Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yilda davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi faoliyati va huquqni qoʻllash amaliyotining holati toʻgʻrisidagi axboroti haqida (SQ-477-IV-son)
04.02.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yilda davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi faoliyati va huquqni qoʻllash amaliyotining holati toʻgʻrisidagi axborotini eshitib, bu borada muayyan ishlar amalga oshirilganligini qayd etadi.
Jumladan, vazirlik tomonidan 2021-yilda 28 ta normativ-huquqiy hujjatning huquqiy monitoringi oʻtkazilib, ularning 25 tasida kamchiliklar aniqlangan.
Vazirlikka huquqiy ekspertizadan oʻtkazish uchun kelib tushgan 2 554 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasidan 2 246 tasi (88 foizi) huquqiy ekspertizadan oʻtkazilgan, shundan 308 tasi (12 foizi) huquqiy ekspertizadan oʻtkazilmasdan qaytarilgan, 640 tasi (28,5 foizi) eʼtirozlar bilan qaytarilgan.
Shuningdek, gilotina usulida Hukumat qarorlari qayta koʻrib chiqilib, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli qarori bilan 1 887 ta qaror oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilgan. Natijada normativ-huquqiy bazada Hukumat hujjatlari 10 foizga qisqargan.
Umumiy tusdagi, harakatsiz va huquqni qoʻllash amaliyotiga taʼsir qilmaydigan qonunchilik hujjatlarini qisqartirish maqsadida 488 ta idoraviy normativ-huquqiy hujjat oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilib, ularning 11 foizga qisqarishiga erishilgan.
Shu bilan birga, amaldagi qonunchilik hujjatlarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish doirasida 892 ta normativ-huquqiy hujjatdan 224 tasida 660 ta korrupsiyaviy omil aniqlangan.
Bundan tashqari, jami 11 000 dan ortiq barcha darajadagi mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda davlat tashkilotlarining hududiy organlari faoliyatida “E-qaror” elektron tizimi joriy etilgan. Bu bilan tegishli hujjatlarni avtomatik tahlil qilish va barcha jarayonlarni adliya organlari tomonidan monitoring qilib borish imkoniyati yaratilgan.
Shu bilan birga, norma ijodkorligi faoliyati hamda huquqni qoʻllash amaliyoti sohasida qator muammolar saqlanib qolmoqda.
Birinchidan, norma ijodkorligi va huquqni qoʻllash sohasini yanada takomillashtirish maqsadida qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmat koʻrsatish faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5168-sonli qarorida Yuridik xizmat koʻrsatish markazlarini tashkil etish, shu bilan birga 2021-yil 1-oktabrgacha Adliya vazirligiga markazlarni malakali kadrlar bilan toʻldirish vazifasi yuklatilgan.
Biroq oradan 4 oy vaqt oʻtgan boʻlsa-da, bugungi kunga qadar mazkur markazlarni malakali kadrlar bilan toʻldirish ishlari yakuniga yetkazilmagan.
Jumladan, Adliya vazirligining axborotiga koʻra, Yuridik xizmat koʻrsatish markazlarida tanlov uchun eʼlon qilingan 1029 ta shtat birligiga 6712 nafar nomzod hujjat topshirgan va shundan 877 nafar xodim ishga qabul qilinib, vakantlar soni bugungi kunda 152 tani tashkil etmoqda.
Xususan, vacancy.adliya.uz saytida berilgan maʼlumotlarga koʻra, nomzodlar yetarli boʻlishiga qaramasdan Qashqadaryo viloyatining Gʻuzor, Kasbi va Dehqonobod tumanlari Yuridik xizmat koʻrsatish markazlarida 2 tadan vakant, Navoiy viloyatining Zarafshon shahri, Nurota, Qiziltepa tumanlari hamda Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanidagi markazlarda esa 3 tadan (tuman va shaharlarda jami 3 yoki 4 ta shtat birligi mavjud), eng asosiysi, Toshkent viloyatining Ohangaron va Bekobod shaharlaridagi hamda Boʻka tumanidagi markazlarda markaz boshligʻi lavozimlari vakantligicha qolmoqda.
Bundan tashqari, boshqa hududlardagi markazlarda ham boʻsh ish oʻrinlari mavjud boʻlsa-da, ular haqidagi maʼlumotlar vacancy.adliya.uz saytiga joylashtirilmagan.
Bu esa davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi va huquqni qoʻllash sohasida, shu bilan birga ochiqlik va shaffoflikni taʼminlashda oʻzining salbiy taʼsirini koʻrsatmoqda.
Ikkinchidan, xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 2021-yil 27-martdagi “Toshkent shahrida tashqi reklama sohasidagi faoliyatni tartibga solish toʻgʻrisida”gi qarori amaldagi qonunchilikka zid ravishda qabul qilinib, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab boʻldi.
Mazkur holat Senat tomonidan nazoratga olinib, qaror qonunchilikka muvofiqlashtirildi.
