Jinoyatchilikka qarshi kurashda hamkorlik qilish toʻgʻrisida
05.11.2013
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Ispaniya Qirolligi oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi va Ispaniya Qirolligi, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
xalqaro jinoyatchilik davlatlarning rivojlanishiga va xavfsizligiga jiddiy tahdid solishini anglagan holda,
jinoyatchilikka, ayniqsa, uning uyushgan shakllariga qarshi kurashda hamkorlikni rivojlantirish va chuqurlashtirish muhimligini inobatga olib,
jinoyatchilikka qarshi kurash sohasida xalqaro hamkorlikka katta eʼtibor qaratgan holda umumeʼtirof etilgan inson huquqlari va erkinliklariga lozim darajada rioya etish bilan ushbu sohada imkon qadar kengroq va samarali hamkorlik qilish istagini bildirib,
tenglik, oʻzarolik va oʻzaro yordam koʻrsatish tamoyillariga tayangan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda Hamkorlik sohasi
1. Tomonlar oʻz milliy qonunchiliklari va ushbu Bitim qoidalariga muvofiq, oʻz vakolatli organlari orqali jinoyatchilikka, ayniqsa uning uyushgan shakllariga qarshi kurashda hamkorlik qiladilar.
2. Tomonlarning vakolatli organlari ushbu Bitimni amalga oshirishda bir-birlari bilan bevosita hamkorlik qiladilar.
2-modda Hamkorlik yoʻnalishlari
1. Tomonlar quyidagi jinoyatlarga qarshi kurashda hamkorlik qiladilar:
a) terrorizm, uni qoʻllab-quvvatlash va moliyalashtirish;
b) hayotga va sogʻliqqa qarshi jinoyatlar;
v) odam savdosi, inson organlari va toʻqimalari savdosi hamda noqonuniy migratsiya;
g) giyohvand vositalar, psixotrop moddalar va prekursorlarining noqonuniy muomalada boʻlishi;
d) qurollar, oʻq-dorilar, portlovchi moddalar hamda boshqa xavfli moddalar, ikki xil maqsadda ishlatilishi mumkin boʻlgan tovarlar va texnologiyalarning noqonuniy muomalada boʻlishi hamda noqonuniy savdosi;
e) radioaktiv moddalar, biologik va yadroviy materiallarni oʻgʻirlash, ularning noqonuniy muomalada boʻlishi hamda noqonuniy savdosi. Ulardan belgilanmagan maqsadda foydalanish, ular bilan tahdid qilish yoki ulardan lozim darajada foydalanmaslik;
j) noqonuniy moliyaviy operatsiyalar, iqtisodiy va soliqqa oid jinoyatlar hamda jinoiy faoliyat yoʻli bilan olingan foydalarni legallashtirish;
z) davlat xizmati sohasidagi korrupsiya;
i) valyuta, qimmatli qogʻozlar, cheklar va boshqa toʻlov vositalarini, shaxsni tasdiqlovchi va yoʻl hujjatlarini qalbakilashtirish (bosib chiqarish yoki oʻzgartirish) hamda ulardan noqonuniy foydalanish;
k) jinsiy erkinlikka qarshi, jumladan voyaga yetmaganlarning jinsiy erkinligiga qarshi jinoyatlar. Voyaga yetmaganlarning shahvoniy tasvirlarini ishlab chiqarish, tarqatish, taqdim etish hamda yosh bolalar pornografiyasini hosil qiluvchi yoki oʻzida saqlovchi materiallar bilan bogʻliq istalgan faoliyat;
l) mulkka qarshi jinoyatlar, shu jumladan tarixiy qadr-qimmatga ega boʻlgan va sanʼat asarlari hisoblangan madaniy boyliklarni oʻgʻirlash va ularning noqonuniy muomalada boʻlishi;
m) avtotransport vositalarini oʻgʻirlash, ularning noqonuniy muomalada boʻlishi va savdosi, hujjatlarni soxtalashtirish hamda soxta hujjatlardan foydalanish, shuningdek ular bilan bogʻliq boshqa noqonuniy operatsiyalar;
n) axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar;
o) madaniy va tarixiy boyliklarga aloqador buyumlar, sanʼat asarlari, qimmatbaho toshlar va metallar, intellektual mulk, shuningdek boshqa boyliklarning noqonuniy muomalada boʻlishi.
