Oʻzbekiston Respublikasi bojxona organlari tomonidan garovdan foydalanish toʻgʻrisidagi (757-son)
28.06.1999
Nizom
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1999-yil 28-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 757]
1. UMUMIY QOIDALAR
1.1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi “Garov toʻgʻrisida”gi Qonun va Bojxona kodeksiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi bojxona organlari tomonidan garovdan foydalanish tartibini belgilaydi.
1.2. Quyidagilar mazkur Nizomning bojxona toʻlovlarini toʻlashni taʼminlash uchun garovni qoʻllashdagi asosiy maqsadi boʻlib hisoblanadi:
ularni toʻlash boʻyicha kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati taqdim etilganda;
vaqtincha saqlash va bojxona ombori bojxona rejimlaridan foydalanilganda;
tovarlarni bojxona nazorati ostida tashilganda;
bojxona kuzatuvi qoʻllanilganda;
bojxona yuk deklaratsiyasi taqdim etilgunga qadar tovarlar chiqarib yuborilganda;
deklarant yoki bojxona brokeri tomonidan tovarning bojxona qiymatini aniqlashning imkoniyati mavjud boʻlmaganda tovar shartli chiqarilganda.
1.21. Quyidagi hollarda tovarlar bojxona toʻlovlarini taʼminlash uchun garov sifatida qoʻllanilmaydi:
bojxona ombori bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarlar bojxona ombori boʻlib hisoblanmaydigan joylarda saqlanayotganda;
Oʻzbekiston Respublikasining yuridik shaxsi bojxona tashuvchilari Reyestriga kiritilganda;
bojxona ombori, boj olinmaydigan savdo doʻkoni va erkin omborning faoliyati litsenziyalashtirilganda.
1.3. Mazkur Nizomga muvofiq tovarlar, shu jumladan, valyuta, valyuta boyliklari, qimmatli qogʻozlar, shuningdek, avtotransport vositalari garov ashyosi boʻlishi mumkin.
1.4. Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali olib oʻtiladigan va boshqa davlat organlari tomonidan sertifikatlanishi yoki nazorat qilinishi kerak boʻlgan tovarlar, faqat tovarlarni chiqarishda kerak boʻladigan sertifikatlar, ruxsatnomalar va boshqa turdagi hujjatlar mavjud boʻlgan taqdirdagina garov ashyosi boʻlishi mumkin.
1.5. Garov ashyosini almashtirishga faqat bojxona organining roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi, bundan qayta ishlash bojxona rejimlariga joylashtirilgan tovarlar va transport vositalarini garovga qoʻyish hollari mustasno. Ushbu tovarlar va transport vositalarini almashtirish mazkur Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
1.6. Bojxona organlari:
elektr energiyasi, issiqlik energiyasi va energiyaning boshqa turlarini;
korxonalar, binolar, imoratlar, inshootlar, yer uchastkalari, kosmik obyektlarni;
ilgari boshqa majburiyatlarni taʼminlash uchun garovga qoʻyilgan tovarlarni;
intellektual mulk obyektlarini;
bojxona hududiga olib kirish taqiqlangan tovarlarni;
tez buziladigan tovarlarni;
hayvonlarni;
Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida boʻlgan tovarlarni;
sotish imkoniyatlari cheklangan tovarlarni;
joylashgan eri va foydalanilishi ustidan bojxona organi doimiy nazoratni taʼminlay olmaydigan tovarlarni;
qonun hujjatlariga muvofiq erkin sotilishi taqiqlangan mahsulotlar va ishlab chiqarish chiqindilarini garov ashyosi sifatida qabul qilib olmaydilar.
1.7. Garov ashyosining erkin (bozor) narxi, uni saqlash va sotish bilan bogʻliq boʻlgan zarur xarajatlarni qoplash uchun tovarning erkin (bozor) narxidan oʻn besh foizini qoʻshgan holda, garov ashyosi bilan taʼminlanadigan bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha majburiyatlar miqdoridan past boʻlmasligi kerak.
