Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi boʻyicha anonim murojaat qilgan shaxslarning shaxsiga doir maʼlumotlarni maxsus belgilar asosida qayd etish orqali tadqiqotlarni oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3353-son)
15.03.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2022-yil 15-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3353]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 10-yanvardagi 11-son “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi faoliyatini yanada takomillashtirish hamda sud ekspertizasi sohasida ekspertlik ishlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi boʻyicha anonim murojaat qilgan shaxslarning shaxsiga doir maʼlumotlarni maxsus belgilar asosida qayd etish orqali tadqiqotlarni oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir R. DAVLETOV
Toshkent sh.,
2022-yil 14-mart,
6-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 14-martdagi 6-mh-son buyrugʻiga ILOVA
Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi boʻyicha anonim murojaat qilgan shaxslarning shaxsiga doir maʼlumotlarni maxsus belgilar asosida qayd etish orqali tadqiqotlarni oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi boʻyicha anonim murojaat qilgan shaxslarning (bundan buyon matnda buyurtmachi deb yuritiladi) shaxsiga doir maʼlumotlarni maxsus belgilar asosida qayd etish orqali tadqiqotlarni oʻtkazish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
mutaxassis fikri — jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari asosida amalga oshiriladigan tadqiqotlar natijasi yuzasidan mutaxassisning (sud ekspertining) hujjat koʻrinishida rasmiylashtiriladigan fikri;
tadqiqot namunalari — oʻzida genetik maʼlumotlarni saqlaydigan odamning biologik materiallari (qon, soʻlak namunalari, soch tolasi ildiz qismi bilan, tirnoq qismlari, suyak, tish, mushak, sperma, epiteliy, homila va boshqalar);
anketa — odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi boʻyicha anonim tarzda murojaat qilgan buyurtmachi tomonidan toʻldiriladigan hujjat shakli.
2. Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi boʻyicha anonim murojaat qilgan shaxslarning shaxsiga doir maʼlumotlarni maxsus belgilar asosida qayd etish orqali tadqiqotlarni oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi va uning hududiy boʻlimlari (bundan buyon matnda Sud ekspertizasi markazi deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.
3. Sud ekspertizasi markazi tomonidan buyurtmachilarning murojaatlari asosida odam DNKsi sud-biologik ekspertizasiga (birinchi, ikkinchi va uchinchi darajali qarindoshlikni, yadro DNKsi boʻyicha genotipni, Y-xromosoma boʻyicha gaplogruppani aniqlash) oid tadqiqotlar amalga oshiriladi.
4. Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasiga oid tadqiqot (bundan buyon matnda tadqiqot deb yuritiladi) natijalari boʻyicha rasmiylashtirilgan mutaxassis fikri tavsiyaviy xarakterga ega boʻlib, huquqiy oqibatlar keltirib chiqarmaydi.
2-bob. Murojaatlarni qayd etish va tadqiqot namunalarini taqdim etish
5. Sud ekspertizasi markazi xizmatidan foydalanish uchun buyurtmachi oʻz xohishiga koʻra shaxsan oʻzi kelgan holda yoki masofadan turib Sud ekspertizasi markazi veb-saytidagi maxsus platformada (bundan buyon matnda maxsus platforma deb yuritiladi) roʻyxatdan oʻtadi.
Buyurtmachi maxsus platformada roʻyxatdan oʻtish davomida mazkur Nizomning ilovasiga muvofiq shakldagi anketani toʻldiradi.
6. Anketani toʻldirish jarayonida buyurtmachilardan shaxsiga doir maʼlumotlarini kiritish talab etilmaydi. Bunda, buyurtmachilarning anketasi alohida tartib raqam bilan roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Buyurtmachi tomonidan anketa toʻldirilgandan soʻng, unga anketa raqami hamda murojaatning (anketa) holatini bilish, toʻlovni amalga oshirganligi toʻgʻrisida toʻlov varaqasini (kvitansiya) ilova qilish va mutaxassis fikrini olishi uchun maxsus belgilardan iborat boʻlgan holatni tekshirish kodi beriladi.
