Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ayrim qoʻmitalari faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida (SQ-483-IV-son)
04.02.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ayrim qoʻmitalari faoliyatini takomillashtirish maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining 9 va 17-moddalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi etib;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qoʻmitasi etib qayta tashkil etilsin.
2. Senatning Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidan kelib tushgan qonunlarni dastlabki tarzda koʻrib chiqish va Senat Kengashiga takliflar kiritish;
agrar va suv xoʻjaligi masalalariga oid qonun hujjatlari, davlat dasturlarining ijro etilishi ustidan tizimli parlament nazoratini amalga oshirish, shu jumladan davlat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlarining hisobot va axborotlarini eshitib borish;
agrar va suv xoʻjaligi masalalariga oid mavjud qonunchilik bazasini tahlil qilish, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
qishloq xoʻjaligi ekin maydonlaridan, shu jumladan, gʻalla maydonlari va tomorqa yerlaridan foydalanish samaradorligining xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida muhokama qilinishi amaliyotini oʻrganish, mahalliy Kengashlarning bu boradagi faoliyatiga uslubiy koʻmaklashish;
xorijiy mamlakatlar tajribasini oʻrgangan holda agrar va suv xoʻjaligi sektoriga innovatsion texnologiyalarni joriy etish boʻyicha asoslantirilgan takliflar ishlab chiqish;
jismoniy va yuridik shaxslarning agrar va suv xoʻjaligi masalalariga oid murojaatlarini koʻrib chiqish.
3. Senatning Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qoʻmitasining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidan kelib tushgan qonunlarni dastlabki tarzda koʻrib chiqish va Senat Kengashiga takliflar kiritish;
Orolboʻyi va ekologiya masalalariga oid qonun hujjatlari, davlat dasturlarining ijro etilishi ustidan tizimli parlament nazoratini amalga oshirish, shu jumladan davlat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlarining hisobot va axborotlarini eshitib borish;
Orolboʻyi va ekologiya masalalariga oid mavjud qonunchilik bazasini tahlil qilish, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
ekologik turizmni rivojlantirishga qaratilgan qarorlar qabul qilish;
Orolboʻyi mintaqasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, mazkur hududda yashovchi aholining genofondini tiklash va sogʻligʻini saqlash, ularning turmush sharoitini yaxshilash, bandligini taʼminlash boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
fuqarolarning qulay atrof-tabiiy muhitga ega boʻlishga oid konstitutsiyaviy huquqlarining soʻzsiz roʻyobga chiqarilishini taʼminlash yuzasidan choralar koʻrish;
Orolboʻyi hududida ekologik vaziyatni yaxshilash, atrof-muhitni muhofaza qilish, bioxilmaxillikni tiklash, hayvonot va oʻsimlik dunyosini saqlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oshirishga hamda Orol dengizi qurishining oqibatlarini bartaraf etish sohasida davlat-xususiy sherikchilikni rivojlantirishga koʻmaklashish;
Orol dengizining qurib qolgan qismidagi shoʻrlangan yerlarda ekotizimlarni tiklash, munosib hayot faoliyatini taʼminlash hamda himoya oʻrmonzorlarini barpo qilish borasidagi ishlarni monitoring qilish;
xorijiy mamlakatlar tajribasini oʻrgangan holda atrof-tabiiy muhitga salbiy taʼsirni kamaytirish boʻyicha asoslantirilgan takliflar ishlab chiqish;
xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar bilan samarali hamkorlikni tashkil etish orqali Orolboʻyi mintaqasining investitsiyalar jalb etuvchanligini yaxshilash hamda Orolboʻyi hududida vujudga kelgan muammolarni bartaraf etish maqsadida xorijiy investitsiyalarni jalb etishga koʻmaklashish;
tegishli vazirlik va idoralar vakillarini jalb qilgan holda Orolboʻyi hududida vujudga kelgan muammolarni aniqlab borish va ularni hal etish boʻyicha tegishli choralar koʻrish;
mutasaddi davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining fuqarolar ekologik madaniyatini oshirish bilan bogʻliq faoliyatiga koʻmaklashish;
Orolboʻyi mintaqasida ekologik inqiroz oqibatlariga barham berish maqsadida Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik asosida Trast fondi bilan samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish;
jismoniy va yuridik shaxslarning Orolboʻyi va ekologiya masalalariga oid murojaatlarini koʻrib chiqish.
4. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2020-yil 21-oktabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalariga oid faoliyatini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi SQ-148-1V-sonli Qarorining 2 va 6-bandlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2020-yil 11-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qoʻmitalari toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi KQ-154-IV-sonli Qarori 1-bandining 9-xatboshisi.
6. Ushbu Qarorga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati devoni rahbari (A. Ziyayev) ikki hafta muddatda Senat faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar hamda Senatning shtatlar jadvaliga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha takliflar tayyorlasin.
7. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklansin.
8. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2022-yil 4-fevral,
SQ-483-IV-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2022-yil 4-fevraldagi SQ-483-IV-sonli Qaroriga1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasining (bundan buyon matnda Qoʻmita deb yuritiladi) asosiy vazifalari va funksiyalarini, shuningdek Qoʻmita faoliyatini tashkil etish hamda amalga oshirishda davlat hokimiyati va boshqaruvi, xoʻjalik boshqaruvi organlari, tashkilot hamda muassasalar, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolar bilan hamkorlik qilish tartibini belgilaydi.
2. Qoʻmita oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati (bundan buyon matnda Senat deb yuritiladi) Kengashi qarorlariga, shuningdek ushbu Nizomga amal qiladi.
3. Qoʻmita Senat oldida masʼul va unga hisobdordir.
II. Qoʻmitaning asosiy vazifalari va funksiyalari
4. Qoʻmitaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidan kelib tushgan qonunlarni dastlabki tarzda koʻrib chiqish va Senat Kengashiga takliflar kiritish;
agrar va suv xoʻjaligi masalalariga oid qonun hujjatlari, davlat dasturlarining ijro etilishi ustidan tizimli parlament nazoratini amalga oshirish, shu jumladan davlat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlarining hisobot va axborotlarini eshitib borish;
agrar va suv xoʻjaligi masalalariga oid mavjud qonunchilik bazasini tahlil qilish, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
qishloq xoʻjaligi ekin maydonlaridan, shu jumladan, gʻalla maydonlari va tomorqa yerlaridan foydalanish samaradorligining xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida muhokama qilinishi amaliyotini oʻrganish, mahalliy Kengashlarning bu boradagi faoliyatiga uslubiy koʻmaklashish;
xorijiy mamlakatlar tajribasini oʻrgangan holda agrar va suv xoʻjaligi sektoriga innovatsion texnologiyalarni joriy etish boʻyicha asoslantirilgan takliflar ishlab chiqish;
jismoniy va yuridik shaxslarning agrar va suv xoʻjaligi masalalariga oid murojaatlarini koʻrib chiqish.
5. Qoʻmita oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishda qonun hujjatlariga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
Qonunchilik palatasidan kelib tushgan qonunlarni davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari, ilmiy muassasalar vakillari, mutaxassislar va olimlardan iborat tarkibda ishchi guruh tuzgan holda dastlabki tarzda koʻrib chiqadi (qonunlarda umumdavlat va hududiy manfaatlar mutanosibligi taʼminlanganiga alohida eʼtibor bergan holda), ular boʻyicha xulosa tayyorlaydi va Senatning yalpi majlisi kun tartibiga kiritish bilan bogʻliq takliflarni Senat Kengashiga kiritadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim masalalari yuzasidan har yilgi maʼruzasini dastlabki tarzda koʻrib chiqadi, zarur hollarda Senatning yalpi majlisida muhokama qilinishi shart boʻlgan taklif va mulohazalarni ishlab chiqadi, Senatning tegishli qarorlari loyihalarini tayyorlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining ayrim dolzarb masalalari yuzasidan hisobotini dastlabki tarzda koʻrib chiqadi, zarur hollarda taklif va mulohazalarni tayyorlaydi, Senatning tegishli qarorlari loyihalarini ishlab chiqadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining agrar va suv xoʻjaligi masalalariga oid vazirliklar, davlat qoʻmitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlarini tuzish hamda tugatish toʻgʻrisidagi farmonlarini tasdiqlash haqidagi Senat qarorlari loyihalarini ishlab chiqadi;
Senat majlislarida hukumat aʼzolarining oʻz faoliyatiga doir masalalar yuzasidan axborotini eshitish boʻyicha Senat Kengashiga takliflar kiritadi;
yangi qabul qilingan qonunlar ijrosini taʼminlash uchun qonunosti hujjatlarining oʻz vaqtida qabul qilinishi yuzasidan monitoringni amalga oshiradi;
parlament soʻrovi yuborish boʻyicha Senat Kengashiga takliflar kiritadi;
agrar va suv xoʻjaligi sohasidagi davlat hokimiyati va boshqaruvi, xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlarining qonunlarga rioya etayotganligi, Senat, uning Kengashi qarorlari va Qoʻmita qarorlarini bajarayotganligi toʻgʻrisidagi axborotini eshitadi;
agrar va suv xoʻjaligi sohasidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Senat, uning Kengashi qarorlari, davlat dasturlarining davlat hokimiyati va boshqaruvi, xoʻjalik boshqaruvi organlari tomonidan ijro etilishining holatini va huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganadi;
agrar va suv xoʻjaligi sohasiga oid qonunchilikni yanada takomillashtirish maqsadida bu boradagi xalqaro tajribani oʻrganadi va xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan normalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish boʻyicha asoslantirilgan takliflar ishlab chiqadi;