2. GAROVGA QOʻYuVChI
2.1. Garov ashyosi tegishli boʻlgan yuridik yoki jismoniy shaxslar garovga qoʻyuvchi sifatida boʻlishlari mumkin. Muassasa unga ruxsat berilgan xoʻjalik faoliyatidan olingan daromadlar hisobiga xarid qilingan tovarlarni garovga topshirishi mumkin.
2.2. Qarzdorning oʻzi, shuningdek, uchinchi shaxs garovga qoʻyuvchi boʻlishi mumkin. Garovga qoʻyuvchi garov ashyosini garovga berishning qonuniyligi uchun javobgar boʻladi.
2.3. Boshqa davlatlarning yuridik va jismoniy shaxslari, shuningdek, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar garovga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasining yuridik va jismoniy shaxslari ega boʻlgan huquqlardan foydalanadilar va majburiyatlarni bajaradilar.
3. GAROV TOʻGʻRISIDAGI ShARTNOMA
3.1. Bojxona organlari bilan garovga qoʻyuvchi oʻrtasidagi garov munosabatlari mazkur Nizomga muvofiq tuzilgan garov toʻgʻrisidagi shartnoma bilan belgilanadi.
3.2. Garov toʻgʻrisidagi shartnoma yozma shaklda tuzilishi va notarial jihatdan tasdiqlangan boʻlishi lozim. Garov toʻgʻrisidagi shartnomaning namunaviy shakli 1-ilovada keltirilgan.
3.3. Bojxona organi nomidan garov shartnomasi bir vaqtning oʻzida DBQ (IBK) hududiy boshqarmasining boshligʻi (oʻrinbosari), toʻlovlar boʻlimi boshligʻi va bosh (katta) buxgalter tomonidan moliya hujjatlarini imzolash uchun belgilangan qoidalarga muvofiq imzolanadi.
3.5. Bojxona organi garov toʻgʻrisida tuzilgan shartnomalar reyestrini 2-ilovaga binoan yuritadi.
3.6. Tovarlar va transport vositalarining qiymati undirilishini taʼminlaydigan garovning asossizligi aniqlangan taqdirda, garov toʻgʻrisidagi shartnoma oʻz kuchini yoʻqotadi.
3.7. Garovga qoʻyuvchi garov toʻgʻrisidagi shartnomani tuzishda, agar shartnoma bajarilmaydigan boʻlsa, bojxona organining roziligi bilan garovga qoʻyilgan tovarlar va transport vositalarini garovga qoʻyuvchi tomonidan davlat foydasiga voz kechish bojxona rejimiga joylashtirilishini belgilaydi.
Koʻrsatilgan holda garov huquqi bunday muddat boshlangan paytda toʻxtatiladi.
Garovga qoʻyuvchi bayonotining shartnomada bunday ifodalanishi deklaratsiyalashning soddalashtirilgan shakli hisoblanadi. Garov toʻgʻrisida bunday shartnoma tuzilishi bojxona organi tomonidan ushbu organning tovarlar va transport vositalarini davlat foydasiga voz kechish bojxona rejimida joylashtirishga ruxsat berish deb qaraladi.
3.8. Garov ashyosini almashtirish garov shartnomasiga qoʻshimcha kiritish bilan rasmiylashtiriladi, bundan qayta ishlash bojxona rejimida joylashtirilgan tovarlar va transport vositalarini almashtirish mustasno.
4. GAROVGA QOʻYuVChI BILAN BOJXONA ORGANLARI OʻRTASIDAGI OʻZARO MUNOSABATLAR
4.1. Garovga qoʻyilgan garov ashyosi, agar garov toʻgʻrisidagi shartnomada boshqa holat koʻzda tutilmagan boʻlsa, garovga qoʻyuvchida qoladi.
