14-modda. Xoʻjalik subyektlarini tashkil etish, qayta tashkil etish, tugatish ustidan davlat nazorati
Tovar bozorlarida monopolistik faoliyatni cheklash va raqobat toʻgʻrisida (355-I-son) · Sana: 27.12.1996 · Amalda
Monopoliyaga qarshi davlat organi quyidagilar ustidan nazoratni amalga oshiradi:
yuridik shaxslar birlashmalarini tashkil etish, qoʻshib yuborish va birlashtirish;
xoʻjalik yurituvchi subyektlarni qoʻshib yuborish va birlashtirish, moliya-sanoat guruhlari, xolding kompaniyalari tashkil etish;
korxonalarni tugatish va boʻlish ustidan, agar bu bozorda ustun mavqeni egallab turgan xoʻjalik yurituvchi subyektning paydo boʻlishiga olib keladigan boʻlsa, tugatish sudning qonuniy kuchga kirgan qaroriga muvofiq amalga oshirilgan hollar bundan mustasno.
Ushbu modda birinchi qismining uchinchi va toʻrtinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hollarda xoʻjalik subyektlarini qoʻshib yuborish, birlashtirish va tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan shaxslar yoki organlar monopoliyaga qarshi davlat organiga quyidagilarni taqdim etadilar:
xoʻjalik yurituvchi subyektlarni tashkil etish, qayta tashkil etish, tugatishga rozilik berish toʻgʻrisidagi iltimosnoma;
birlashayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlardan har birining asosiy faoliyat turlari, ularning tegishli tovar bozoridagi ulushi va birlashmaga kirishga roziligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
Monopoliyaga qarshi davlat organi qaror chiqarish uchun zarur boʻlgan boshqa axborotlarni ham soʻrab olishga haqlidir. Koʻrsatib oʻtilgan maʼlumotlarni taqdim etish xususiyati va shakllariga qoʻyiladigan talablar monopoliyaga qarshi davlat organi tomonidan tasdiqlanadigan qoidalarda belgilanadi.
Monopoliyaga qarshi davlat organi zarur hujjatlarni olgan vaqtdan boshlab oʻttiz kundan kechiktirmay arizachiga qabul qilingan qaror haqida yozma ravishda maʼlum qiladi.
Agar iltimosnomaning qondirilishi tegishli xoʻjalik yurituvchi subyektning ustun mavqeyi yuzaga kelishi yoki kuchayishiga va (yoki) raqobatni cheklashga olib kelishi mumkin boʻlsa, agar taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqish chogʻida ularda bayon etilgan va qaror qabul qilish uchun ahamiyatga ega boʻlgan axborot ishonchsiz boʻlsa, monopoliyaga qarshi davlat organi iltimosnomani rad etishga haqlidir.
Monopoliyaga qarshi davlat organi iltimosnomani qondirishni raqobatni taʼminlashga qaratilgan talablarni bajarishga bogʻliq qilib qoʻyishga haqlidir. Bunda mazkur talablar, shuningdek ularni bajarish muddatlari monopoliyaga qarshi davlat organining ushbu modda birinchi qismining uchinchi va toʻrtinchi xatboshilarida nazarda tutilgan harakatlarni amalga oshirish uchun rozilik berishi toʻgʻrisidagi qarorida aks etmogʻi lozim.
