19-modda. Davlat boshqaruv organlarining axborotlashtirish sohasidagi vakolatlari va masʼuliyati
Axborotlashtirish toʻgʻrisida (868-XII-son) · Sana: 07.05.1993 · Amalda
Axborotlashtirish sohasidagi davlat boshqaruv organlarining vakolatlariga:
axborotlashtirish sohasida davlat siyosatining asoslarini ishlab chiqish, davlatning, yuridik va jismoniy shaxslarning axborotlashtirish zaxiralarini hosil etish hamda ulardan foydalanish ishlarini muvofiqlashtirib borish, subyektlarning axborotlashtirish sohasidagi munosabatlarga taalluqli huquqlari va kafolatlarini himoya qilish;
axborotlashtirish sohasidagi umumdavlat dasturlarini ishlab chiqish hamda roʻyobga chiqarishga rahbarlik qilish, ana shu maqsadlar uchun ajratilgan mablagʻlarni taqsimlash, istiqbolga moʻljallangan axborot texnologiyalari sohasida ilmiy tadqiqotlarni, loyihalarni muvofiqlashtirish va ragʻbatlantirish, ularning bajarilishi ustidan nazorat qilish;
davlat boshqaruv organlarini axborotlar bilan taʼminlash tartibi va shartlarini belgilash;
avtomatlashtirilgan axborot va axborot-hisoblash tizimlari hamda tarmoqlari yaratishni, shu jumladan ularni hisobga olish, sertifikatsiyalash hamda litsenziya berishni tartibga solish;
axborotlashtirish infrastrukturasining umumiy kommunikatsiya muhitini va boshqa tarkibiy qismlari yaratilishini taʼminlash, axborotlashtirish sohasidagi bozor omillarini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish;
axborotlashtirish sohasidagi loyihalar va takliflarni ekspertizadan oʻtkazish, bu sohada tarmoq hujjatlari va standartlarining yagona tizimini joriy etish hamda ularga rioya etilishi ustidan nazorat oʻrnatish;
axborotlashtirish sohasida xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni tashkil etish hamda ilmiy-texnikaviy aloqalarni uygʻunlashtirish kiradi.
Davlat boshqaruv organlari tomonidan hujjatlarni birxillashtirish tizimining tarkibi, davlat va jamoat faoliyatining barcha sohalarida toʻplanadigan hamda ishlov beriladigan axborotlarga, shuningdek odamlarning huquqlari va manfaatlari muhofaza hamda himoya etilishini taʼminlash maqsadida foydalaniladigan xususiy shaxslar toʻgʻrisidagi axborotlarga doir klassifikatorlar, standartlar belgilanadi.