7. Anketani toʻldirish jarayonida tanlangan tadqiqot yoʻnalishi, namunalar turi va sonidan kelib chiqib tadqiqotlar uchun toʻlanadigan toʻlov summasi maxsus platformada avtomatik ravishda hisoblanadi.
Buyurtmachi tomonidan maxsus platformada koʻrsatilgan miqdordagi toʻlovlar anketaga berilgan tartib raqam koʻrsatilgan holda elektron shaklda yoki bank orqali amalga oshiriladi hamda toʻlovning amalga oshirilganligini tasdiqlovchi kvitansiya (elektron toʻlov tizimlari orqali toʻlanganda kvitansiya majburiy emas) maxsus platformadagi anketaga ilova qilinadi.
8. Buyurtmachining xohishiga koʻra tadqiqot namunalarini Sud ekspertizasi markaziga taqdim etish uchun zarur boʻlgan maxsus toʻplamlar (nuklein kartalar, zondlar va boshqalar) buyurtmachi tomonidan koʻrsatilgan pochta manziliga yuborilishi yoki bevosita Sud ekspertizasi markaziga tashrif buyurgan holda olinishi mumkin.
Tadqiqot namunalari boshqa tashuvchi vositalarda ham taqdim etilishi mumkin.
9. Buyurtmachi tomonidan toʻlovlar amalga oshirilganidan soʻng tadqiqot namunalari Sud ekspertizasi markaziga anketa raqamini koʻrsatgan holda pochta aloqasi tarmogʻi orqali yuborilishi, bevosita tashrif buyurgan holda taqdim etilishi yoki Sud ekspertizasi markazi mutaxassisi (sud eksperti) ishtirokida olinishi mumkin.
Bunda, Sud ekspertizasi markaziga yuboriladigan yoki bevosita topshiriladigan namunalarning har biriga maxsus platformada avtomatik tarzda generatsiya qilingan shifr raqami qoʻyiladi.
10. Sud ekspertizasi markazi mutaxassisi (sud eksperti) ishtirokida olinmagan tadqiqot namunalarining sifati (yaroqliligi) uchun buyurtmachi masʼul hisoblanadi.
Tadqiqotlar oʻtkazish jarayonida Sud ekspertizasi markazi mutaxassisi (sud eksperti) ishtirokida olinmagan tadqiqot namunalarining sifatsiz (yaroqsiz) ekanligi aniqlanganda, amalga oshirilgan toʻlov buyurtmachiga qaytarib berilmaydi.
3-bob. Tadqiqotlarni oʻtkazish, mutaxassis fikrini rasmiylashtirish va shikoyatlarni koʻrib chiqish
11. Sud ekspertizasi markaziga yuborilgan yoki bevosita topshirilgan tadqiqot namunalarining toʻliqligi, shifrlanganligi hamda qadoqlash tartibiga rioya etilgan holda taqdim etilganligi masʼul xodim tomonidan tekshirib olinadi. Tadqiqot namunalarini qabul qilib olish davomida ularda bartaraf etib boʻlmaydigan kamchiliklar aniqlanganida roʻyxatdan oʻtkazilmasdan buyurtmachiga qaytariladi.
Bunda, tadqiqot namunalari buyurtmachi tomonidan Sud ekspertizasi markaziga bevosita tashrif buyurgan holda taqdim etilganda, tegishli tushuntirishlar berilgan holda qabul qilish rad etiladi. Agar tadqiqot namunalari pochta aloqasi tarmogʻi orqali kelib tushgan boʻlsa, darhol koʻrsatilgan pochta manziliga kamchiliklari koʻrsatilgan dalolatnomani ilova qilgan holda qaytarib yuboriladi.
Mazkur band talablariga muvofiq boʻlgan tadqiqot namunalari roʻyxatga olinadi va laboratoriyaga yoʻnaltiriladi.