4.2. Garov ashyosi garovga qoʻyuvchida qolishidan yoki bojxona organlariga topshirilishidan qatʼi nazar, garovga qoʻyuvchi:
davlat boshqaruv organlari tomonidan uning xoʻjalik faoliyatini toʻxtatadigan yoki unga toʻsqinlik qiladigan, yoxud unga noxush taʼsir koʻrsatadigan (mol-mulkni musodara, rekvizitsiya qilish) harakatlar sodir etilgan va dalolatnomalar qabul qilingan, shuningdek, tugatilgan yoki toʻlovga noqobil qarzdor deb topilgan taqdirda, yoʻqolish yoki shikastlanish xatarlaridan garov ashyosini oʻz hisobidan uning toʻliq qiymatiga sugʻurtalashi;
agar garov ashyosining toʻliq qiymati garov bilan taʼminlangan talab miqdoridan oshib ketsa, talab miqdoridan kam boʻlmagan summaga sugʻurtalashi;
garov ashyosi saqlanishini taʼminlash, shu jumladan, uni uchinchi shaxslarning xurujlari va talablaridan himoya qilish uchun zarur choralar koʻrishi;
garovga ashyosining yoʻqolishi yoki shikastlanishi xavfi paydo boʻlgani toʻgʻrisida bojxona organlarini darhol xabardor qilishi shart.
Garov ashyosining erkin (bozor) narxini aniqlash uchun uni garovga qoʻyuvchi hisobidan baholash faoliyati toʻgʻridagi qonun hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiq baholanishini amalga oshiradi.
4.3. Garov qoʻyuvchi garov shartnomasiga muvofiq garov ashyosidan foydalanish huquqiga ega.
4.4. Garov ashyosini garovga qoʻyuvchida qoldirgan holda garovga qoʻyishda bojxona organi:
a) garov ashyosining mavjudligi, hajmi, holati hamda saqlash sharoitlarini hujjatlar va asliga qarab tekshirishga;
b) garovga qoʻyuvchidan garov ashyosini saqlanishi uchun zarur boʻlgan choralar koʻrishni talab qilishga. Garovga qoʻyuvchi shunday choralarni koʻrishga majbur;
v) garov ashyosining yoʻqolishi yoki shikastlanishiga xavf soladigan, unga nisbatan xurujlarni toʻxtatishni talab qilishga haqlidir.
4.5. Bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshiradigan bojxona organi mansabdor shaxslarining fikri boʻyicha bojxona toʻlovlarini toʻlashning yoki boshqa tegishli summalarni kiritishning yetarlicha kafolatini bera olmaydigan holatlar mavjud boʻlganda, bojxona organi garov ashyosini (garovni) oʻzida qoldirgan holda shartnoma tuzish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin. Faqat Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali olib oʻtiladigan tovarlar va transport vositalarigina garov ashyosi boʻlishi mumkin.
Garov ashyosi egasi bojxona organi boʻlgan bojxona omborida “vaqtincha saqlash” yoki “bojxona ombori” rejimlariga joylashtiriladi. Bunda saqlash uchun toʻlov tovarni bojxona omboriga joylashtirgan uning egasi tomonidan qoplanadi.
4.6. Garov ashyosini oʻzida qoldirgan (garovga qoldirganda) bojxona organi garov ashyosini sugʻurtalamaydi va undan foydalanmaydi, shuningdek, garov ashyosidan garovga qoʻyuvchi manfaatlarini koʻzlab daromadlar va boshqa mulkiy foydalarni undirmaydi.
Bunda bojxona organi:
garov ashyosini saqlash uchun zarur choralarni koʻrishga;
garov ashyosining yoʻqolishi yoki shikastlanishi xavfi paydo boʻlishi toʻgʻrisida garovga qoʻyuvchini xabardor qilishga;
garovga qoʻyuvchiga uning tomonidan (bojxona toʻlovlarini toʻlash taʼminlanganda esa — yoki uchinchi shaxs tomonidan) garov bilan taʼminlangan majburiyat bajarilganidan yoki garovning asossizligi aniqlanganidan keyin garov ashyosini olib ketish imkoniyatini berishga;
garovga ehtiyoj tugaganidan keyin ikki haftadan kechiktirmay, agar garovga qoʻyuvchi garov ashyosini koʻrsatilgan muddat tugashiga qadar olmagan taqdirda, garovga qoʻyuvchini garov ashyosini qaytarib olish zarurligi toʻgʻrisida yozma ravishda ogohlantirishga majburdir.
