Oʻrmon fondi yerlarida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni tashkil etish bilan bogʻliq qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (93-son)
04.03.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq togʻ va togʻoldi hududlarda noyob hamda yoʻq boʻlib ketish xavfi ostidagi oʻsimlik va hayvonot dunyosi turlarini, oʻrmon resurslarini muhofaza qilish, takror koʻpaytirish, qayta tiklash hamda oʻrmon fondi yerlarida ekoturizmni yanada rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Namangan, Samarqand va Surxondaryo viloyatlari hokimliklarining oʻrmon fondi yerlarida davlat tabiatni muhofaza qilish muassasasi shaklida tegishlicha “Orolqum”, “Pop”, “Omonqoʻton”, “Yuqori Toʻpalang” va “Bobotogʻ” milliy tabiat bogʻlarini (keyingi oʻrinlarda — milliy tabiat bogʻlari) tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar:
“Orolqum”, “Pop”, “Omonqoʻton”, “Yuqori Toʻpalang” va “Bobotogʻ” milliy tabiat bogʻlarining yer maydonlari 1-ilovaga muvofiq;
“Orolqum”, “Pop”, “Omonqoʻton”, “Yuqori Toʻpalang” va “Bobotogʻ” milliy tabiat bogʻlarining qoʻriqxona, rekreatsiya va xoʻjalik maqsadida foydalaniladigan zonalari uchun ajratiladigan yer maydonlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilansinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi milliy tabiat bogʻlarining muassisi hisoblanadi;
milliy tabiat bogʻlarining faoliyati Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-iyuldagi 530-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizomning 24-bandiga muvofiq moliyalashtiriladi;
milliy tabiat bogʻlarining joriy xarajatlarini moliyalashtirish hamda budjetdan moliyalashtiriladigan shtat birliklarini saqlash Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi tizimidagi yer maydonlari qisqartirilayotgan davlat oʻrmon xoʻjaliklarining tegishli mablagʻlarini hamda shtat birliklarini maqbullashtirish hisobidan hamda belgilangan meʼyorlarga asosan amalga oshiriladi.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Namangan, Samarqand va Surxondaryo viloyatlari hokimliklari:
bir oy muddatda Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda milliy tabiat bogʻlarining qoʻriqxona, rekreatsiya va xoʻjalik maqsadida hamda boshqa tarzda foydalanish zonalari chegaralari belgilanishini;
ikki oy muddatda Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi va Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi bilan birgalikda milliy tabiat bogʻlari uchun yer maydonlarini ajratishga doir hujjatlarni belgilangan tartibda rasmiylashtirish hamda kadastr hujjatlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritish choralari koʻrilishini;
uch oy muddatda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda milliy tabiat bogʻlarining ijro etuvchi apparatlarini operativ boshqaruv huquqi asosida joylashtirish uchun tegishli binolar ajratilishini taʼminlasin.
5. Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi ikki oy muddatda:
milliy tabiat bogʻlari belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin;
milliy tabiat bogʻlarini malakali mutaxassislar bilan toʻldirsin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev va Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi raisi N.J. Bakirov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 4-mart,
93-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-martdagi 93-son qaroriga 1-ILOVA
“Orolqum”, “Pop”, “Omonqoʻton”, “Yuqori Toʻpalang” va “Bobotogʻ” milliy tabiat bogʻlarining
YER MAYDONLARI
T/r Milliy tabiat bogʻi nomi Umumiy yer maydoni, gektar Joylashgan hududi Oldingi yerdan foydalanuvchilar Berilayotgan yerlarning toifasi 1. “Orolqum” milliy tabiat bogʻi 1 000 000 Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Moʻynoq tumani Moʻynoq davlat oʻrmon xoʻjaligi Oʻrmon fondi yerlari 2. “Pop” milliy tabiat bogʻi 10 000 Namangan viloyati, Pop tumani Pop ixtisoslashtirilgan davlat oʻrmon xoʻjaligi 3. “Omonqoʻton” milliy tabiat bogʻi 1 500 Samarqand viloyati, Urgut tumani Urgut ixtisoslashtirilgan davlat oʻrmon xoʻjaligi 4. “Yuqori Toʻpalang” milliy tabiat bogʻi 27 851 Surxondaryo viloyati, Sariosiyo tumani Uzun davlat oʻrmon xoʻjaligi 5. “Bobotogʻ” milliy tabiat bogʻi 12 064 Surxondaryo viloyati, Uzun tumani Bobotogʻ davlat oʻrmon xoʻjaligi
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-martdagi 93-son qaroriga 2-ILOVA
“Orolqum”, “Pop”, “Omonqoʻton”, “Yuqori Toʻpalang” va “Bobotogʻ” milliy tabiat bogʻlarining qoʻriqxona, rekreatsiya va xoʻjalik maqsadida foydalanish zonalari uchun ajratiladigan
YER MAYDONLARI
(gektar) T/r Milliy tabiat bogʻi nomi Umumiy yer maydoni Shundan: qoʻriqxona zonasi rekreatsiya zonasi xoʻjalik maqsadida foydalanish zonasi 1. “Orolqum” milliy tabiat bogʻi 1 000 000 700 000 200 000 100 000 2. “Pop” milliy tabiat bogʻi 10 000 6 000 3 000 1 000 3. “Omonqoʻton” milliy tabiat bogʻi 1 500 1 000 400 100 4. “Yuqori Toʻpalang” milliy tabiat bogʻi 27 851 18 000 6 851 3 000 5. “Bobotogʻ” milliy tabiat bogʻi 12 064 8 000 3 000 1 064 Jami: 1 051 415 733 000 213 251 105 164
