Oʻzbekiston Respublikasida parranda goʻshti yetishtirishni yanada koʻpaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (220-son)
06.05.1999
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
[Koʻchirma]
Qishloq xoʻjaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning 2000-yilgacha moʻljallangan Dasturiga muvofiq va parranda goʻshti yetishtirishni yanada koʻpaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi, “Oʻzparrandasanoat” uyushmasining “Doʻstlik” aksiyadorlik jamiyatida “Virtex” qoʻshma korxonasi kompaniyalari guruhi hamda “Chinoz omixta yem zavodi” aksiyadorlik jamiyati ishtirokida parranda goʻshti yetishtirishni koʻpaytirish toʻgʻrisidagi taklifi ilovaga muvofiq qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzbaliq” aksiyadorlik kompaniyasi “Virtex” qoʻshma korxonasi kompaniyalari guruhiga:
“Doʻstlik” aksiyadorlik jamiyati aksiyalarining erkin sotishga va xorijiy investorlarga sotish uchun moʻljallangan ulushini, shuningdek aksiyalarning davlatga tegishli paketini nominal qiymati boʻyicha;
“Chinoz omixta yem zavodi” aksiyadorlik jamiyati aksiyalarining erkin sotishga va xorijiy investorlarga sotish uchun moʻljallangan ulushini nominal qiymati boʻyicha sotish chora-tadbirlarini amalga oshirsinlar.
Belgilansinki, “Chinoz omixta yem zavodi” aksiyadorlik jamiyati birinchi navbatda, shartnomaviy asosda baliqchilik tarmogʻi baliqchilik va baliq ovlash korxonalarining baliq omixta yemiga boʻlgan ehtiyojini taʼminlaydi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi, “Oʻzparrandasanoat” uyushmasi va “Virtex” qoʻshma korxonasi kompaniyalari guruhi oʻrtasida Shartnoma imzolanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin, unga muvofiq:
“Virtex” qoʻshma korxonasi kompaniyalari guruhi aksiyalarning oldi-sotdi shartnomasi imzolangandan keyin bir oy mobaynida aksiyalarning sotib olinayotgan paketlari qiymatini milliy valyutada toʻlaydi;
“Virtex” qoʻshma korxonasi kompaniyalari guruhi korxonalarni texnika bilan qayta jihozlashga va yangi texnologiyalarni joriy qilishga ikki yil mobaynida kamida 1 milliard soʻm yoʻnaltiradi hamda parranda goʻshti yetishtirishni yiliga 5 ming tonnagacha yetkazadi;
“Virtex” qoʻshma korxonasi kompaniyalari guruhi korxonalar aksiyalarini nominal qiymati boʻyicha sotib olib, ularning qarz majburiyatlarini oʻz zimmasiga oladi;
“Virtex” qoʻshma korxonasi tomonidan sotib olingan aksiyalar paketi boshqaruviga beriladigan “Virtex-Agro” aksiyadorlik jamiyati “Virtex” qoʻshma korxonasi kompaniyalari guruhining mazkur loyiha boʻyicha vakili hisoblanadi;
Toshkent viloyati hokimligi tomonidan, “Virtex-Agro” aksiyadorlik jamiyatining takroriy ekishlar hisobga olingan holdagi hisob-kitoblariga muvofiq, ozuqa ekinlari oʻstirish uchun yerlar ajratiladi.
4. “Virtex-Agro” aksiyadorlik jamiyati amalga oshirilayotgan loyiha doirasida 2004-yilgacha:
import qilinayotgan yangi texnika va texnologiya asbob-uskunalari, nasl materiali, konsentratlar, premikslar va omixta yemga biologik qoʻshimchalar, veterinariya preparatlari va don ekinlari uchun boj toʻlovlaridan (bojxonada rasmiylashtiruvlar uchun yigʻimlardan tashqari);
foydaning mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini rekonstruksiya qilishga, yangilarini qurishga, asbob-uskunalar, yangi texnika va texnologiyalar sotib olishga yoʻnaltiriladigan qismi boʻyicha soliqlar va budjetga toʻlovlardan ozod qilinsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi “Virtex-Agro” aksiyadorlik jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan parranda goʻshti yetishtirishni koʻpaytirish boʻyicha loyihani Oʻzbekiston Respublikasining 1999-yilgi va keyingi yillar Investitsiya dasturiga kiritsin.
6. “Virtex-Agro” aksiyadorlik jamiyatiga:
aholi va fermyerlardan, don uchun uning yetkazib beruvchilarining bank muassasalaridagi shaxsiy schyotlariga mablagʻ oʻtkazgan holda, bugʻdoy va makkajoʻxori doni xarid qilishiga;
2004-yilgacha olingan tushumning hammasini parranda goʻshti va omixta yem yetishtirishni tashkil etish uchun zarur boʻlgan resurslarni xarid qilishga yoʻnaltirgan holda oʻzining tayyor mahsulotini eksport qilishiga ruxsat berilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi “Oʻzdonmahsulot” davlat korporatsiyasi bilan birgalikda ushbu loyiha doirasida import boʻyicha olinadigan nasl materiali, omixta yem, konsentratlar, premikslar va omixta yemga biologik qoʻshimchalarni, shuningdek don ekinlari uchun urugʻlikni jadal sertifikatsiyalashni nazarda tutuvchi qoidalarni ishlab chiqsin va oʻn kun muddatda tasdiqlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi, olinadigan tovarlar (bir sutkalik joʻjalar, ularni boqish uchun premikslar va konsentratlar)ning oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda, tovarlarni, joʻjalarning nobud boʻlishiga yoʻl qoʻymasdan, bojxona rasmiylashtiruvi uchun zarur boʻlgan hujjatlar keyinchalik taqdim etilgan holda, oʻz vaqtida oʻtkazib yuborilishini taʼminlasin.
9. “Oʻzbeksavdo” aksiyadorlik kompaniyasi “Virtex-Agro” aksiyadorlik jamiyati bilan parranda goʻshti va submahsulotlar yetkazib berish yuzasidan fyuchers shartnomalari tuzish masalalarini ishlab chiqsin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.M. Olimjonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 6-may,
220-son
Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 6-maydagi 220-son qaroriga ILOVA
“Doʻstlik” AJda parranda goʻshti yetishtirish