12. Buyurtmachi oʻz murojaatini roʻyxatga olingan kundan boshlab uch ish kuni ichida koʻrib chiqishni tugatish toʻgʻrisida maxsus platforma orqali iltimosnoma kiritishi mumkin. Bunda, tadqiqotlar Sud ekspertizasi markazi mutaxassislari (sud ekspertlari) tomonidan uch ish kuni oʻtgandan soʻng boshlanadi.
Kelib tushgan iltimosnomaga asosan Sud ekspertizasi markazi besh ish kuni ichida buyurtmachi tomonidan amalga oshirilgan toʻlovlarning qaytarilishini taʼminlashi lozim.
Tadqiqotlar boshlangan va reagentlar sarf etilgandan soʻng amalga oshirilgan toʻlov buyurtmachiga qaytarilmaydi.
13. Tadqiqot namunalari boʻyicha mutaxassis (sud eksperti) fikrini berish muddati uning murakkablik darajasi va oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda oʻttiz kungacha etib belgilanadi.
14. Mutaxassis (sud eksperti) tadqiqot natijasi boʻyicha anketa raqamini koʻrsatgan holda mutaxassis fikrini rasmiylashtiradi va elektron raqamli imzo bilan tasdiqlaydi.
15. Rasmiylashtirilgan mutaxassis fikri buyurtmachi tomonidan Sud ekspertizasi markaziga bevosita tashrif buyurgan holda yoki maxsus platformaga anketa raqami hamda holatni tekshirish kodini kiritish orqali olinishi mumkin.
16. Sud ekspertizasi markazi mutaxassisi (sud eksperti) oʻtkazilgan tadqiqot jarayonida aniqlangan maʼlumotlarni uchinchi shaxslarga oshkor qilishi mumkin emas.
17. Buyurtmachi Sud ekspertizasi markazi mutaxassislari (ekspertlari) tomonidan mazkur Nizom talablariga rioya qilinmaganligi holatlari yuzasidan shikoyat berish huquqiga ega.
Bunda, buyurtmachi maxsus platformadagi anonim murojaatlarni qabul qilish boʻlimi orqali shikoyat qiladi.
18. Buyurtmachining shikoyati kelib tushgan kundan eʼtiboran oʻn besh kun ichida koʻrib chiqiladi hamda koʻrib chiqish natijasi yuzasidan maxsus platforma orqali asoslantirilgan javob taqdim etiladi.
19. Buyurtmachi Sud ekspertizasi markazi mutaxassislarining (ekspertlarining) harakati (harakatsizligi) boʻyicha belgilangan tartibda yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilishi mumkin.
4-bob. Yakuniy qoidalar
20. Tadqiqot oʻtkazish jarayonida foydalanilgan tadqiqot namunalari buyurtmachining xohishiga koʻra unga qaytarib beriladi.
Tadqiqot namunalari buyurtmachi tomonidan qaytarib olinmaganda, Sud ekspertizasi markazida bir yil davomida saqlanadi.
21. Saqlash muddati tugagan tadqiqot namunalari Sud ekspertizasi markazi mutaxassisi (sud eksperti) ishtirokida yoqib yuborish yoki maxsus kimyoviy moddalarni qoʻllash orqali yoʻq qilinadi.
Sud ekspertizasi markazi mutaxassislari (ekspertlari) tomonidan tadqiqotlar uchun taqdim qilingan namunalarni yoʻq qilish haqida dalolatnoma rasmiylashtiriladi.
22. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi boʻyicha anonim murojaat qilgan shaxslarning shaxsiga doir maʼlumotlarni maxsus belgilar asosida qayd etish orqali tadqiqotlarni oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi boʻyicha anonim tarzda tadqiqot oʻtkazish
ANKETASI
Tadqiqot yoʻnalishini tanlang
1. Biologik otalik faktini aniqlash
Namuna(lar) taqdim qiluvchilar 󠄒 Ota (A) 󠄒 Ona (B) 󠄒 bola (C) Namunalar turi va soni
2. Biologik onalik faktini aniqlash
Namuna(lar) taqdim qiluvchilar 󠄒 Ota (A) 󠄒 Ona (B) 󠄒 bola (C) Namunalar turi va soni
3. Biologik ota-onalik faktini aniqlash
Namuna(lar) taqdim qiluvchilar 󠄒 Ota (A) 󠄒 Ona (B) 󠄒 bola (C) Namunalar turi va soni
4. Biologik aka-uka, opa-singillik faktini aniqlash
Namuna(lar) taqdim qiluvchilar 󠄒 aka (D) 󠄒 uka (E) 󠄒 opa (F) 󠄒 singil (G) Namunalar turi va soni
5. Biologik bobo-buvilik faktini aniqlash
Namuna(lar) taqdim qiluvchilar 󠄒 bobo (N) — otaning otasi 󠄒 bobo (I)– onaning otasi 󠄒 buvi (J) — otaning onasi 󠄒 buvi (K) — onaning onasi 󠄒 nevara (L) Namunalar turi va soni
6. Amaki, amma, togʻa, xolaning jiyanga nisbatan qarindoshlik faktini aniqlash
Namuna(lar) taqdim qiluvchilar 󠄒 amaki (M) 󠄒 amma (N) 󠄒 togʻa (O) 󠄒 xola (P) 󠄒 jiyan (Q) Namunalar turi va soni
7. Ota shajarasi boʻyicha biologik qarindoshlik faktini aniqlash (Y-xromosoma tadqiqoti)
Namuna(lar) taqdim qiluvchilar 󠄒 bobo — otaning otasi (N) 󠄒 amaki — otaning aka-ukasi (R) 󠄒 amakining oʻgʻil farzandi (S) 󠄒 ota (A) 󠄒 aka (D) 󠄒 uka (E) 󠄒 oʻgʻil (T) Namunalar turi va soni
8. Y-xromosoma boʻyicha gaplogruppani aniqlash
Namuna taqdim qiluvchi shaxs (U) Namunalar turi va soni
9. Yadro DNKsi boʻyicha genotipni aniqlash
Namuna taqdim qiluvchi shaxs (U) Namunalar turi va soni
Taqdim qilinadigan biologik materiallarga beriladigan belgi — harflarda
A — nomaʼlum biologik materialdan surtma; N — tish; V — qon; I — mushak; S — bukkal epiteliy (soʻlak namunalari); J — ter-yogʻ ajratmasi; D — soch tolasi; K — sperma; E — tirnoq qismlari; L — epiteliy (ajratmalar); F — suyak; M — homila G — togʻay; O — odam tanasi bilan bevosita aloqada boʻlgan buyumlar (tish choʻtkasi, taroq, soʻrgʻich va boshqalar)
󠄒 Sud ekspertizasi markazi mutaxassisi (sud eksperti) tomonidan tadqiqot namunalari olinadi.
󠄒 Buyurtmachi tomonidan tadqiqot namunalari taqdim etiladi.
󠄒 Buyurtmachi tomonidan taqdim etilgan tadqiqot namunalarining sifati (yaroqliligi) uchun buyurtmachi shaxsan javobgar hisoblanishi va ularning sifatsiz (yaroqsiz) ekanligi tadqiqot oʻtkazish jarayonida aniqlanganda toʻlov qaytarib berilmasligi haqida ogohlantirildim.
󠄒 Tadqiqotlar uchun taqdim qilinadigan namunalarni olish uchun zarur maxsus toʻplamni (nuklein karta, zond va boshqalar) namuna olish tartibi bilan birga Sud ekspertizasi markazidan qabul qilib olaman.
󠄒 Tadqiqotlar uchun taqdim qilinadigan namunalarni olish uchun zarur maxsus toʻplamlarni (nuklein karta, zond va boshqalar) namuna olish tartibi bilan birga _______________________________________________________________ manziliga yuborilishini xohlayman.
󠄒 Tadqiqotlar uchun taqdim qilingan namunalarni ______________________________________________________________ manziliga yuborilishini xohlayman.
󠄒 Tadqiqotlar uchun taqdim qilingan namunalarni belgilangan tartibda yoʻq qilinishiga roziman.