Biroq amaldagi qonunchilikka koʻra mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy tusdagi qarorlarini huquqiy ekspertizadan oʻtkazish, mazkur sohada aniqlangan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish boʻyicha taʼsir choralarini qoʻllash adliya organlarining asosiy vazifalaridan biri etib belgilangan boʻlsa-da, ushbu holatda Adliya vazirligi tomonidan hech qanday munosabat bildirilmagan.
Aksincha, mazkur qarorning qonunchilikka zidligi toʻgʻrisida Adliya vazirligi tomonidan Senatga maʼlumot taqdim qilish bilan cheklanilgan.
Uchinchidan, “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 28-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari loyihalarining huquqiy ekspertizasi ular kelib tushgan sanadan eʼtiboran oʻn kun ichida, vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar normativ-huquqiy hujjatlarining huquqiy ekspertizasi ular kelib tushgan sanadan eʼtiboran oʻttiz kun ichida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
Qoʻshimcha oʻrganish talab qilganda qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari loyihalarini koʻrib chiqish muddati besh kungacha, vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarning normativ-huquqiy hujjatlarini koʻrib chiqish muddati esa oʻn besh kungacha uzaytirilishi mumkin.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining hududiy boʻlinmalari tomonidan:
xalq deputatlari viloyat, tuman, (shahar) Kengashi qarorlari loyihalarining huquqiy ekspertizasi ikki ish kuni ichida;
viloyat, tuman, (shahar) hokimi qarorlari loyihalarining huquqiy ekspertizasi besh ish kuni ichida oʻtkaziladi.
Biroq Adliya vazirligi tomonidan 401 ta holatda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini huquqiy ekspertizadan oʻtkazish muddatlari buzilgan.
Bundan tashqari, vazirlikning hududiy boʻlinmalari tomonidan mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ tusdagi qarori loyihalarini huquqiy ekspertizadan oʻtkazish muddatlari ham buzilgan.
Masalan, Samarqand viloyati hokimining 2021-yil 24-noyabrdagi maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish bilan bogʻliq xizmatlar uchun majburiy toʻlov tariflarini belgilashga oid 165-7-0-Q/21-sonli qarorini ekspertizadan oʻtkazish muddati buzilgan.
Shu kabi muddat buzilishlari birgina Samarqand viloyatida 10 dan ortiq holatda takrorlangan.
Shuningdek, Namangan viloyati hokimi va xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashi tomonidan 2021-yilning 10 oyi davomida qabul qilingan 6 ta normativ tusdagi qaror loyihalarini huquqiy ekspertizadan oʻtkazish muddatlari buzilgan.
Xususan, Namangan viloyati hokimining 2021-yil 15-iyuldagi viloyatdagi bozorlar va savdo komplekslarida undiriladigan toʻlovlar miqdorlariga oid qarorini ekspertizadan oʻtkazish muddati buzilgan.
Bu kabi holatlar tegishli normativ-huquqiy hujjatni oʻz vaqtida qabul qilish va maʼlum ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish muddatining kechiktirilishiga sabab boʻlgan.
Toʻrtinchidan, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 30-martdagi 192-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomga asosan, normativ-huquqiy hujjatlarning gender-huquqiy ekspertizasi davlat organlari va boshqa tashkilotlarning takliflariga asosan ishlab chiqiladigan va Adliya vazirligi tomonidan har uch yilda bir marotaba tasdiqlanadigan tegishli rejaga asosan oʻtkazilishi va reja tasdiqlanishidan oldin Oʻzbekiston Respublikasi Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiyasi bilan kelishilishi zarurligi belgilangan.
Shu bilan birga, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining gender-huquqiy ekspertizasi uni ishlab chiquvchi va huquqiy ekspertiza doirasida adliya organlari tomonidan oʻtkazilishi belgilangan.
Biroq Adliya vazirligining axborotida gender-huquqiy ekspertizadan oʻtkazilgan normativ-huquqiy hujjatlar haqida maʼlumot keltirilmagan.
Shuningdek, Adliya vazirligidan olingan maʼlumotlarga koʻra (vazirlikning 2022-yil 22-yanvardagi 3/13-1/41-sonli javob xati) 2020-2021-yillar mobaynida 5043 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi huquqiy ekspertizadan oʻtkazilib, ularning bor yoʻgʻi 3 tasida gender tenglik prinsiplari buzilganligi aniqlangan.
Beshinchidan, vazirlikning axborotini oʻrganish jarayonida Adliya vazirligi tomonidan taqdim qilingan maʼlumotlarda oʻzaro nomuvofiqliklar mavjudligi aniqlandi.
Xususan, vazirlikning 2022-yil 19-yanvardagi 3/40-1/76-sonli xatida 2021-yil davomida vazirlikka huquqiy ekspertizadan oʻtkazish uchun jami 2 554 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasining kelib tushganligi qayd etilgan boʻlsa, 2022-yil 20-yanvardagi 3/20-1/120-sonli xatida esa ushbu raqam 2 960 tani tashkil etib, oradagi farq 406 tani koʻrsatmoqda.
