“111-modda. Tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha aktivlarning repatriatsiya qilinishini taʼminlamaganlik uchun javobgarlik — Soliq maʼmuriyatchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-758-son)
“111-modda. Tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha aktivlarning repatriatsiya qilinishini taʼminlamaganlik uchun javobgarlik
Soliq maʼmuriyatchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-758-son) · Sana: 11.03.2022 · Amalda
Norezidentga toʻlov yoki eksport amalga oshirilgan sanadan eʼtiboran bir yuz sakson kun oʻtganidan keyin koʻpi bilan qirq besh kunda (kichik tadbirkorlik subyektlari uchun toʻqson kunda) tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha aktivlarni repatriatsiya qilishni taʼminlamagan rezidentlar respublika budjeti daromadiga:
aktivlarni repatriatsiya qilish norezidentga toʻlov yoki eksport amalga oshirilgan sanadan eʼtiboran uch yuz oltmish kungacha kechikkanda — repatriatsiya qilinmagan aktivlar summasining 5 foiziga teng miqdorda;
aktivlarni repatriatsiya qilish norezidentga toʻlov yoki eksport amalga oshirilgan sanadan eʼtiboran uch yuz oltmish kundan besh yuz qirq besh kungacha kechikkanda — repatriatsiya qilinmagan aktivlar summasining 10 foiziga teng miqdorda qoʻshimcha ravishda;
aktivlarni repatriatsiya qilish norezidentga toʻlov yoki eksport amalga oshirilgan sanadan eʼtiboran besh yuz qirq besh kun va undan ortiq muddatga kechikkanda — repatriatsiya qilinmagan aktivlar summasining 35 foiziga teng miqdorda qoʻshimcha ravishda jarima toʻlaydi.
Engib boʻlmas kuch taʼsiri yuzaga kelganda aktivlarni repatriatsiya qilish muddati yengib boʻlmas kuchning taʼsir muddatiga uzaytiriladi. Engib boʻlmas kuch taʼsiri holatlari yuz berganligi ushbu hodisa oʻzida sodir boʻlgan davlatning qonunchiligiga muvofiq vakolatli organ tomonidan tasdiqlanadi.
Eksportga oid kontraktning sugʻurta polisi boʻyicha sugʻurta tovoni summasi rezidentlarning hisobvaragʻiga kelib tushganda (milliy va (yoki) xorijiy valyutalarda) jarima qoʻllash maqsadida mazkur eksportga oid kontrakt boʻyicha debitor qarzdorlik summasi kelib tushgan sugʻurta tovoni summasiga kamaytiriladi.
Tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha aktivlarning repatriatsiya qilinishini taʼminlamaganlik uchun jarimalar quyidagi hollarda qoʻllanilmaydi:
asbob-uskunalarni va (yoki) butlovchi qismlarni yetkazib berish muddatlari ularning texnik tavsiflariga hamda oʻziga xos xususiyatiga qarab bir yuz sakson kundan ortiq etib belgilangan importga oid kontraktlar boʻyicha yetkazib berish muddati davrida;
transportda tashish yoki saqlash chogʻida taraflarga bogʻliq boʻlmagan sabablarga koʻra yaroqsiz holatga kelgan tovarlar davlat organlari tomonidan yoʻq qilinganligini yoxud musodara qilinganligini tasdiqlovchi vakolatli organ tomonidan berilgan hujjat taqdim etilgan taqdirda;
agar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq amalga oshiriladigan loyihalar doirasida tuzilgan importga oid kontraktlarda yoki mahsulot taqsimoti toʻgʻrisidagi bitimlarni amalga oshirish doirasida boshqaruvchi qoʻmita tomonidan tasdiqlangan importga oid kontraktlarda belgilangan muddatlar buzilmagan boʻlsa;
agar eksport operatsiyalari boʻyicha muddati oʻtkazib yuborilgan debitor qarzdorlikning umumiy summasi muddati oʻtkazib yuborilgan debitor qarzdorlik yuzaga kelgan sanadan oldingi oʻttiz olti oy ichida taʼminlangan valyuta tushumining 10 foizidan ortiq boʻlmasa;
jarima qoʻllash toʻgʻrisidagi ish boʻyicha sud tomonidan hal qiluv qarori chiqarilguniga qadar ushbu Qonun talablariga muvofiq repatriatsiya qilingan aktivlar summasiga nisbatan.
Jarima toʻqson kunlik muddat ichida tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha repatriatsiya qilingan aktivlar summasiga mutanosib ravishda oʻn kunlik muddatda ixtiyoriy tarzda toʻlangan taqdirda, toʻlangan jarima summasi rezidentga qaytariladi.
