Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Sh. Gʻaniyevning qishloq xoʻjaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish hamda shu maqsadda ajratilgan mablagʻlardan foydalanish samaradorligi toʻgʻrisidagi axboroti haqida (SQ-476-IV-son)
04.02.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Sh. Gʻaniyevning qishloq xoʻjaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish hamda shu maqsadda ajratilgan mablagʻlardan foydalanish samaradorligi toʻgʻrisidagi axborotini eshitib, bu borada muayyan ishlar amalga oshirilganligini qayd etadi.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 10-iyuldagi PF-6024-sonli Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida 2021-yilda jami 515,2 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar, shundan 197,5 ming gektar maydonda tomchilatib sugʻorish joriy qilinib, suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan jami yerlar 917,0 ming gektarga yoki sugʻoriladigan maydonlarning 20 foiziga yetkazilgan.
Suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni monitoring va tahlil qilib borish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarga amaliy yordam koʻrsatish maqsadida Suv xoʻjaligi vazirligida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, barcha viloyat va tumanlarda maslahat markazlari tashkil qilingan.
Suv xoʻjaligi tizimi tashkilotlarida faoliyat olib borayotgan 6 ming nafardan ortiq ishchi-xodimlardan iborat servis-montaj guruhlari tomonidan suv tejovchi texnologiyalar asbob-uskunalarni qurish va oʻrnatish ishlari yoʻlga qoʻyilgan.
Suvni tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish orqali paxta xomashyosini yetishtirish maqsadida 2021-yilda 858 mlrd 500 mln soʻm ajratilib, 2021-yil yanvar-sentyabr oylarida 754 mlrd 400 mln soʻm (88 foiz) mablagʻ oʻzlashtirilgan.
Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligi tizimi korxonalarida 2022-yil 1-yanvar holatiga 70,8 ming gektar intensiv bogʻlarning 30,4 ming gektarida (43 foiz) tomchilatib sugʻorish tizimi joriy etilgan.
Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 2019 — 2021-yillarda tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy etishga 172 mlrd 600 mln soʻm, burgʻulangan quduqlar, nasos stansiyalarining qurilishi uchun 39 mlrd 100 mln soʻm mablagʻ ajratilgan.
Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi tizimidagi korxonalarda yangi uzumzorlar barpo etish va ularni suv bilan taʼminlash uchun burgʻulangan quduqlar qazish va tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini joriy etishga Vinochilikni rivojlantirish jamgʻarmasidan 2019 — 2021-yillarda 68 mlrd 967 mln soʻm mablagʻ ajratilgan.
Natijada 176 ta artezian qudugʻi, 5 393 gektar yer maydonlarida tomchilatib sugʻorish texnologiyalaridan foydalanib, 5 mingdan ortiq doimiy va mavsumiy yangi ish oʻrni yaratilgan, yiliga 12 mln metr kub suv hamda 1,1 mln kVt elektr energiyasi tejab qolingan.
Shu bilan birga, suvni tejaydigan texnologiyalarni tatbiq etishda bir qator muammo va kamchiliklar mavjud.
Qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan boʻlsa-da, 357 ta holatda yerlarni anʼanaviy usulda sugʻorish, suvdan samarasiz foydalanish holatlariga yoʻl qoʻyilgan. Mazkur kamchiliklar asosan Jizzax, Fargʻona va Xorazm viloyatlarida qayd etilgan.
Suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishda Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi hamda hududiy va tuman ishchi guruhlari masʼuliyatsizligi oqibatida 848 ta joriy etilgan suvni tejaydigan texnologiyalarning loyiha hujjatlari texnik talablarga javob bermaydi, qurilish-montaj ishlari sifatsiz bajarilgan.
