Chorvachilikni yanada rivojlantirish va chorva ozuqa bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-121-son)
08.02.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Chorvachilik tarmoqlarini yanada rivojlantirish, chorvachilik xoʻjaliklarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, chorva ozuqa bazasini yanada koʻpaytirish, shuningdek, aholining yirik chorvachilik xoʻjaliklari va chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlovchilar bilan hamkorlikdagi faoliyati asosida (keyingi oʻrinlarda — kooperatsiya usulida) oʻz xonadonlarida chorva mollarini boqishini tashkil etish va chorva ozuqa bazasiga boʻlgan talabini qondirish maqsadida:
1. Quyidagilar:
paxta va gʻalla yetishtiruvchi subyektlar tomonidan 2 million gektar sugʻoriladigan yer maydonining 10 foiziga almashlab ekish taʼminlanadigan yer maydonlari hajmi 1-ilovaga muvofiq;
2022 — 2024-yillarda paxta-toʻqimachilik, gʻallachilik va sholichilik klasterlari tomonidan tashkil etiladigan chorvachilik komplekslarida chorva bosh sonini koʻpaytirish va chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish prognoz koʻrsatkichlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Bosh vazir oʻrinbosari Sh. Gʻaniyev, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi (B. Norqobilov):
Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda mazkur qarorga 1-ilovaga muvofiq hajmdagi yer maydonlarida beda va chorva ozuqa ekinlari ekilishini;
“Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari” uyushmasi hamda paxta-toʻqimachilik, gʻallachilik va sholichilik klasterlari bilan birgalikda mazkur qarorga 2-ilovaga muvofiq klasterlar tomonidan 500 — 1 000 boshga moʻljallangan chorvachilik komplekslari tashkil etilishini taʼminlasin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari:
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda 2022-2023-yillarda har bir tumanda kamida 1 tadan goʻsht va sut mahsulotlarini yetishtiruvchi va qayta ishlovchi korxonalar tomonidan aholi xonadonlariga kooperatsiya usulida chorva mollari yetkazib berishni va yetishtirilgan mahsulotlarni qayta ishlash va sotishni tashkil etsin;
Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda oʻzlashtiriladigan va boʻsh turgan yer maydonlari hisobidan aholi xonadonlariga kooperatsiya usulida chorva mollari yetkazib berishni va yetishtirilgan chorva mahsulotlarini qayta ishlashni tashkil etgan goʻsht va sut mahsulotlarini yetishtiruvchi va qayta ishlovchi korxonalarga, aholiga chorva ozuqasini yetkazib berish sharti bilan, chorva bosh soniga mutanosib ravishda ozuqa yerlarining elektron onlayn auksion savdolari asosida ijaraga berilishini taʼminlasin;
ozuqa bazasini yetishtirish uchun sugʻoriladigan yer maydonlari yetishmovchiligi mavjud boʻlgan tumanlarda goʻsht va sut mahsulotlariga boʻlgan isteʼmol talabini toʻliq qondirish maqsadida kooperatsiya usulida goʻsht va sut mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlashni yoʻlga qoʻygan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar chegaralari doirasida bir tumanda kooperatsiya usulida goʻsht va sut mahsulotlarini yetishtirishni tashkil etish hamda boshqa tumanda ozuqa ekinlarini yetishtirish uchun elektron onlayn auksion savdolari asosida sugʻoriladigan yerlar ajratishni taʼminlasin. Bunda, kooperatsiya usulida faoliyat olib boruvchi subyektlarga mazkur qarorda belgilangan barcha imtiyozlar qoʻllaniladi.
4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra kooperatsiya usulida goʻsht va sut mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlashni yoʻlga qoʻygan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga:
chorvachilik yoʻnalishida jalb qilinadigan xalqaro moliya institutlarining kredit mablagʻlari 10 yil muddatga 3 yil imtiyozli davr bilan ajratiladi.
Tijorat banklariga chorvachilik sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish, shu jumladan aylanma mablagʻlarni toʻldirish va modernizatsiya qilish uchun mazkur qaror qabul qilingunga qadar ajratilgan kreditlarning qaytarish muddatini oʻn yilgacha tadbirkorlarning arizalariga koʻra uzaytirish tavsiya etilsin.