3-modda Hamkorlik shakllari
1. Tomonlar quyidagi shakllarda hamkorlikni amalga oshiradilar:
a) jinoyatlarni fosh etish, oldini olish, shuningdek ushbu Bitimning 2-moddasiga muvofiq boshqa masalalarni hal etishga yordam berishi mumkin boʻlgan maʼlumotlar bilan almashish;
b) shaxslar, tashkilot, muassasa va korxonalar faoliyatini hamda tovarlar va hujjatlarni tekshirish orqali ushbu Bitimning 2-moddasida koʻzda tutilgan jinoyatlarni fosh etishda koʻmaklashish;
v) shaxslarni identifikatsiya qilish va murdalarni tanib olishda koʻmaklashish;
g) giyohvand vositalar, psixotrop moddalar va ularning prekursorlarini nazorat ostida yetkazib berish sohasida hamkorlik qilish;
d) seminarlar, oʻquv kurslari va maslahatlashuvlarni tashkil qilish yoʻli bilan tajriba va mutaxassislar bilan almashish;
e) texnikaviy va ilmiy-metodik yordam koʻrsatish hamda ixtisoslashtirilgan jihozlar haqida maʼlumotlar almashish;
j) kontrabanda, ayniqsa giyohvand vositalar, psixotrop moddalar va prekursorlar kontrabandasining oldini olish maqsadida chegara va bojxona nazoratini mustahkamlash boʻyicha zarur huquqiy, maʼmuriy va muhofaza choralarini koʻrish.
2. Tomonlar ushbu Bitim doirasida oʻzaro kelishuv asosida Bitimning maqsadlariga mos kelishi sharti bilan boshqa sohalarda hamkorlik qilishlari mumkin.
3. Ushbu Bitim doirasidagi hamkorlik har qanday holda ham jinoyat ishlari boʻyicha huquqiy yordam koʻrsatish va sud yordamini taʼminlash yoki Yevropa hibsga olish orderi predmeti hisoblanadigan huquqbuzarlarni ushlab berish yoki topshirish masalalarini oʻz ichiga olmasligi lozim.
4. Hamkorlik hajmi va muayyan shakllari vakolatli organlarning kelishuviga koʻra ehtiyoj va sharoitlarni, shuningdek boshqa holatlarni hisobga olgan holda belgilanadi.
4-modda Ogʻir jinoyatlar haqida maʼlumotlar almashish
Ushbu Bitimning 3-modda 1-qismi “a” bandida koʻzda tutilgan maʼlumotlarni almashish shu jumladan quyidagi jinoyatlarga daxl qiladi:
a) bir Tomon hududida jinoiy guruhlar tarafidan tayyorlanayotgan yoki sodir etilgan jinoyatlar, agar boshqa Tomon fuqarolari bunday faoliyatga jalb etilgan boʻlsa;
b) giyohvand vositalar, psixotrop moddalar va prekursorlarining noqonuniy muomalada boʻlishi;
v) jinoiy faoliyatdan olingan foydalarni legallashtirish bilan bogʻliq jinoyatlar, agar bunday faoliyat Tomonlardan birining hududida amalga oshirilsa.
5-modda Jinoiy faoliyat haqida maʼlumot almashish
Tomonlar, shuningdek, quyidagilar toʻgʻrisida maʼlumot almashadilar:
a) jinoyatlarni sodir etish usullari va metodlari, uyushgan guruhlar va tashkilotlarning tarkibi, tuzilishi, faoliyat sohasi va jinoiy aloqalari;
b) giyohvand vositalar, psixotrop moddalar va prekursorlarining noqonuniy muomalada boʻlish usullarini yashirish maqsadida foydalaniladigan marshrutlarni oshkor qilish tizimi, giyohvand vositalar, psixotrop moddalar va prekursorlarining yangi tendensiyalari;
v) terrorchilik guruhlarini moliyalashtirish va texnologiyalardan foydalanish usullari, tarkibi va tuzilishi;
g) ushbu Bitimning 2-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinuvchi Tomonlardan birining hududida doimiy yoki vaqtinchalik yashaydigan boshqa Tomon fuqarolari.
6-modda Hamkorlikni amalga oshirish shartlari
1. Ushbu Bitim doirasida koʻzda tutilgan maʼlumot almashinuvi va tadbirlar oʻtkazish haqidagi soʻrovlar bevosita Tomonlarning vakolatli organlariga diplomatik kanallar orqali yoki Interpol milliy byurosi orqali yozma ravishda yuborilishi lozim.
Soʻrov uni yuborayotgan vakolatli organning mansabdor shaxsi tomonidan imzolanadi va gerbli muhri bilan tasdiqlanadi. Shoshilinch hollarda, vakolatli organ batafsil maʼlumotni har qanday xavfsiz aloqa kanallari orqali ogʻzaki ravishda taqdim etishi soʻngra uni yozma shaklda tasdiqlashi mumkin.
2. Maʼlumotlar boʻyicha har qanday soʻrov ushbu Bitimga muvofiq uni asoslovchi sabab va qisqa tavsifdan iborat boʻlishi lozim.
