25-modda. Xususiy shaxslarga doir axborotlarni qayta ishlash
Axborotlashtirish toʻgʻrisida (868-XII-son) · Sana: 07.05.1993 · Amalda
Xususiy shaxslarga doir axborotlarni qayta ishlashning tizimlari aholining talab-ehtiyojlari va manfaatlaridagi oʻzgarishlarni, fuqarolarning ijtimoiy fikrlarini oʻrganish, jinoiy harakatlarga qarshi kurash, Oʻzbekiston Respublikasining davlat sirlarini, iqtisodiyotga oid sirlarini va boshqa sirlarini qoʻriqlash uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni umumlashtirish va tahlil etish, davlatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni boshqarish hamda uning istiqlolini taʼminlash uchun zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlar olish maqsadida davlat va jamoat tashkilotlari, boshqa tashkilotlar tomonidan vujudga keltiriladi.
Avtomatlashtirilgan tizimlar va boshqa tizimlardagi xususiy shaxslarga doir axborotlardan ularning konstitutsiyaviy huquqlarini cheklab qoʻyish uchun foydalanilmasligi lozim.
Xususiy shaxslarga doir axborotlarni davlat tasarrufida boʻlmagan tashkilotlar tomonidan qayta ishlash ruxsatnoma asosida amalga oshiriladi.
Oʻz vakolatlariga muvofiq xususiy shaxslarga doir axborotlarga egalik qiluvchi va ulardan foydalanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar ana shunday axborotlardan foydalanish tartibi hamda qoidalarini buzganlik uchun intizomiy, maʼmuriy va jinoiy javobgar boʻladilar.
