Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari institutining 2021-yildagi faoliyati toʻgʻrisida (1811-IV-son)
07.02.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari institutining 2021-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari institutiga:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalariga qonun loyihalarini tayyorlash, maromiga yetkazish hamda nazorat-tahlil tadbirlarini amalga oshirishda amaliy koʻmak koʻrsatish;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi qoʻmitalari va deputatlarining buyurtmalari boʻyicha ularga qonunchilikning, huquqni qoʻllash amaliyotining dolzarb masalalari boʻyicha ilmiy, axborot-tahliliy materiallarni tayyorlash, qonun loyihalarini ishlab chiqishda yordam berish;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarining saylov okruglaridagi faoliyatini samarali tashkil etishga koʻmaklashish hamda ularning saylov okruglaridagi faoliyatini ilmiy, axborot-tahliliy jihatdan taʼminlash;
dissertatsiya ilmiy natijalari amaliyotga joriy etilganligi toʻgʻrisidagi dalolatnomani berish tartibi loyihasini ishlab chiqish borasidagi ishlarni yakuniga yetkazish;
qabul qilingan qonunlarning amaldagi taʼsirini hududlarga chiqqan holda, huquqni qoʻllash amaliyotidan kelib chiqib oʻrganish choralarini koʻrish;
Institut xodimlarini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalariga biriktirish tavsiya etilsin.
3. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari A. Saidov zimmasiga yuklatilsin.
4. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2022-yil 7-fevral,
1811-IV-son
