rivojlantirish Konsepsiyasining ijro etilishi holati toʻgʻrisida”gi axborotini eshitish davomida mamlakatimizda maktabgacha taʼlim tizimini yanada isloh qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha muhokama qilingan.
Oʻtgan davrda Qoʻmita tomonidan “Ilm-fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining ijro etilish holatini Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Qashqadaryo viloyati misolida oʻrganish yuzasidan 2-marta nazorat-tahlil tadbiri tashkil etilgan. Ushbu oʻrganishlar yakunlari Qoʻmita yigʻilishlarida sohaning mutasaddi rahbarlari ishtirokida koʻrib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilingan.
Qoʻmita tomonidan qonun loyihalarini maromiga yetkazish va takomillashtirish, jamoatchilik oʻrtasida muhokama qilish maqsadida 37-marta ishchi guruh yigʻilishi oʻtkazilgan.
Qoʻmita joylarda olib borilayotgan oʻrganishlar, saylovchilar bilan uchrashuvlarda koʻtarilgan masalalarni hamda aniqlangan muammolarni parlament darajasiga olib chiqqan holda, hal etish choralarini koʻrishga alohida eʼtibor qaratgan. Xususan, Qoʻmita tashabbusi bilan hisobot davrining 2-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida oʻtkazilgan “hukumat soati”ga talabalarni turar joylar bilan taʼminlash masalasi kiritilgan. Ushbu tadbirda oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining “Oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarni turar joylar bilan taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar” yuzasidan deputatlarning savollariga javoblari eshitilgan.
Hisobot davrida Qoʻmita tomonidan qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, qonun loyihalarining mazmun-mohiyatini jamoatchilikka yetkazish, fan, taʼlim, madaniyat va sport sohalaridagi mavjud muammolarni tahlil qilish hamda ularni bartaraf etish boʻyicha tegishli takliflar ishlab chiqishga bagʻishlab, 14 ta davra suhbati, 9 ta seminar hamda 3 ta konferensiya tashkil etilgan.
Qoʻmita tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashga alohida eʼtibor berilgan. Hisobot davrida Qoʻmita aʼzolari nomiga kelgan jami 917 ta murojaat “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq belgilangan tartibda koʻrib chiqilgan.
Qoʻmitaning qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil faoliyati va saylovchilar bilan uchrashuvlari ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan ijtimoiy tarmoqlarda jami 789-marta yoritilgan.
Hisobot yilida Qoʻmita tomonidan amalga oshirilgan ishlar tahlili uning faoliyatida ayrim jihatlarga eʼtiborni yanada kuchaytirish lozimligini koʻrsatadi.
Xususan, deputatlarning hududlarda muhim masalalar yuzasidan olib borayotgan oʻrganishlari yakunlari, aholi bilan toʻgʻridan toʻgʻri muloqotlari hamda saylov okruglaridagi faoliyati davomida saylovchilar koʻtarayotgan dolzarb masalalarga parlament nazoratining taʼsirchan shakllaridan foydalangan holda yechim topish, asoslantirilgan tushuntirish berish talabi bilan mansabdor shaxslarga Qoʻmita tomonidan parlament soʻrovlari yuborish muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda Qoʻmita tomonidan parlament nazorati tadbirlari yakunlari boʻyicha qabul qilingan qarorlarning ijrosini doimiy ravishda monitoring qilib borish masalasiga eʼtiborni kuchaytirish lozim.
Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasining 2021-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi axborot maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi:
fan, taʼlim sohalarini tubdan isloh qilish, madaniyatni rivojlantirish, shuningdek sportni ommalashtirish hamda targʻib etish borasidagi vazifalar ijrosi yuzasidan nazorat-tahlil tadbirlarini kuchaytirish;
qonun loyihalarini ishlab chiqish va maromiga yetkazishda, nazorat-tahlil tadbirlarini oʻtkazishda doimiy ravishda keng jamoatchilikni, soha mutaxassislarini va ekspertlarni jalb etish;
jismoniy va yuridik shaxslarning Qoʻmitaga yuborgan murojaatlarida koʻtarilayotgan dolzarb muammolarni har tomonlama tahlil qilish, ularning yuzaga kelish sabablarini oʻrganish, koʻtarilgan masalalarga yechim topish borasida tegishli davlat organlari tomonidan koʻrilayotgan choralar ustidan taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirish;
qabul qilingan qonun hujjatlarining ijro etilish holatining doimiy monitoringini yuritish va uning natijalarini Qoʻmitada muhokama qilib borish;
Qoʻmita faoliyatini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish, shuningdek Qoʻmita tomonidan koʻrib chiqilayotgan qonun loyihalari va oʻtkazilayotgan nazorat-tahlil tadbirlarining mazmun-mohiyatini doimiy ravishda jamoatchilikka yetkazish choralarini koʻrsin.
3. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari U. Inoyatov zimmasiga yuklatilsin.
4. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari A. SAIDOV
Toshkent sh.,
2022-yil 8-fevral,
1819-IV-son