Shuningdek, vazirlikning 2022-yil 19-yanvardagi 3/40-1/76-sonli xatida 2021-yil davomida vazirlik va hududiy adliya organlari tomonidan tegishli tashkilotlarga 8 280 ta taqdimnoma kiritilganligi qayd etilgan boʻlsa, 2022-yil 20-yanvardagi 3/20-1/120-sonli xatiga koʻra tegishli tashkilotlarga kiritilgan taqdimnomalar soni 24 189 tani, shundan huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganish sohasidagi taqdimnomalar soni 9 149 tani tashkil etib, umumiy taqdimnomalar soni boʻyicha oradagi farq 15 909 tani, aynan huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganish sohasidagi taqdimnomalar boʻyicha oradagi farq 869 tani koʻrsatmoqda.
Bu kabi oʻzaro nomuvofiqlik esa vazirlik tomonidan yuritiladigan statistik maʼlumotlarning haqiqiy holatdan farq qilishidan dalolat berishi mumkin.
Yuqorida bayon etilganlarga hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 32-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yilda davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi faoliyati va huquqni qoʻllash amaliyotining holati toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi (R. Davletov):
bir oy muddatda qonun hujjatlarini tubdan qayta koʻrib chiqqan holda ularni tizimlashtirish, normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va qabul qilish jarayonlari sifatini oshirish, ular ijrosi monitoringini takomillashtirish choralarini koʻrsin;
ikki oy muddatda qonunchilikni tizimlashtirish orqali ortiqcha byurokratik tartib-taomillarni bartaraf etish, qonunchilik bazasidagi harakatsiz va amalda qoʻllanilmayotgan hujjatlarni tubdan qisqartirish maqsadida gilotina usulidan foydalanishni yanada kuchaytirsin;
doimiy ravishda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini huquqiy ekspertizadan oʻtkazishda Oʻzbekiston Respublikasi uchun ustuvor boʻlgan xalqaro reyting va indekslardagi mamlakatning oʻrniga taʼsirini inobatga olsin;
ikki oy muddatda Yuridik xizmat koʻrsatish markazlarini malakali kadrlar bilan toʻldirish choralarini koʻrsin;
normativ-huquqiy hujjat loyihasini huquqiy, gender-huquqiy va korrupsiyaga qarshi oʻtkaziladigan ekspertiza xulosalari vazirlikning rasmiy veb-saytiga doimiy ravishda joylashtirilishini taʼminlasin;
ikki oy muddatda vazirlik va hududiy adliya organlari tomonidan oʻtkazilgan huquqiy ekspertiza natijalarini qayta tahlil qilsin hamda bu borada xodimlarning masʼuliyatini oshirish hamda mazkur sohadagi faoliyatni yanada kuchaytirish choralarini koʻrsin;
uch oy muddatda xalqaro va milliy qonunchilikni, huquqshunos olimlar, ekspertlarning fikr-mulohazalari va tajribasini inobatga olgan holda qonunchilikda yuridik shaxslar uchun javobgarlikni belgilash masalasini puxta oʻrganib chiqsin hamda natijasi yuzasidan tahliliy hujjatlarni Senatga kiritsin;
ikki oy muddatda amaldagi bir-biriga zid boʻlgan qonunchilik normalarini, ayniqsa tadbirkorlik sohasidagi qonunchilikni koʻrib chiqsin va tegishli takliflarni tayyorlab Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
uch oy muddatda ushbu Qarorning ijro etilishi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga axborot taqdim etsin.
3. Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash masalalari qoʻmitasi (F. Boqiyev):
bir oy muddatda Adliya vazirligining ochiqlikni taʼminlash borasidagi faoliyatini oʻrganib chiqsin va natijasi yuzasidan umumlashtirilgan maʼlumotni Senat Kengashiga kiritsin;
doimiy ravishda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash sohasini monitoring qilib borsin.
4. Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi (N. Umarov):
har yarim yillikda adliya organlarining davlat organlari va tashkilotlarida norma ijodkorligi va huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganish faoliyatini tahlil qilib, natijasi yuzasidan Qoʻmitada muhokama qilinishini taʼminlab borsin;
norma ijodkorligi faoliyati borasida davlat idoralari bilan hamkorlikni yanada kuchaytirsin;
ushbu Qaror ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida umumlashtirilgan maʼlumotni 2022-yilning 20-may kuniga qadar Senat Kengashiga kiritsin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga:
muntazam ravishda hududiy adliya organlari faoliyati toʻgʻrisidagi axborotlarni eshitib, shaffoflikni taʼminlashga qaratilgan qarorlar qabul qilish;
hududiy davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi faoliyati va huquqni qoʻllash amaliyoti holati ustidan taʼsirchan deputatlik nazoratini oʻrnatish tavsiya etilsin.
6. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklansin.
7. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2022-yil 4-fevral,
SQ-477-IV-son