4.7. Agar garov ashyolari garovga qoʻyuvchi tomonidan unga tegishli bildirishnoma yuborilgan kundan boshlab ikki oy davomida talab qilib olinmasa, bojxona organi bunday tovarlar va transport vositalarini bojxona ombori rejimiga joylashtiradi. Bunday xollarda saqlash muddati Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga muvofiq aniqlanadi.
4.8. Mazkur Nizomning 4.5-bandida koʻrsatilgan omborlarga joylashtirish imkoniyati boʻlmagan taqdirda garov ashyosi garovga qoʻyuvchining ixtiyorida qulfda bojxona organining muhri va plombasi bilan qoldirilishi mumkin. Bunda garovga qoʻyuvchi garov ashyosidan foydalanishga haqli emas.
Plomba va muhr bojxona identifikatsiyasi vositalari hisoblanadi, ularga doir munosabat va ular bilan muomalada boʻlish Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining qoidalariga binoan tartibga solinadi.
4.9. Garovga qoʻyuvchining bojxona organlari oldidagi oʻz majburiyatlarini bajarish muddati garov toʻgʻrisidagi shartnomada koʻrsatilgan muddatdan oshishi mumkin emas.
Agar garov ashyosi bojxona toʻlovlarini toʻlashni taʼminlanganligini nazarda tutsa, garovga qoʻyuvchi bojxona organlari oldidagi oʻzining barcha majburiyatlarini toʻliq bajargunga qadar garov dastlabki hajmda saqlanib qolinadi.
4.10. Bojxona organlari oldidagi majburiyatlarni bajarish muddati yetib kelganda, agar ushbu majburiyatlar bajarilmasa, bojxona organi undirishni garov ashyosiga qaratish huquqiga ega boʻladi.
5. UNDIRIShNI GAROV AShYoSIGA QARATISh
5.1. Ixtiyorida garov ashyosi qoladigan garovga qoʻyuvchi tomonidan mazkur Nizomning 4.2-bandida va 4.4-bandning “b” kichik bandida nazarda tutilgan majburiyatlar buzilgan taqdirda, bojxona organlari garov bilan taʼminlangan majburiyatlarni bajarish muddati kelgunga qadar undirishni garov ashyosiga qaratishga haqlidir.
5.2. Agar garov tariqasida garovga qoʻyuvchida qoldirilgan garov ashyosini yoʻqotilishida bojxona organining aybi boʻlmasa va garovga qoʻyuvchi uni tiklamagan yoki bojxona organining roziligi bilan boshqa teng qiymatli ashyoga almashtirmagan boʻlsa, bojxona organi garov bilan taʼminlangan majburiyatni muddatidan oldin bajarishni talab qilishga haqlidir.
5.3. Bojxona organining aybi boʻlmagan holda garov ashyosining yoʻqolishi, kamomadi yoki shikastlanishi boʻyicha haqiqiy xavf paydo boʻlsa, bojxona organi garov ashyosini almashtirishni talab qilishi, ushbu talabni bajarishdan bosh tortilganda esa — garov bilan taʼminlangan majburiyatni bajarish muddati boshlangunga qadar undirishni garov ashyosiga qaratishga haqlidir.
5.4. Agar garovga qoʻyuvchi shartnomada tovarlar va transport vositalarini davlat foydasiga voz kechish bojxona rejimiga joylashtirish xususida bayonotni ifodalagan boʻlsa, bojxona organining tovarlar va transport vositalarini mazkur rejimga joylashtirish xususidagi qarori quyidagi xollarda kuchga kiradi:
mazkur Nizomning 5.1-bandida nazarda tutilgan holda — bojxona organi tomonidan garov ashyosini sugʻurtalash yoki saqlash majburiyati bajarilmagani aniqlanganidan boshlab;
mazkur Nizomning 5.2, 5.3-bandlarida nazarda tutilgan hollarda — bojxona organining garov ashyosini tiklash yoki almashtirish xususidagi yozma talabi olingan kundan boshlab uch kun oʻtganidan soʻng.
