23-modda. Axborotlarga nisbatan mulkchilik huquqi
Axborotlashtirish toʻgʻrisida (868-XII-son) · Sana: 07.05.1993 · Amalda
Axborot davlat organlarining, yuridik va jismoniy shaxslarning faoliyat mahsuli sifatida moddiy yoki intellektual mulk obyekti boʻlishi mumkin. Davlat organlari, yuridik va jismoniy shaxslar axborotlarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari bilan belgilanadigan mulkiy huquqqa egadirlar.
Hujjatlashtirilgan axborot mulk obyekti sifatida alohida hujjat yoki hujjatlar toʻplami shaklida (kutubxona, arxiv, fond, bilimlar bazasi va boshqa shakllarda) namoyon boʻladi.
Axborot egasi oʻz mulkining obyektiga nisbatan har qanday qonuniy xatti-harakatlarni sodir etishi, shuningdek axborotga egalik qiluvchi, undan foydalanuvchi yoki uni tasarruf etuvchi shaxsni tayinlashi mumkin.
Quyidagilar:
oʻz kuchi bilan va oʻz hisobidan axborot yaratish;
axborot yaratishga doir shartnoma;
axborotga nisbatan mulkdorlik huquqini boshqa shaxsga oʻtkazish shartini oʻzida aks ettirgan oldi-sotdiga, yetkazib berishga doir shartnoma yoki boshqa kelishuv shartnomasi;
merosga olish va tortiq qilish axborotga nisbatan mulkdorlik huquqi paydo boʻlishiga asos boʻladi.
Axborotga nisbatan mulkdorlik huquqini roʻyobga chiqarishning oʻziga xos jihatlari amaldagi mualliflik huquqiga doir qonunlar bilan belgilab qoʻyiladi.
Davlat mulki hisoblangan axborotga himoya sertifikatiga ega boʻlgan tizimlardagina qayta ishlov berilishi lozim.
Avtomatlashtirilgan axborot tizimlari yordamida kiritiladigan va uzatiladigan hujjatlarning yuridik kuchi elektron imzo bilan tasdiqlanishi mumkin. Elektron imzoning yuridik kuchi avtomatlashtirilgan tizimda imzolarning bir xilligini taʼminlovchi sertifikatsiyalangan dasturiy-texnika vositalari mavjud boʻlgan taqdirda eʼtirof etiladi.