Tijorat banklari tomonidan suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish boʻyicha tumanlarda tasdiqlangan manzilli roʻyxatlar inobatga olinmagan. Faqat iqtisodiy holati yaxshi fermer xoʻjaliklariga ajratilgan kredit mablagʻlari hududlarda suv tejovchi texnologiyalarning tarqoq holda joylashishiga, shu bilan birga bunday texnologiyalar belgilangan maydonlarda toʻliq va oʻz vaqtida ishga tushmasligiga sabab boʻlib, suv va elektr taʼminotida muammolar yuzaga kelgan.
2021-yilda qishloq xoʻjaligi ekinlari ekiladigan maydonlar toʻliq elektr taʼminoti (elektr havo liniyalari) bilan taʼminlanmaganligi sababli 4 290 gektar paxta maydonida texnologiya joriy qilish bilan bogʻliq muammolarni keltirib chiqargan. Jizzax viloyati Arnasoy tumanida 1,7ming gektar maydonda joriy qilingan texnologiya elektr tarmogʻi yoʻqligi sababli ishga tushirilmagan.
Qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishda suv tejovchi texnologiyalarni quruvchi aksariyat pudrat tashkilotlari tomonidan hududlarning turli tabiiy iqlim, tuproq, gidrogeolog-meliorativ sharoitlari toʻliq inobatga olinmaganligi, qurilish-montaj ishlari bir xil parametrli loyihalar asosida olib borilganligi natijasida sugʻorish tizimlari nosoz holatga kelgan.
Prokuratura organlari maʼlumotiga koʻra respublika boʻyicha jami 203 ta pudratchi quruvchi tashkilot bilan shartnomalar tuzilgan boʻlsa-da, shundan atigi 40 tasida (19,7 %) suv tejovchi texnologiyalarni ishlab chiqarish quvvati mavjud yoki 163 ta pudratchi tashkilotlar faqat vositachilik bilan shugʻullangan, 104 tasi esa suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishda umuman tajribaga ega emas.
Shuningdek, joriy qilingan suv tejovchi texnologiyalarni foydalanish uchun qabul qilish va subsidiya mablagʻlari ajratish boʻyicha ayrim tuman ishchi guruhlari tomonidan nosoz holdagi texnologiyalarga ijobiy xulosalar berilib, budjet mablagʻlarining maqsadsiz sarflanishiga yoʻl qoʻyilgan.
Samarqand viloyati Qoʻshrabot tumanidagi “Bogʻi Rohat” fermer xoʻjaligi tomonidan 40 gektar maydonda tomchilatib sugʻorish texnologiyasi tuman ishchi guruhi tomonidan foydalanishga qabul qilinib, 320 mln soʻm subsidiya mablagʻlari ajratilgan, haqiqatda joriy qilingan maydon 29 gektar ekanligi aniqlangan.
Paxta ekilmagan yoki ekilgan holda tomchilatib sugʻorish texnologiyalari joriy etilmagan 825 gektar uchun tuman ishchi guruhlarining asossiz xulosalari asosida Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan 6 mlrd 600 mln soʻm hamda boshqa ozuqa ekinlari ekilgan 1 158 gektar uchun 9 mlrd 300 mln soʻm qonunchilikka zid ravishda subsidiya mablagʻlari ajratilgan.
Uzum plantatsiyalarida suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish uchun qishloq xoʻjaligi korxonalarining oʻz mablagʻlari yetishmasligi, bank kreditlari uchun garov taʼminotidagi muammolar mavjudligi sababli tijorat banklari tomonidan kredit mablagʻlari ajratilmagan.
Moliya vazirligining nazorat tadbirlari natijasida 2019 — 2021-yillarda jami 814 ta qishloq xoʻjaligi mahsuloti ishlab chiqaruvchisiga ajratilgan 871 mlrd 300 mln soʻmlik subsidiya mablagʻlarining 165 mlrd 300 mln soʻmi (19 foizi) maqsadsiz sarflanganligi va talon-toroj qilinganligi holatlari aniqlangan.