Sud hujjati qonuniy kuchga kirgan paytdan eʼtiboran toʻqson kun ichida tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha aktivlar toʻliq repatriatsiya qilingan taqdirda, toʻlangan jarima qaytariladi, jarima qoʻllash toʻgʻrisidagi ishni yuritish tugatiladi va majburiy undirish uchun koʻrilgan barcha choralar bekor qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti boʻlgan yuridik shaxsning oxirgi hisobot sanasidagi joriy aktivlari summasining 20 foizidan ortiq boʻlgan jarimalarni undirish undirilishi lozim boʻlgan summani undirish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran olti oy ichida toʻlovlarni boʻlib-boʻlib har oyda toʻlash imkoniyati berilgan holda amalga oshiriladi”.
5-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 30-dekabrda qabul qilingan OʻRQ-599-sonli Qonuni bilan yangi tahrirda tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, 12-songa 1-ilova; 2020-yil, № 3, 198-modda; № 10, 593-modda, № 11, 652-modda, № 12, 690, 691-moddalar; 2021-yil, № 1, 6-modda, № 4, 294-modda, 4-songa ilova, № 8, 800-modda, № 9, 901-modda, № 10, 968, 969, 972, 973-moddalar) quyidagi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin:
1) 47-moddaning oltinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Hisobvaraq-fakturaning shakli va uni toʻldirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi”;
2) 89-moddaning sakkizinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Undirilishi boshqa davlat organlari va tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladigan davlat bojining hamda boshqa yigʻimlarning budjet tizimiga tushumlarini hisobga olish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi”;
3) 90-moddaning oltinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Soliq toʻlovchining topshiriqnomasi yoki soliq organining inkasso topshiriqnomasi bajarilmaganligi (qisman bajarilganligi) toʻgʻrisidagi bank xabarnomasining shakli va uni elektron shaklda uzatish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi”;
4) 112-moddaning beshinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Soliq toʻlovchining (soliq agentining) hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib turish va toʻxtatib turishni bekor qilish toʻgʻrisidagi soliq organining qarorlarini bankka elektron shaklda yuborish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi”;
5) 113-moddaning toʻrtinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Soliq toʻlovchining (soliq agentining) hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qaror bankka elektron shaklda yuborilganda bank ushbu qarorni olgan sana va vaqt Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan tartibda belgilanadi”;
6) 114-moddaning oʻn uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Soliq toʻlovchining mol-mulkini xatlash videotasvirga olingan holda, bunday imkoniyat mavjud boʻlmaganda esa — xolislar ishtirokida amalga oshiriladi”;
7) 129-modda uchinchi qismining 3-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3) yakka tartibdagi tadbirkor Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan roʻyxatga muvofiq tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish joyida yoki oʻz yashash joyida”;
8) 134-moddaning:
ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan axborotni bank tomonidan maʼlum qilish tartibi va shakllari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi”;
beshinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Soliq organi tomonidan bankka soʻrov yuborish shakli va tartibi hamda banklar tomonidan soliq organlarining soʻrovlariga koʻra axborot taqdim etish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi”;
9) 138-moddaning yigirma toʻrtinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Kameral soliq tekshiruvi oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi”;
10) 139-moddaning:
sakkizinchi qismi chiqarib tashlansin;
toʻqqizinchi qismi sakkizinchi qism deb hisoblansin;
sakkizinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Sayyor soliq tekshiruvi oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi”;
11) 140-moddaning oʻn uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Soliq auditi oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi”;
12) 145-moddaning uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Koʻzdan kechirish videotasvirga olingan holda amalga oshiriladi, bunday imkoniyat mavjud boʻlmaganda esa — xolislar ishtirokida amalga oshiriladi”;
13) 153-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
O'qish oynasida ochishRangli belgilar, qaydlar, qidiruv va tanlangan matn bo'yicha test bilan.
Matn lex.uz dan avtomatik olingan va mazmunan u bilan bir xil: bu alohida tahrir emas, o'sha matnning o'zi. U ta'lim va ma'lumot maqsadida keltirilgan, normalar mazmuni o'zgartirilmaydi. Bu rasmiy nashr emas: sud, shartnoma va rasmiy javoblar uchun lex.uz dagi amaldagi tahrirni tekshiring. Loyiha haqida
Sayt haqida: NEOLEX (veoskill) — O'zbekiston Respublikasi huquqi bo'yicha ta'lim loyihasi. U lex.uz o'rnini bosmaydi, o'sha matnlarga har bir modda uchun alohida manzil, oddiy so'zlar bilan izohlar, atamalar lug'ati, testlar va uch tilda o'qishni qo'shadi. Aloqa: Telegram @neovixar.
Quyidagicha iqtibos keltiring: “111-modda. Tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha aktivlarning repatriatsiya qilinishini taʼminlamaganlik uchun javobgarlik Soliq maʼmuriyatchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-758-son). neolex.uz/uz/laws/law-5902551/111 (lex.uz/docs/-5902549)