xorijiy mamlakatlar tajribasini oʻrgangan holda agrar va suv xoʻjaligi sektoriga innovatsion texnologiyalarni joriy etish boʻyicha asoslantirilgan takliflar ishlab chiqadi;
qishloq xoʻjaligi ekin maydonlaridan, shu jumladan, gʻalla maydonlaridan va tomorqa yerlaridan foydalanish samaradorligini oʻrganadi, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida muhokama qilinishi amaliyotini tahlil qiladi, mahalliy Kengashlarning bu boradagi faoliyatiga uslubiy koʻmaklashadi;
chet el davlatlari parlamentlarining tegishli qoʻmitalari (komissiyalari) bilan hamkorlik qiladi;
xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining tegishli doimiy komissiyalari bilan hamkorlik qiladi, ularning faoliyatiga uslubiy jihatdan koʻmaklashadi;
Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti bilan hamkorlikni amalga oshiradi, ularning aʼzolari tomonidan taqdim etilgan dolzarb masalalar yuzasidan takliflarni Qoʻmita muhokamasiga, zarur hollarda Kengash muhokamasiga kiritib boradi;
mamlakatimizda sodir boʻlayotgan muhim voqealar hamda aholining keng muhokamasiga sabab boʻlayotgan masalalar yuzasidan ommaviy axborot vositalarida munosabat bildirib boradi;
Senatga kelib tushgan jismoniy va yuridik shaxslarning agrar va suv xoʻjaligi sohasiga oid murojaatlarini koʻrib chiqadi hamda ularni hal etish yuzasidan zarur choralar koʻradi, jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslar vakillarini qabul qilish orqali xalq bilan muloqotni amalga oshiradi, murojaatlarning tahlilini yuritadi;
davlat organlari va boshqa tashkilotlardan, mansabdor shaxslardan hujjatlarni, ekspertlik va boshqa xulosalarni, statistik va tahliliy maʼlumotlarni talab qilib oladi;
Qoʻmita aʼzolarining faoliyati toʻgʻrisidagi axborotlarni eshitadi;
Senatning yalpi majlislarida maʼqullangan qonunlarning mazmun-mohiyatini keng aholi eʼtiboriga yetkazish maqsadida joylarda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari bilan hamkorlikda targʻibot tadbirlarini amalga oshiradi;
qabul qilingan qonunlarning mazmun-mohiyatini keng ommaga yetkazish, qonun hujjatlarini takomillashtirish va boshqa dolzarb masalalar boʻyicha tadbirlar (konferensiya, davra suhbati, seminarlar) oʻtkazadi;
Qoʻmita faoliyatiga doir masalalar yuzasidan davlat hokimiyati va boshqaruvi, xoʻjalik boshqaruvi organlari, boshqa tashkilotlar hamda muassasalar, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolar bilan hamkorlik qiladi;
Qoʻmita faoliyatini tashkil etish va Qoʻmita aʼzolarining faoliyatini muvofiqlashtirishga oid masalalarni hal etadi.
Qoʻmita qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
III. Qoʻmita tarkibi va faoliyatini amalga oshirish tartibi
6. Qoʻmita senatorlar orasidan Senat vakolatlari muddatiga rais, uning oʻrinbosari va aʼzolaridan iborat tarkibda tuziladi.
Qoʻmita raisi, qoida tariqasida, uning oʻrinbosari Senatda doimiy asosda ishlashi mumkin.
Qoʻmita tarkibini saylash va unga oʻzgartirishlar kiritish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamentida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
7. Qoʻmita raisi:
Qoʻmita ish rejasi loyihasini tayyorlaydi va Qoʻmitaning tasdiqlangan ish rejasi bajarilishini nazorat qiladi;
zarur materiallar tayyorlanishini tashkil etadi, Qoʻmita majlislarini chaqiradi va ularda raislik qiladi;
Qoʻmita aʼzolariga topshiriqlar beradi, ularga Qoʻmita faoliyati bilan bogʻliq materiallar va hujjatlarni yuboradi;
Qonunchilik palatasidan kelib tushgan qonunlarni koʻrib chiqish boʻyicha ishchi guruhlar ishida ishtirok etish, shuningdek Qoʻmitaning boshqa topshiriqlarini bajarish uchun Qoʻmita aʼzolarini belgilaydi;
davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ilmiy muassasalar, xoʻjalik yurituvchi subyektlar, matbuot organlari, televideniye, radio va boshqa ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek mutaxassislar, ekspertlar va olimlarni Qoʻmita ishida ishtirok etishga taklif qiladi;
Senat, uning Kengashi majlislarida, davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari bilan munosabatlarda Qoʻmita nomidan ish koʻradi;
Qoʻmita qarorlarining ijrosiga doir ishlarni tashkil etadi;
Senatni, uning Kengashini, Senat Raisi va uning oʻrinbosarlarini Senat rahbariyati topshiriqlari bajarilishidan xabardor qiladi;
Qoʻmita tomonidan qabul qilingan qarorlar bajarilishi va Qoʻmita tavsiyalari koʻrib chiqilishidan Qoʻmita aʼzolarini xabardor qiladi;
qonunlarda, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamentida hamda ushbu Nizomda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
8. Qoʻmita raisining oʻrinbosari Qoʻmita raisining topshirigʻiga binoan uning ayrim vazifalarini bajaradi va Qoʻmita raisi yoʻqligida yoki oʻz vazifalarini amalga oshirishi mumkin boʻlmagan taqdirda, uning vazifasini bajarib turadi.