3. Ushbu moddada nazarda tutilgan yordam koʻrsatish haqidagi soʻrov soʻralayotgan Tomonning milliy qonunchiligi asosida, shuningdek, ushbu Tomonning qonunchiligiga zid kelmagan taqdirda soʻrovda qayd etilgan tartiblarga muvofiq amalga oshiriladi. Agar soʻrovda nazarda tutilgan harakatlarni amalga oshirish bunday soʻrovni olgan organning vakolatiga kirmasa, mazkur organ soʻrovni oʻz davlatining tegishli vakolatli organiga taqdim etadi va bu haqda soʻrovni yuborgan Tomonni xabardor qiladi.
4. Vakolatli organlar, basharti maʼlumotlar boshqa Tomon uchun qiziqish uygʻotish mumkin deb hisoblash uchun asos mavjud boʻlsa, oʻz tergov jarayoniga zarar yetkazmagan holda, oldindan olingan soʻrovlarsiz oʻz tashabbuslari bilan ushbu Bitim doirasida tegishli maʼlumotlarni yuborishlari mumkin.
5. Soʻrovlarni bajarish qisqa muddatlar ichida amalga oshirilishi lozim. Zarur hollarda, vakolatli organlar mazkur soʻrovning bajarilishini yengillashtiradigan qoʻshimcha maʼlumotlar talab qilishlari mumkin.
7-modda Soʻrovlarni rad etish
1. Yordam koʻrsatish haqidagi soʻrov toʻliq yoki qisman rad etilishi mumkin, agar uning ijrosi:
a) inson huquqlarining buzilishiga, davlat suvereniteti yoki milliy xavfsizligiga zarar yetkazilishiga olib kelishi mumkin boʻlsa;
b) jamoat manfaatlariga yoki soʻralayotgan Tomonning milliy qonunchiligiga zid kelsa;
v) soʻralayotgan Tomon hududida olib borilayotgan tergov va boshqa jarayonlarga zarar keltiradigan boʻlsa;
g) soʻralayotgan Tomon sudining qaroriga yoki sud hukmini ijro qilishiga zid kelsa.
2. Agar yordam koʻrsatish haqidagi soʻrov rad etilsa, soʻralayotgan Tomonning vakolatli organi soʻrovni rad etish sabablari haqida yozma shaklda soʻrayotgan Tomonni xabardor qiladi.
8-modda Hamkorlikning boshqa shakllari va kadrlarni tayyorlash
1. Tomonlar ushbu Bitimning 2-moddasida qayd etilgan jinoyatlarning oldini olishga yoʻnaltirilgan huquqni muhofaza qilish choralari samaradorligini oshirish maqsadida huquqiy va maʼmuriy tizimlar asosida ham hamkorlik qiladilar.
2. Tomonlar oʻz vakolatli organlariga quyidagilarni qamrab oluvchi alohida bitimlar tuzishni topshiradilar:
a) ular oʻrtasida aloqa kanallarini oʻrnatish va yoʻlga qoʻyish, jinoyatlarning barcha jabhalari boʻyicha tegishli maʼlumotlarni ishonchli almashish hamda ushbu Bitimning 2-moddasida qayd etilgan boshqa masalalarni hal etish;
b) qayd etilgan jinoyatlarning, ayniqsa, giyohvand moddalarning noqonuniy muomalada boʻlishini oldini olish maqsadida boshqa harakatlarni amalga oshirish, agar bunday harakatlar Tomonlarning milliy qonunchiligiga zid kelmasa.
3. Tomonlar jinoyatchilikka qarshi kurashish maqsadida fan va texnika sohasidagi ilmiy-tadqiqot dasturlarini amalga oshirishda bir-birlariga koʻmaklashadilar, shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun kadrlar tayyorlash sohasida oʻzaro manfaatli asoslarda hamkorlik qiladilar.
9-modda Maʼlumotlardan foydalanish
1. Tomonlar, basharti oʻz vakolatli organlari bir-birlaridan oladigan maʼlumotlar yopiq xususiyatga ega boʻlsa yoki ularni taqdim qilayotgan Tomon oshkor qilinishini lozim deb topmasa, vakolatli organlar tarafidan bunday maʼlumotlarning maxfiyligini taʼminlashi toʻgʻrisida kelishib oldilar.
2. Ushbu Bitim doirasida olingan texnik vositalar, uskunalar va materiallar haqidagi maʼlumotlarni uchinchi tomonga topshirish zarurati tugʻilsa, ularni taqdim etgan vakolatli organning yozma roziligi bilan amalga oshiriladi.
