31-modda. EHM uchun yaratilgan dasturga mualliflik huquqi
Axborotlashtirish toʻgʻrisida (868-XII-son) · Sana: 07.05.1993 · Amalda
Ijodiy faoliyati natijasida EHM uchun dastur yaratgan jismoniy shaxs uning muallifi deb eʼtirof etiladi. Basharti, EHM uchun dastur ikki yoki undan ortiq jismoniy shaxsning birgalikdagi ijodiy faoliyati natijasida yaratilgan boʻlsa, dastur har biri mustaqil ahamiyatga ega qismlardan iboratmi-yoʻqmi yoki uning boʻlinish-boʻlinmasligidan qatʼi nazar, bu shaxslardan har biri bunday dasturning muallifi deb eʼtirof etiladi.
EHM uchun yaratilgan dasturga mualliflik huquqi jismoniy shaxsga yoki jamoaga Dasturiy mahsullar davlat reyestri beradigan shahodatnoma bilan guvohlantiriladi.
EHM uchun yaratilgan dastur muallifi uning mulkiy huquqlaridan qatʼi nazar:
mualliflik huquqi — EHM uchun yaratilgan dastur muallifi deb hisoblanish huquqi;
nomlash huquqi — EHM uchun yaratilgan dasturda muallif nomini koʻrsatish shaklini: oʻz nomi bilan, shartli nom (tahallus) bilan yoki xufyona nom bilan atashni belgilash huquqi; hamda
daxlsizlik (bus-butunlik) huquqi — EHM uchun yaratilgan dasturning oʻzini ham, uning nomini ham muallifning shon-sharafiga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan buzib koʻrsatishlar va boshqa tajovuzlardan himoya qilish huquqidan iborat shaxsiy huquqlarga ega boʻladi.