Qoʻmitada ish yuritish Qoʻmita kotibiyati tomonidan amalga oshiriladi.
9. Qoʻmita oʻz faoliyatini majlislar shaklida amalga oshiradi.
Qoʻmitaning majlislari Senat majlislari oraligida zaruratga qarab oʻtkaziladi.
Qoʻmita majlisini rais oʻz tashabbusiga yoki Qoʻmita aʼzolari umumiy sonining yarmidan koʻpi tashabbusiga koʻra chaqiradi.
10. Qoʻmita aʼzosi Qoʻmita majlislarida ishtirok etishi shart.
Qoʻmita aʼzosi uzrli sabablarga koʻra Qoʻmita majlisida ishtirok etish imkoniyati yoʻqligi haqida Qoʻmita raisini oldindan xabardor qiladi.
11. Qoʻmita majlisi toʻgʻrisida Qoʻmita raisi, qoida tariqasida, Senat Raisini majlis oʻtkazilishidan kamida yetti kun avval xabardor qiladi. Shu bilan bir vaqtda unga barcha zarur hujjatlarni taqdim etadi. Senat Raisidan majlisni oʻtkazish toʻgʻrisida rozilik olinganidan soʻng Qoʻmita raisi Qoʻmita aʼzolarini va majlisning boshqa ishtirokchilarini xabardor qiladi.
12. Qoʻmitaning majlislari, agar ularda Qoʻmita aʼzolarining kamida yarmi hozir boʻlsa, vakolatli hisoblanadi.
13. Qoʻmita majlisini Qoʻmita raisi, u boʻlmagan yoki oʻz vazifalarini bajara olmagan taqdirda Qoʻmita raisi oʻrinbosari yoxud Qoʻmita aʼzolaridan biri olib boradi.
14. Qoʻmitaning majlislari ochiq tarzda oʻtkaziladi. Zarurat boʻlganida Qoʻmita yopiq majlis oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin.
Qoʻmita majlislariga davlat hokimiyati va boshqaruvi, xoʻjalik boshqaruvi organlari, korxonalar, tashkilotlar hamda muassasalar, nodavlat notijorat tashkilotlari, ilmiy muassasalar, ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek Senatning boshqa qoʻmitalari aʼzolari va Senat devoni xodimlari taklif qilinishi mumkin.
15. Qoʻmita koʻrib chiqilayotgan masalalar yuzasidan Qoʻmita jami aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan qarorlar qabul qiladi.
Qoʻmitaning davlat organlariga yuborilayotgan qarorlari ular tomonidan koʻrib chiqilishi shart, natijalari yoki koʻrilgan choralar toʻgʻrisida, agar qarorda boshqacha qoida belgilangan boʻlmasa, uzogʻi bilan bir oydan kechiktirmay xabar qilinishi kerak.
Qoʻmitaning qarorini uning majlisida raislik qiluvchi imzolaydi.
16. Qoʻmita Senatning boshqa qoʻmitalari bilan hamkorlikda qoʻshma majlislar oʻtkazishi mumkin.
17. Qoʻmitaning ishi uning ish rejasiga, shuningdek Senat, Senat Kengashi, Senat Raisi topshiriqlari hamda tavsiyalariga muvofiq tashkil etiladi.
18. Qoʻmitaning qonunlar, Senat qarorlari ijrosi, huquqni qoʻllash amaliyoti holatini oʻrganish boʻyicha yarim yillik ish rejalari Senat Kengashi tomonidan yilning 1-fevraliga va 1-iyuliga qadar tasdiqlanadi.
Qoʻmitaning qonunlar, Senat qarorlari ijrosi, huquqni qoʻllash amaliyoti holatini oʻrganish boʻyicha yarim yillik ish rejalarini koʻrib chiqish natijalari yuzasidan Senat Kengashi qaror qabul qiladi.
19. Qonunlarni muhokama qilishga, nazorat tadbirlarini tayyorlash va oʻtkazishga koʻmaklashish maqsadida Qoʻmita huzurida ekspert guruhlari tuziladi.
Ekspert guruhlarining faoliyat koʻrsatish tartibi Qoʻmita tomonidan belgilanadi.
20. Qoʻmita oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarning lozim darajada bajarilishini taʼminlash maqsadida davlat hokimiyati va boshqaruvi, xoʻjalik boshqaruvi organlari xodimlaridan, korxonalar, tashkilotlar hamda muassasalar, nodavlat notijorat tashkilotlari, ilmiy muassasalar, ommaviy axborot vositalari vakillaridan va sohada yetuk nazariy va amaliy bilimlarga ega boʻlgan shaxslardan iborat tarkibda ilmiy-maslahat kengashlari, ishchi guruhlar tuzishi mumkin.