5.5. Undirishga qaratiladigan garov ashyosini sotish Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
5.6. Agar undirishga qaratiladigan garov ashyosini sotishdan olingan summa bojxona organlari oldida shu garov bilan taʼminlangan majburiyatlar miqdoridan oshib ketsa, mazkur farq garovga qoʻyuvchiga qaytariladi.
Agar ushbu summa yetarli boʻlmasa, yetishmaydigan summalarni undirish Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
5.7. Garovga qoʻyuvchi istalgan vaqtda bojxona organi ruxsatining kuchga kirish muddati boshlanguniga hamda tovar va transport vositalari davlat foydasiga voz kechish bojxona rejimiga joylashtirilgunga qadar garov bilan taʼminlangan majburiyatlarni bajarishga haqlidir. Mazkur holatda uning tovarlar va transport vositalarini ushbu rejimga joylashtirish toʻgʻrisidagi arizasi bekor qilingan deb hisoblanadi.
Garovga qoʻyuvchi istalgan vaqtda undirishga qaratilayotgan garov ashyosini sotilishi paytiga qadar garov bilan taʼminlangan majburiyatlarni bajarish orqali undirishga qaratishni toʻxtatishga haqlidir.
6. BOJXONA HUDUDIDA QAYTA IShLASh BOJXONA REJIMIGA JOYLAShTIRILGAN TOVARLAR VA TRANSPORT VOSITALARINING GAROVI
6.1. Bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarlar va transport vositalarining garovida, uning umumiy qiymati garov toʻgʻrisidagi shartnomada koʻrsatilganidan kam boʻlmaslik sharti bilan, garov ashyosining tarkibi va tabiiy shaklini oʻzgartirilishiga yoʻl qoʻyiladi.
Bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarlar va transport vositalarining garovi toʻgʻrisidagi shartnoma garovga qoʻyilgan tovar va transport vositasi turini, boshqa uning turga xos alomatlarini, garov ashyosining umumiy qiymatini, u joylashgan joyni, shuningdek, garov ashyosi almashtirilishi mumkin boʻlgan tovarlar va transport vositalari turlarini belgilab berishi kerak.
6.2. Shartnomada garovga qoʻyuvchining tovarlar va transport vositalarini davlat foydasiga voz kechish bojxona rejimiga joylashtirish toʻgʻrisidagi arizasi mavjud boʻlganida ushbu ariza, shuningdek, bojxona organining tovarlar va transport vositalarini davlat foydasiga voz kechish bojxona rejimiga joylashtirish uchun ruxsati garov toʻgʻrisidagi shartnomani oʻzgartirishsiz yoki toʻldirilmasdan yoxud yangi shartnoma tuzilmasdan qayta ishlash mahsulotlariga tatbiq etiladi.
Bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarlar va transport vositalari garovida, garovga qoʻyuvchi garov ashyosiga egalik qilish va undan foydalanish huquqini saqlab qoladi. Garovga qoʻyuvchi mazkur Nizomning 4.3-bandiga muvofiq garov ashyosini tasarruf etishi mumkin.
7. YAKUNIY QOIDALAR
7.1. Undirishni garov ashyosiga qaratish yoki tovarlar va transport vositalaridan davlat foydasiga voz kechish shaxsni bojxona qonunchiligini buzganlik uchun javobgarlikdan ozod etmaydi.
7.2. Mazkur Nizom bilan tartibga solinmagan hollarda Oʻzbekiston Respublikasi “Garov toʻgʻrisida”gi Qonuni meʼyorlari qoʻllaniladi.
Oʻzbekiston Respublikasi bojxona organlari tomonidan garovni qoʻllash toʻgʻrisidagi Nizomga 1-ILOVA
Garov ashyosini garovga qoʻyuvchida qoldirgan holda garov toʻgʻrisidagi
NAMUNAVIY ShARTNOMA