Jumladan, 143 mlrd 200 mln soʻm paxtachilik, 10 mlrd 600 mln soʻm bogʻdorchilik va 11 mlrd 400 mln soʻm uzumchilik yoʻnalishidagi qishloq xoʻjaligi korxonalariga toʻgʻri keladi.
Xususan, Jizzax viloyatida 66 mlrd 300 mln soʻmni, Samarqand viloyatida 22 mlrd 400 mln soʻmni, Sirdaryo viloyatida 13 mlrd 800 mln soʻmni, Qashqadaryo viloyatida 12 mlrd 200 mln soʻmni, Navoiy viloyatida 10 mlrd 500 mln soʻmni tashkil etadi.
Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligi tomonidan Jizzax viloyati Baxmal tumanidagi “Nishonov Abbos” fermer xoʻjaligiga amalda mavjud boʻlmagan 35 gektar tokzorga suv tejovchi texnologiyasini joriy etish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun 308 mln soʻm, Samarqand viloyati Jomboy tumanidagi “Sag Agro” MChJ tomonidan 2020-yilda tashkil etilgan 30 gektar yongʻoqzorda joriy etilmagan suv tejovchi texnologiyalari xarajatlarining bir qismini qoplash uchun 180 mln soʻm subsidiya ajratilgan.
Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish va vinochilikni rivojlantirish agentligi tizimida tashabbuskorlar tomonidan barpo qilingan uzum plantatsiyalarida yangi ish oʻrinlari yaratilmaganligi natijasida tokzorlar qarovsiz qolgan, sugʻorish tizimlari nosoz holatga kelib, ajratilgan subsidiya oʻz samarasini bermagan.
Agentlik tomonidan 2019 — 2021-yillar davrida uzumning texnik navlari plantatsiyalarida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun 47 ta subyektga ajratilgan subsidiyaning 11 mlrd 400 mln soʻmi amaldagi talablarga zid ravishda sarflangan.
Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligi korxonalarida 794 gektar intensiv bogʻda joriy etilgan suv tejovchi sugʻorish tizimlaridan turli sabablarga koʻra foydalanilmaslik oqibatida 6 mlrd 400 mln soʻm subsidiya samarasiz sarflangan.
Elektr energiyasi va suv bilan taʼminlanmagan joylarda ilmiy asoslarga tayanmagan holda suv tejovchi texnologiyalar ommaviy-majburiy tartibda joriy etish holatlariga yoʻl qoʻyilgan.
Yuqorida bayon etilganlarni inobatga olib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 321-moddasiga hamda “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Sh. Gʻaniyevning qishloq xoʻjaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish hamda shu maqsadda ajratilgan mablagʻlardan foydalanish samaradorligi toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
Suv xoʻjaligi vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tuman hokimliklari tomonidan zamonaviy sugʻorish texnologiyalarini qoʻllash hamda ushbu maqsadlar uchun budjetdan ajratilgan subsidiyalarning samaradorligini taʼminlash boʻyicha olib borilayotgan ishlar talab darajasida emasligiga eʼtibor qaratsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 10-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PF-6024-sonli Farmoni ijrosini taʼminlashda xato va kamchiliklarga hamda sustkashlikka yoʻl qoʻygan mansabdor shaxslarning faoliyatini koʻrib chiqsin;
suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan, subsidiya ajratilgan klaster va fermer xoʻjaliklari faoliyati samaradorligini monitoring qilish uchun tuman hokimlarini masʼul etib belgilash, joriy qilingan suv tejovchi texnologiyalarni qabul qilish boʻyicha tuman ishchi guruhlari tarkibini qayta koʻrib chiqib, ularning masʼuliyatini yanada oshirsin;
suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish boʻyicha hududlarning tuproq, iqlim sharoiti va meliorativ xususiyatidan kelib chiqib, ilmiy jihatdan asoslangan loyiha-smeta hujjatlarini hamda suv tejovchi texnologiyalar joriy etishda foydalanilayotgan uskunalar va materiallar sifat darajasi talablarining ishlab chiqilishini taʼminlasin;
suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilgan, subsidiya ajratilib yuqori hosildorlikka erishgan va uskunalardan samarali foydalangan qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilariga kelgusi yillarda qoʻshimcha subsidiya ajratish tartibini ishlab chiqsin;
suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishni ragʻbatlantirish hamda mahalliy suv tejovchi texnologiyalarni ishlab chiqaruvchilarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirsin;
suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy qilish maqsadida qishloq xoʻjaligi ehtiyojlari uchun suv yetkazib berish xarajatlarini qoplash tartibini takomillashtirsin;
joriy etilgan suv tejovchi texnologiyalardan va suv resurslaridan foydalanish hamda suv isteʼmoli boʻyicha talablarning bajarilishi yuzasidan nazorat tadbirlarini kuchaytirsin, shu jumladan, mansabdor shaxslarning hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar boʻyicha axborotlarini muntazam ravishda eshitsin;
xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb etgan holda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishning samaradorlik koʻrsatkichlarini oʻrganib chiqish va uning xulosasi asosida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish rejalarini qayta koʻrib chiqish choralarini koʻrsin.