21. Qoʻmitaning joylardagi aʼzolari har oyda oʻz faoliyati haqida Qoʻmitaga tegishli axborotlar taqdim etib boradi.
IV. Yakunlovchi qoidalar
22. Qoʻmita faoliyatining tashkiliy, axborot-tahliliy, moddiy-texnik taʼminoti Senat devoni tomonidan amalga oshiriladi.
23. Ushbu Nizomga oʻzgartirish hamda qoʻshimchalar Senat Kengashi qarori bilan kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2022-yil 4-fevraldagi SQ-483-IV-sonli Qaroriga2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qoʻmitasi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qoʻmitasining (bundan buyon matnda Qoʻmita deb yuritiladi) asosiy vazifalari va funksiyalarini, shuningdek Qoʻmita faoliyatini tashkil etish hamda amalga oshirishda davlat hokimiyati va boshqaruvi, xoʻjalik boshqaruvi organlari, tashkilot hamda muassasalar, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolar bilan hamkorlik qilish tartibini belgilaydi.
2. Qoʻmita oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati (bundan buyon matnda Senat deb yuritiladi) Kengashi qarorlariga, shuningdek ushbu Nizomga amal qiladi.
3. Qoʻmita Senat oldida masʼul va unga hisobdordir.
II. Qoʻmitaning asosiy vazifalari va funksiyalari
4. Qoʻmitaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidan kelib tushgan qonunlarni dastlabki tarzda koʻrib chiqish va Senat Kengashiga takliflar kiritish;
Orolboʻyi va ekologiya masalalariga oid qonunchilik hujjatlari, davlat dasturlarining ijro etilishi ustidan tizimli parlament nazoratini amalga oshirish, shu jumladan davlat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlarining hisobot va axborotlarini eshitib borish;
Orolboʻyi va ekologiya masalalariga oid mavjud qonunchilik bazasini tahlil qilish, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
ekologik turizmni rivojlantirishga qaratilgan qarorlar qabul qilish;
Orolboʻyi mintaqasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, mazkur hududda yashovchi aholining genofondini tiklash va sogʻligʻini saqlash, ularning turmush sharoitini yaxshilash, bandligini taʼminlash boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
fuqarolarning qulay atrof-tabiiy muhitga ega boʻlishga oid konstitutsiyaviy huquqlarining soʻzsiz roʻyobga chiqarilishini taʼminlash yuzasidan choralar koʻrish;
Orolboʻyi hududida ekologik vaziyatni yaxshilash, atrof-muhitni muhofaza qilish, bioxilmaxillikni tiklash, hayvonot va oʻsimlik dunyosini saqlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oshirishga hamda Orol dengizi qurishining oqibatlarini bartaraf etish sohasida davlat-xususiy sherikchilikni rivojlantirishga koʻmaklashish;
Orol dengizining qurib qolgan qismidagi shoʻrlangan yerlarda ekotizimlarni tiklash, munosib hayot faoliyatini taʼminlash hamda himoya oʻrmonzorlarini barpo qilish borasidagi ishlarni monitoring qilish;
xorijiy mamlakatlar tajribasini oʻrgangan holda atrof-tabiiy muhitga salbiy taʼsirni kamaytirish boʻyicha asoslantirilgan takliflar ishlab chiqish;
xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar bilan samarali hamkorlikni tashkil etish orqali Orolboʻyi mintaqasining investitsiyaviy jozibadorligini yaxshilash hamda Orolboʻyi hududida vujudga kelgan muammolarni bartaraf etish maqsadida xorijiy investitsiyalarni jalb etishga koʻmaklashish;
tegishli vazirlik va idoralar vakillarini jalb qilgan holda Orolboʻyi hududida vujudga kelgan muammolarni aniqlab borish va ularni hal etish boʻyicha tegishli choralar koʻrish;
mutasaddi davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining fuqarolar ekologik madaniyatini oshirish bilan bogʻliq faoliyatiga koʻmaklashish;
Orolboʻyi mintaqasida ekologik inqiroz oqibatlariga barham berish maqsadida Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik asosida Trast fondi bilan samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish;
jismoniy va yuridik shaxslarning Orolboʻyi va ekologiya masalalariga oid murojaatlarini koʻrib chiqish.
Qoʻmita qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.