3. Ushbu Bitim doirasida taqdim etilayotgan shaxsiy maʼlumotlarni oʻrganib chiqish quyidagi tarzda amalga oshiriladi:
a) zarur hollarda, taqdim etayotgan Tomon bunday maʼlumotlarning ishonchliligini, shuningdek tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalarning oʻz vaqtida taqdim etilishini taʼminlaydi. Jismoniy shaxslar toʻgʻrisida maʼlumotlarni qabul qilish, roʻyxatga olish, saqlash, ulardan foydalanish va ularni yoʻq qilish Tomonlarning milliy qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi. Ushbu Bitimning amal qilishi tugatilgan taqdirda, ilgari olingan barcha maʼlumotlar yoʻq qilinishi lozim;
b) shaxsiy maʼlumotlarni taqdim etish va qabul qilish holatlari roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim hamda begona shaxslar tomonidan maʼlumotlarning ruxsatsiz oʻzgartirilishi, yoʻq qilinishi yoki oshkor qilinishidan samarali himoya taʼminlanishi lozim;
v) soʻrov asosida qabul qilayotgan Tomon taqdim qilingan maʼlumotlardan foydalanish va ular asosida olingan natijalar haqida taqdim qilgan Tomonni xabardor qiladi.
10-modda Vakolatli organlar oʻrtasidagi bitimlar
Ushbu Bitim qoidalarini amalga oshirish maqsadida Tomonlarning manfaatdor vakolatli organlari idoralararo bitimlar tuzishlari mumkin.
11-modda Sarf-xarajatlar va majburiyatlar
1. Ushbu Bitimni amalga oshirish boʻyicha sarf-xarajatlarni Tomonlar oʻz majburiyatlarini bajarishlari uchun zarur darajada mustaqil ravishda qoplaydilar.
2. Zarur hollarda, Tomonlar ushbu Bitimni amalga oshirishdan kelib chiqadigan xarajatlarni har bir alohida holatda oʻzaro kelishilgan holda qoplaydilar. Birgalikdagi xarajatlar boʻyicha Tomonlarning majburiyatlari mazkur kelishuvlar bilan tartibga solinadi.
3. Tomonlar zarur hollarda, ushbu Bitimning 2-moddasida qayd etilgan jinoyatlarning oldini olish boʻyicha muayyan masalalarni hal etish uchun zarur boʻlgan uskuna va materiallar yetkazib berish orqali bir-birlariga begʻaraz yordam berishlari mumkin.
12-modda Vakolatli organlar
1. Ushbu Bitimning amaliy bajarilishiga javobgar organlar quyidagilardir:
Oʻzbekiston Respublikasi uchun: Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura, Davlat bojxona qoʻmitasi, Adliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi;
Ispaniya Qirolligi uchun: Ichki ishlar vazirligi, boshqa tegishli vazirliklarning vakolatiga zarar yetkazmagan holda.
2. Har bir Tomon oʻz vakolatli organlaridagi oʻzgarishlar haqida diplomatik kanallar orqali boshqa Tomonni xabardor qiladilar.
13-modda Hamkorlik tili
Ushbu Bitim doirasidagi hamkorlikni amalga oshirish ingliz tilida olib boriladi.
14-modda Qoʻshma komissiya
1. Ushbu Bitim qoidalarini amalga oshirish maqsadida Tomonlar oʻz vakolatli vakillaridan iborat boʻlgan Qoʻshma komissiya tuzishlari mumkin.
2. Qoʻshma komissiya zarur hollarda navbat bilan Oʻzbekistonda va Ispaniyada oʻzaro qiziqish uygʻotadigan masalalarni koʻrib chiqish hamda ular boʻyicha oʻzaro maqbul qarorlarni qabul qilish uchun yigʻilishi mumkin.
15-modda Nizolarni hal etish
Ushbu Bitim qoidalarini talqin etish yoki qoʻllashda yuzaga keladigan nizoli masalalar Tomonlar oʻrtasida oʻzaro maslahatlashuvlar yoki muzokaralar oʻtkazish yoʻli bilan hal etiladi.
16-modda Boshqa bitimlarga aloqadorlik
Ushbu Bitim qoidalari Tomonlar ishtirokchi boʻlgan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
17-modda Oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish
Tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra ushbu Bitimga uning ajralmas qismi hisoblanadigan hamda alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin. Mazkur oʻzgartishlar ushbu Bitimning 18-moddasiga muvofiq kuchga kiradi.
18-modda Bitimning kuchga kirishi, amal qilish muddati va tugatilishi
1. Ushbu Bitim Tomonlar tarafidan uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarining bajarilganligi toʻgʻrisida soʻngi yozma xabarnoma olingan kundan boshlab kuchga kiradi.
2. Ushbu Bitim nomuayyan muddatga tuziladi va Tomonlardan biri ushbu Bitimni tugatish niyati toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali boshqa Tomonni yozma shaklda xabardor qilguniga qadar amal qilishda davom etadi.
Bunday holda Bitimning amal qilishi boshqa Tomon mazkur tugatish haqidagi yozma habarnomani olgan kundan boshlab olti oydan soʻng tugatiladi.
Madrid shahrida 2013-yil 5-noyabrda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, ispan va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
(imzolar)
