Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasining 2021-yildagi faoliyati toʻgʻrisida (1829-IV-son)
14.02.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasining (bundan buyon matnda Qoʻmita deb yuritiladi) 2021-yildagi faoliyati yuzasidan axborotini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi taʼkidlaydiki, hisobot davrida Qoʻmita tomonidan qonun ijodkorligi faoliyati samaradorligini oshirishga, qonun loyihalarini tayyorlashda xalqaro tajribadan unumli foydalanishga, shuningdek mamlakatimizdagi fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning muhim masalalari yuzasidan taʼsirchan parlament nazoratini oʻrnatishga eʼtibor qaratilgan.
Oʻtgan davrda Qoʻmitaning qonun ijodkorligi yoʻnalishidagi faoliyati koʻlami yanada kengaygan. Qoʻmita 2021-yilda 10 ta qonun loyihasiga masʼul boʻlib, shundan 9 ta qonun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) tomonidan qabul qilingan.
Qonun loyihalari hamda inson huquqlari masalalariga oid qarorlar loyihalarini koʻrib chiqish va maromiga yetkazish maqsadida 45-marta ishchi guruh yigʻilishi oʻtkazilgan.
Hisobot davrida Qoʻmita tomonidan “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) toʻgʻrisida”gi, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish haqida”gi qonun loyihalari ishlab chiqilgan.
Qoʻmita masʼulligida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari Kengashlarining “Aholining elektoral madaniyatini yuksaltirish boʻyicha Milliy harakatlar dasturi toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan uning kotibiyati faoliyatini yanada kuchaytirish toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllash holatlarini aniqlash va ularning oldini olishga doir faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qoʻshma qarorlari tayyorlandi va tasdiqlandi.
Qonunlar va qonunosti hujjatlarning ijro etilish holatini oʻrganish, davlat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlarining axborotini eshitish, Qonunchilik palatasi va Qoʻmita qarorlari ijrosini oʻrganish boʻyicha Qoʻmita tomonidan 24 ta nazorat-tahlil tadbiri oʻtkazilgan.
2021-yilda Qoʻmita aʼzolari jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan 514 ta murojaatni belgilangan tartibda koʻrib chiqqan, 134 ta murojaatda qayd etilgan masalalar ijobiy hal qilingan. Qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan kelib tushgan takliflar alohida oʻrganilgan. Takliflari asosli deb topilgan 18 nafar fuqaroga Qoʻmita tomonidan minnatdorlik xatlari yuborilgan hamda ular asosida 6 ta qonun hujjatiga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilgan.
Qoʻmita faoliyati haqida keng jamoatchilikni oʻz vaqtida xabardor qilish, nazorat-tahlil tadbirlari yakunlari va Qoʻmita masʼulligida koʻrib chiqilayotgan qonun loyihalarining mazmun-mohiyatini aholiga muntazam ravishda tushuntirib borish boʻyicha 53 ta tadbir, shu jumladan, 27 ta davra suhbati, 16 ta seminar hamda 10 ta konferensiya tashkil etilgan.
Hisobot davrida Qoʻmita aʼzolari tomonidan ommaviy axborot vositalarida jami 740 marotaba chiqishlar qilingan hamda qonun ijodkorligi va Qoʻmita faoliyatiga oid materiallarning muntazam yoritib borilishi taʼminlangan.
Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari Qoʻmitasining 2021-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi:
qonun loyihalarini ishlab chiqish va Qoʻmita masʼulligida boʻlgan qonun loyihalarini maromiga yetkazishda keng jamoatchilikning takliflari va fikr-mulohazalarini hisobga olish, nazorat-tahlil tadbirlariga soha mutaxassislarini va ekspertlarni jalb etish;
fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini tartibga soluvchi qonunlarning ijro etilishi hamda 2021 — 2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasining amalga oshirilishi yuzasidan davlat organlari va xoʻjalik boshqaruv organlari rahbarlarining axborotini eshitib borish amaliyotini davom ettirish;
jismoniy va yuridik shaxslarning Qoʻmita nomiga yuborilgan murojaatlarida koʻtarilayotgan dolzarb muammolarni har tomonlama tahlil qilish, ularning yuzaga kelish sabablarini oʻrganish, koʻtarilgan masalalarga toʻliq yechim topish borasida mutasaddi vazirliklar, davlat qoʻmitalari hamda idoralar tomonidan koʻrilayotgan choralar ustidan taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirish choralarini koʻrsin.
3. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari A. Saidov zimmasiga yuklatilsin.
4. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari U. INOYATOV
Toshkent sh.,
2022-yil 14-fevral,
1829-IV-son