5. Qoʻmita oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun qonun hujjatlariga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidan kelib tushgan qonunlarni davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari, ilmiy muassasalar vakillari, mutaxassislar va olimlardan iborat tarkibda ishchi guruh tuzgan holda dastlabki tarzda koʻrib chiqadi (qonunlarda umumdavlat va hududiy manfaatlar mutanosibligi taʼminlanganiga alohida eʼtibor bergan holda), ular boʻyicha xulosa tayyorlaydi va Senatning yalpi majlisi kun tartibiga kiritish bilan bogʻliq takliflarni Senat Kengashiga kiritadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim masalalari yuzasidan har yilgi maʼruzasini dastlabki tarzda koʻrib chiqadi, zarur hollarda Senatning yalpi majlisida muhokama qilinishi shart boʻlgan taklif va mulohazalarni ishlab chiqadi, Senatning tegishli qarorlari loyihalarini tayyorlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining ayrim dolzarb masalalari yuzasidan hisobotini dastlabki tarzda koʻrib chiqadi, zarur hollarda taklif va mulohazalarni tayyorlaydi, Senatning tegishli qarorlari loyihalarini ishlab chiqadi;
Orolboʻyi mintaqasida tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish, yangi korxonalar qurish, mazkur hudud aholisini ish bilan taʼminlash istagida boʻlgan tadbirkorlik subyektlariga soliq va bojxona sohalarida imtiyoz va preferensiyalar berishni koʻzda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi;
Senat majlislarida hukumat aʼzolarining oʻz faoliyatiga doir masalalar yuzasidan axborotini eshitish boʻyicha Senat Kengashiga takliflar kiritadi;
Orolboʻyi va ekologiya masalalariga oid normativ-huquqiy hujjatlar, Senat, uning Kengashi qarorlari, davlat dasturlarining davlat hokimiyati va boshqaruvi, xoʻjalik boshqaruvi organlari tomonidan ijro etilishining holatini va huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganadi;
Orolboʻyi atrof-tabiiy muhitini muhofaza qilish va ekologiya masalalari boʻyicha tizimli dasturlar va loyihalar ishlab chiqilishida ishtirok etadi hamda ularning ijro etilishini nazorat qiladi;
Orolboʻyi va ekologiya masalalariga oid qonunchilikni yanada takomillashtirishga doir takliflar tayyorlash va kiritish maqsadida xalqaro tajribani oʻrganadi va muntazam tahlillar olib boradi;
Senatning yalpi majlislarida maʼqullangan qonunlarning mazmun-mohiyatini keng aholi eʼtiboriga yetkazish maqsadida hamda Orolboʻyi mintaqasida yashovchi aholining turmush sharoitini yanada yaxshilash va ekologiya masalalari boʻyicha tegishli xalq deputatlari mahalliy Kengashlari bilan samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyadi;
qabul qilingan qonunlarning mazmun-mohiyatini keng ommaga yetkazish, qonunchilikni takomillashtirish va boshqa dolzarb masalalar boʻyicha tadbirlar (konferensiya, davra suhbati, seminarlar) oʻtkazadi;
parlament soʻrovi yuborish boʻyicha Senat Kengashiga takliflar kiritadi;
hayvonot va oʻsimlik dunyosini saqlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oshirishga, mavjud qoʻriqxonalarni qaytadan taʼmirlash va yangi qoʻriqxona hududlarini yaratish boʻyicha ishlarga koʻmaklashadi;
Orol dengizining Oʻzbekiston Respublikasi tomonidagi qurigan tubida dov-daraxtlar ekilgan maydonlarni va himoya oʻrmonzorlarini kengaytirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
Orolboʻyi hududida ekologik vaziyatni yaxshilash, atrof-muhitni muhofaza qilish, oʻsimlik va hayvonot dunyosini sogʻlomlashtirish, bioxilmaxillikni tiklashga oid muammolarini hal etish borasidagi ishlarga keng jamoatchilikni jalb etishga koʻmaklashadi;
Orolboʻyi mintaqasini samarali va barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida tadbirkorlik subyektlarini jalb qilgan holda mazkur hududda ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasini yaratish borasidagi ishlarga koʻmaklashadi;
Orol dengizining qurib qolgan qismidagi shoʻrlangan yerlarda ekotizimlarni tiklash hamda munosib hayot faoliyatini taʼminlash, himoya oʻrmonzorlarini barpo qilish borasida mutasaddi idoralar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni tizimli ravishda oʻrganib boradi va ularning axborotini eshitadi;
xorijiy mamlakatlar tajribasini oʻrgangan holda atrof-tabiiy muhitga salbiy taʼsirni kamaytirish boʻyicha asoslantirilgan takliflar ishlab chiqadi;
fuqarolarning qulay atrof-tabiiy muhitga ega boʻlishiga oid konstitutsiyaviy huquqlarining soʻzsiz roʻyobga chiqarilishini taʼminlash boʻyicha tahlillar olib boradi va qarorlar qabul qiladi;
ekologik turizmni rivojlantirish maqsadida tizimli tahlillar olib boradi, ushbu sohani rivojlantirish yuzasidan qarorlar qabul qiladi;
Orolboʻyi mintaqasida yashovchi aholining genofondini tiklash va sogʻligini saqlash boʻyicha takliflar ishlab chiqadi, ularning amalga oshirilishini nazorat qiladi;
