331-modda. Sanoat mulki obyektlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik asoslari
Intellektual mulk obyektlari toʻgʻrisidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-749-son) · Sana: 02.02.2022 · Amalda
Tegishli patentlangan sanoat mulki obyektini oʻz ichiga olgan mahsulotni yoki buyumni ruxsatsiz tayyorlash, qoʻllash, import qilish, sotishga taklif etish, sotish, fuqarolik muomalasiga boshqa yoʻsinda kiritish yoki shu maqsadda saqlab turish, shuningdek ixtiro patenti bilan muhofaza qilinayotgan usulni qoʻllash yoxud ixtiro patenti bilan muhofaza qilinayotgan usulda bevosita tayyorlangan mahsulotni fuqarolik muomalasiga kiritish yoki shu maqsadda saqlab turish yuridik shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Jarimalar miqdorlari huquqbuzarliklarning har bir turi boʻyicha alohida belgilanadi.
Patent egasining arizasi asosida Agentlik sanoat mulki obyektlaridan foydalanish huquqiga rioya etilishini tekshirishni amalga oshiradi. Tadbirkorlik subyektlariga nisbatan oʻtkaziladigan tekshiruvlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil bilan kelishuvga koʻra, qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Jarimalar ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan tartibda oʻtkaziladigan tekshiruvlar asosida Agentlik tomonidan solinadi. Bunda tekshiruv davomida aniqlangan huquqbuzarlik toʻgʻrisida dalolatnoma tuzilib, u tegishincha Agentlikning va huquqbuzar yuridik shaxsning (bundan buyon matnda huquqbuzar deb yuritiladi) mansabdor shaxslari tomonidan imzolanadi.
Huquqbuzar (uning vakili) dalolatnomani imzolashni rad etgan taqdirda, Agentlikning mansabdor shaxsi ushbu faktni koʻrsatilgan dalolatnomaga ilova qilinadigan videoyozuv yordamida yoki ikki nafar xolis hozirligida tasdiqlashi kerak.
Undirilgan jarima miqdorining oʻn foizi Agentlikning budjetdan tashqari jamgʻarmasiga, qolgan qismi Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetiga yoʻnaltiriladi.