5. Belgilansinki, 2022-yil 1-yanvardan boshlab 2023-yil 31-dekabrga qadar:
qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisi boʻlgan chorvachilik xoʻjaliklariga — oʻz xoʻjaliklarida va aholi xonadonlari bilan birgalikda kooperatsiya usulida yetishtirilib, goʻsht uchun realizatsiya qilingan yirik va mayda shoxli qoramollar tirik vaznining har bir kilogrammi uchun subsidiyaning miqdori 2 000 soʻmdan 4 000 soʻmga hamda sutning har bir litri uchun 200 soʻmdan 400 soʻmga oshiriladi. Bunda, subsidiya qoʻshilgan qiymat soligʻidan vaqtinchalik ozod qilish boʻyicha imtiyoz amalda boʻlgan davr uchun ham toʻlanadi;
chorvachilik xoʻjaliklari tomonidan kredit va lizing shartlari asosida xarid qilingan qishloq xoʻjaligi texnikalari kredit va lizing foizi xarajatlarining 10 foiz punktidan ortiq qismi Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tomonidan respublika budjeti hisobidan qoplab beriladi;
ozuqa ekin yer maydonlarida yomgʻirlatib va tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini joriy etgan chorvachilik xoʻjaliklariga uning har bir gektari uchun 8 million soʻm miqdorida respublika budjeti hisobidan belgilangan tartibda subsidiya ajratiladi;
gidroponika usulida chorva mollariga ozuqa yetishtirish uskunalarini xarid qilish xarajatining 20 foizi respublika budjeti hisobidan qoplab beriladi. Bunda, mazkur uskuna qiymatining 100 million soʻmdan oshmagan qismi qoplanadi.
6. Tadbirkorlik subyektlari tomonidan oʻrnatilgan tartibda shakllantiriladigan roʻyxat boʻyicha xorijdan olib kelinadigan, ishlab chiqarilganiga 5 yildan oshmagan ozuqa ekinlarini ekish, yigʻish va ozuqa tayyorlash qishloq xoʻjaligi texnikalari, ularning butlovchi buyumlari va ehtiyot qismlari, istisno tariqasida, 2025-yil 1-martga qadar bojxona toʻlovlaridan (qoʻshilgan qiymat soligʻi va bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) va utilizatsiya yigʻimidan ozod qilinsin hamda tadbirkorlik subyektlariga “erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimiga joylashtirilgan sanadan boshlab qoʻshilgan qiymat soligʻini 120 kungacha boʻlgan muddatga kechiktirib toʻlashga ruxsat berilsin.
7. Suv xoʻjaligi vazirligi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda har bir tumanning konturlari kesimida vegetatsiya davrida ajratiladigan suv limitlari hamda ozuqabop ekin turlarining suvga boʻlgan talabidan kelib chiqqan holda, kundalik ravishda yangilab boriladigan sugʻorish grafiklari haqidagi axborotni oʻz ichiga oluvchi elektron onlayn platformani tashkil etsin.
8. Quyidagilarga:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Sh. Gʻaniyev, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari zimmasiga:
paxta va gʻalla yetishtiruvchi subyektlar tomonidan mazkur qarorga 1-ilovaga muvofiq hajmdagi yer maydonlarida beda va chorva ozuqa ekinlarini ekish;
paxta-toʻqimachilik, gʻallachilik va sholichilik klasterlari tomonidan mazkur qarorga 2-ilovaga muvofiq chorvachilik komplekslarini tashkil etish;
har bir tumanda kamida 1 tadan goʻsht va 1 tadan sut yoʻnalishida goʻsht va sut mahsulotlarini yetishtiruvchi va qayta ishlovchi korxonalar tomonidan aholi xonadonlariga kooperatsiya usulida chorva mollari yetkazib berishni va yetishtirilgan chorva mahsulotlarini qayta ishlashni tashkil etish;
b) Davlat soliq qoʻmitasi raisi Sh. Kudbiyev zimmasiga:
yirik va mayda shoxli qoramollar tirik vaznining har bir kilogrammi uchun hamda sutning har bir litri uchun subsidiya olgan xoʻjalik subyektlari qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisi sifatida soliq organlarida roʻyxatdan oʻtganligini nazorat qilib borish;
mazkur qarorga 1-ilovaga muvofiq hajmdagi yer maydonlarida beda va chorva ozuqa ekinlari ekilganligini nazorat qilib borish hamda har chorakda Chorvachilik va uning tarmoqlarini rivojlantirish Respublika kengashiga axborot kiritib borish;
v) suv xoʻjaligi vaziri Sh. Xamrayev zimmasiga elektron onlayn platformaning belgilangan muddatda ishga tushirilishini va uning doimiy ravishda yangilab borilishini taʼminlash;
g) Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi B. Norqobilov va “Oʻzbekchorvanasl” agentligi direktori B. Atamurodov zimmasiga qarorning oʻz vaqtida va samarali ijro etilishini taʼminlash hamda yuzaga keladigan muammolarni bartaraf etish yuzasidan Chorvachilik va uning tarmoqlarini rivojlantirish Respublika kengashiga hamda Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish boʻyicha javobgarlik yuklansin.
9. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 8-fevral,
PQ-121-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-fevraldagi PQ-121-son qaroriga 1-ILOVA
Paxta va gʻalla yetishtiruvchi subyektlar tomonidan 2 million gektar sugʻoriladigan yer maydonining 10 foiziga almashlab ekish taʼminlanadigan yer maydonlari
HAJMI
gektar T/r Hududlar nomi Paxta maydoni Boshoqli don maydoni 10 foiz (almashlab ekish) 1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi 8 629 5 300 13 929 2. Andijon viloyati 7 899 7 600 15 499 3. Buxoro viloyati 9 790 6 060 15 850 4. Jizzax viloyati 8 020 9 350 17 370 5. Qashqadaryo viloyati 13 590 14 000 27 590 6. Navoiy viloyati 3 259 3 804 7 063 7. Namangan viloyati 6 341 6 775 13 116 8. Samarqand viloyati 7 536 9 423 16 959 9. Surxondaryo viloyati 7 237 9 080 16 317 10. Sirdaryo viloyati 7 256 8 000 15 256 11. Toshkent viloyati 7 216 10 385 17 601 12. Fargʻona viloyati 8 208 9 950 18 158 13. Xorazm viloyati 8 276 3 320 11 596 Jami 103 256 103 047 206 303
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-fevraldagi PQ-121-son qaroriga 2-ILOVA
2022 — 2024-yillarda paxta-toʻqimachilik, gʻallachilik va sholichilik klasterlari tomonidan tashkil etiladigan chorvachilik komplekslarida chorva bosh sonini koʻpaytirish va chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish
PROGNOZ KOʻRSATKICHLARI
T/r Hududlar nomi Jami klasterlar soni Shundan 2022 — 2024-yillarda yetishtiriladigan jami qoramollar bosh soni Shundan Talab etiladigan mablagʻ (mln soʻm) Paxta-toʻqimachilik klasterlari Gʻallachilik klasterlari Sholichilik klasterlari sut yoʻnalishida goʻsht yoʻnalishida Yetishtiriladigan sut (tonna) Yetishtiriladigan goʻsht (tonna) 1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi 34 9 17 8 60 915 20 561 40 355 1 096 478 181 859 32 284 2. Andijon viloyati 41 13 18 10 66 333 22 255 44 079 1 193 995 196 841 35 263 3. Buxoro viloyati 20 10 10 57 231 18 629 38 602 1 030 155 164 775 30 881 4. Jizzax viloyati 13 6 7 44 516 15 359 29 156 801 287 135 854 23 325 5. Qashqadaryo viloyati 37 17 20 76 729 26 067 50 662 1 381 120 230 563 40 529 6. Navoiy viloyati 11 2 9 28 095 7 550 20 545 505 704 66 776 16 436 7. Namangan viloyati 14 7 6 1 55 055 16 516 38 540 990 991 146 080 30 832 8. Samarqand viloyati 14 10 4 54 855 17 855 37 000 987 399 157 928 29 600 9. Surxondaryo viloyati 19 10 8 1 59 894 20 468 39 426 1 078 092 181 036 31 541 10. Sirdaryo viloyati 27 9 16 2 54 463 19 008 35 455 980 340 168 127 28 364 11. Toshkent viloyati 17 6 10 1 57 306 20 111 37 195 1 031 515 177 885 29 756 12. Fargʻona viloyati 39 12 27 82 902 28 409 54 493 1 492 241 251 276 43 595 13. Xorazm viloyati 24 11 8 5 53 620 17 328 36 292 965 168 153 268 29 034 Jami 310 122 160 28 751 916 250 115 501 801 13 534 484 2 212 270 401 440