Orolboʻyi mintaqasida yashovchi aholiga malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda tibbiy xizmatlar koʻrsatish mexanizmlari samaradorligini oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
Orolboʻyi mintaqasida yashovchi aholiga chorvachilik, parrandachilik, intensiv bogʻdorchilik va uzumchilik, qishloq xoʻjaligi va chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlash, energiya samarador issiqxonalar va sovutkich kameralar tashkil qilishga, ularga tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun imtiyozli asosda kreditlar ajratilishiga koʻmaklashadi;
Orolboʻyi mintaqasini obodonlashtirish, mazkur hududda toza ichimlik suvi taʼminoti, kanalizatsiya va boshqa ichki muhandislik-kommunikatsiya tizimlarini yaxshilashga qaratilgan dasturlar ijrosini nazorat qiladi;
Orolboʻyi mintaqasining investitsiyaviy jozibadorligini yaxshilash maqsadida rivojlangan xorijiy mamlakatlar olimlari va tadbirkorlarini jalb qilgan holda Orolboʻyi hududida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun yaratilgan imtiyozlar haqida xalqaro konferensiya va boshqa anjumanlar tashkil qilib boradi;
Orolboʻyi mintaqasida ekologik inqiroz oqibatlariga barham berish maqsadida Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik asosida Trast fondi bilan samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyadi;
Moliya vazirligi huzuridagi Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari maqsadli sarflanishini nazorat qiladi;
Senatga kelib tushgan jismoniy va yuridik shaxslarning Orolboʻyi va ekologiya masalalariga oid murojaatlarini koʻrib chiqadi hamda ularni hal etish yuzasidan zarur choralar koʻradi, jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslar vakillarini qabul qilish orqali xalq bilan muloqotni amalga oshiradi, murojaatlarning tahlilini yuritadi;
davlat organlari va boshqa tashkilotlardan, mansabdor shaxslardan hujjatlarni, ekspertlik va boshqa xulosalarni, statistik va boshqa maʼlumotlarni talab qilib oladi;
Qoʻmita aʼzolarining faoliyati toʻgʻrisidagi axborotlarni eshitadi;
Qoʻmita faoliyatiga doir masalalar yuzasidan davlat hokimiyati va boshqaruvi, xoʻjalik boshqaruvi organlari, boshqa tashkilotlar hamda muassasalar, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolar bilan hamkorlik qiladi;
Qoʻmita faoliyatini tashkil etish va Qoʻmita aʼzolarining faoliyatini muvofiqlashtirishga oid masalalarni hal etadi.
Qoʻmita qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
III. Qoʻmita tarkibi va faoliyatini amalga oshirish tartibi
6. Qoʻmita senatorlar orasidan Senat vakolatlari muddatiga rais, uning oʻrinbosari va aʼzolaridan iborat tarkibda tuziladi.
Qoʻmita raisi, qoida tariqasida Qoʻmitaning bir nafar aʼzosi Senatda doimiy asosda ishlashi mumkin.
Qoʻmita tarkibini saylash va unga oʻzgartirishlar kiritish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamentida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
7. Qoʻmita raisi:
Qoʻmita ish rejasi loyihasini tayyorlaydi va Qoʻmitaning tasdiqlangan ish rejasi bajarilishini nazorat qiladi;
zarur materiallar tayyorlanishini tashkil etadi, Qoʻmita majlislarini chaqiradi va ularda raislik qiladi;
Qoʻmita aʼzolariga topshiriqlar beradi, ularga Qoʻmita faoliyati bilan bogʻliq materiallar va hujjatlarni yuboradi;
Qonunchilik palatasidan kelib tushgan qonunlarni koʻrib chiqish boʻyicha ishchi guruhlar ishida ishtirok etish, shuningdek Qoʻmitaning boshqa topshiriqlarini bajarish uchun Qoʻmita aʼzolarini belgilaydi;
davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ilmiy muassasalar, xoʻjalik yurituvchi subyektlar, matbuot organlari, televideniye, radio va boshqa ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek mutaxassislar, ekspertlar va olimlarni Qoʻmita ishida ishtirok etishga taklif qiladi;
Senat, uning Kengashi majlislarida, davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari bilan munosabatlarda Qoʻmita nomidan ish koʻradi;
Qoʻmita qarorlarining ijrosiga doir ishlarni tashkil etadi;
Senatni, uning Kengashini, Senat Raisi va uning oʻrinbosarlarini Senat rahbariyati topshiriqlari bajarilishidan xabardor qiladi;
Qoʻmita tomonidan qabul qilingan qarorlar bajarilishi va Qoʻmita tavsiyalari koʻrib chiqilishidan Qoʻmita aʼzolarini xabardor qiladi;
qonunlarda, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamentida hamda ushbu Nizomda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
8. Qoʻmita raisining oʻrinbosari Qoʻmita raisining topshirigʻiga binoan uning ayrim vazifalarini bajaradi va Qoʻmita raisi yoʻqligida yoki oʻz vazifalarini amalga oshirishi mumkin boʻlmagan taqdirda, uning vazifasini bajarib turadi.