Mazkur Qarorning ijrosi yuzasidan 2022-yil 1-iyulga qadar Oliy Majlis Senatiga har chorakda axborot taqdim etsin.
3. Suv xoʻjaligi vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi:
klasterlar va fermer xoʻjaliklari tomonidan suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan maydonlarda, plantatsiyalarda yangi ish oʻrinlarining yaratilishini nazoratga olish;
Moliya vazirligi va Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi bilan birgalikda erkin raqobat talablariga toʻliq javob bera oladigan ishlab chiqarish quvvatlari, malakali mutaxassislar va servis xizmatlari mavjud pudrat korxonalarining yagona elektron reyestrini shakllantirish hamda pudrat korxonalarini tanlashda shaffof mexanizmni joriy qilish;
Moliya vazirligi bilan birgalikda suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan xoʻjaliklarda texnologiyadan foydalanishda iqtisodiy majburiyat mexanizmini ishlab chiqish, bunda subsidiyani xoʻjalikdan qaytarib olish, ayniqsa, iqtisodiy nochor xoʻjalikdan qaytarishni inobatga olish;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan hamkorlikda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishda klasterlar, fermer xoʻjaliklari va tegishli korxonalar, tashkilotlar rahbarlarida bilim va koʻnikmalar hosil qilish, ularning malakasini oshirish choralarini koʻrsin.
4. Moliya vazirligi:
suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish uchun ajratilgan mablagʻlardan maqsadli foydalanishni taʼminlash maqsadida doimiy nazorat tadbirlarini olib borsin;
suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish boʻyicha xarajatlarning bir qismini qoplash uchun ajratiladigan subsidiyalarni hisoblashning sifat darajasini belgilovchi koeffitsiyent tizimini joriy qilsin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda inson omilini kamaytirish maqsadida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish boʻyicha subsidiya ajratish jarayonini raqamlashtirish tizimini tatbiq etsin.
5. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi va Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda suv tejovchi texnologiyalarni ishlab chiqarish uchun mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mavjud ehtiyojidan kelib chiqib, ichki bozorda talab etiladigan xomashyoni (polimer granulani) birja savdolari orqali realizatsiya qilish choralarini koʻrsin.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, ulardan foydalanish, yangi ish oʻrinlarini yaratish, shuningdek, tijorat banklari tomonidan kredit mablagʻlarini ajratilishi, subsidiya mablagʻlarini oʻz vaqtida berilishi ustidan nazorat oʻrnatish hamda muntazam ravishda xalq deputatlari Kengashlarining sessiyalarida muhokama qilish tavsiya etilsin.
7. Mazkur Qaror ijrosini nazorat qilish Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi (E. Gadoyev) zimmasiga yuklansin.
8. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2022-yil 4-fevral,
SQ-476-IV-son