Qoʻmita raisining oʻrinbosari Orolboʻyi mintaqasiga oid masalalarni bevosita hududga chiqqan holda hal etadi.
Qoʻmitada ish yuritish Qoʻmita kotibiyati tomonidan amalga oshiriladi.
9. Qoʻmita oʻz faoliyatini majlislar shaklida amalga oshiradi.
Qoʻmitaning majlislari Senat majlislari oraligʻida zaruratga qarab oʻtkaziladi.
Qoʻmita majlisini rais oʻz tashabbusiga yoki Qoʻmita aʼzolari umumiy sonining yarmidan koʻpi tashabbusiga koʻra chaqiradi.
10. Qoʻmita aʼzosi Qoʻmita majlislarida ishtirok etishi shart.
Qoʻmita aʼzosi uzrli sabablarga koʻra Qoʻmita majlisida ishtirok etish imkoniyati yoʻqligi haqida Qoʻmita raisini oldindan xabardor qiladi.
11. Qoʻmita majlisi toʻgʻrisida Qoʻmita raisi, qoida tariqasida, Senat Raisini majlis oʻtkazilishidan kamida yetti kun avval xabardor qiladi. Shu bilan bir vaqtda unga barcha zarur hujjatlarni taqdim etadi. Senat Raisidan majlisni oʻtkazish toʻgʻrisida rozilik olinganidan soʻng Qoʻmita raisi Qoʻmita aʼzolarini va majlisning boshqa ishtirokchilarini xabardor qiladi.
12. Qoʻmitaning majlislari, agar ularda Qoʻmita aʼzolarining kamida yarmi hozir boʻlsa, vakolatli hisoblanadi.
13. Qoʻmita majlisini Qoʻmita raisi, u boʻlmagan yoki oʻz vazifalarini bajara olmagan taqdirda Qoʻmita raisi oʻrinbosari yoki Qoʻmita aʼzolaridan biri olib boradi.
14. Qoʻmitaning majlislari ochiq tarzda oʻtkaziladi. Zarurat boʻlganida Qoʻmita yopiq majlis oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin.
Qoʻmita majlislariga davlat hokimiyati va boshqaruvi, xoʻjalik boshqaruvi organlari, korxonalar, tashkilotlar hamda muassasalar, nodavlat notijorat tashkilotlari, ilmiy muassasalar, ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek Senatning boshqa qoʻmitalari aʼzolari va Senat devoni xodimlari taklif qilinishi mumkin.
15. Qoʻmita koʻrib chiqilayotgan masalalar yuzasidan Qoʻmita jami aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan qarorlar qabul qiladi.
Qoʻmitaning davlat organlariga yuborilayotgan qarorlari ular tomonidan koʻrib chiqilishi shart, natijalari yoki koʻrilgan choralar toʻgʻrisida, agar qarorda boshqacha qoida belgilangan boʻlmasa, uzogʻi bilan bir oydan kechiktirmay xabar qilinishi kerak.
Qoʻmitaning qarorini uning majlisida raislik qiluvchi imzolaydi.
16. Qoʻmita Senatning boshqa qoʻmitalari bilan hamkorlikda qoʻshma majlislar oʻtkazishi mumkin.
17. Qoʻmitaning ishi uning ish rejasiga, shuningdek Senat, Senat Kengashi, Senat Raisi topshiriqlari hamda tavsiyalariga muvofiq tashkil etiladi.
18. Qoʻmitaning qonunlar, Senat qarorlari ijrosi, huquqni qoʻllash amaliyoti holatini oʻrganish boʻyicha yarim yillik ish rejalari Senat Kengashi tomonidan yilning 1-fevrali va 1-iyuliga qadar tasdiqlanadi.
Qoʻmitaning qonunlar, Senat qarorlari ijrosi, huquqni qoʻllash amaliyoti holatini oʻrganish boʻyicha yarim yillik ish rejalarini koʻrib chiqish natijalari yuzasidan Senat Kengashi qaror qabul qiladi.
19. Qonunlarni muhokama qilishga, nazorat tadbirlarini tayyorlash va oʻtkazishga koʻmaklashish maqsadida Qoʻmita huzurida ekspert guruhlari tuziladi.
Ekspert guruhlarining faoliyat koʻrsatish tartibi Qoʻmita tomonidan belgilanadi.
20. Qoʻmita oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni lozim darajada bajarilishini taʼminlash maqsadida davlat hokimiyati va boshqaruvi, xoʻjalik boshqaruvi organlari xodimlaridan, korxonalar, tashkilotlar hamda muassasalar, nodavlat notijorat tashkilotlari, ilmiy muassasalar, ommaviy axborot vositalari vakillaridan va sohada yetuk nazariy va amaliy bilimlarga ega boʻlgan shaxslardan iborat tarkibda ilmiy-konsultativ kengashlar, ishchi guruhlar tuzishi mumkin.