“121-modda. Firma nomlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun jarima solish asoslari va tartibi, shuningdek yuridik shaxslar tomonidan jarimani toʻlash tartibi
Intellektual mulk obyektlari toʻgʻrisidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-749-son) · Sana: 02.02.2022 · Amalda
Firma nomidan qonunga xilof ravishda foydalanish yuridik shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Jarimalar miqdorlari huquqbuzarliklarning har bir turi boʻyicha alohida belgilanadi.
Firma nomiga boʻlgan huquq egasining arizasi asosida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi (bundan buyon matnda Agentlik deb yuritiladi) firma nomidan foydalanish huquqiga rioya etilishini tekshirishni amalga oshiradi. Tadbirkorlik subyektlariga nisbatan oʻtkaziladigan tekshiruvlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil bilan kelishuvga koʻra, qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Jarimalar ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan tartibda oʻtkaziladigan tekshiruvlar asosida Agentlik tomonidan solinadi. Bunda tekshiruv davomida aniqlangan huquqbuzarlik toʻgʻrisida dalolatnoma tuzilib, u tegishincha Agentlikning va huquqbuzar yuridik shaxsning (bundan buyon matnda huquqbuzar deb yuritiladi) mansabdor shaxslari tomonidan imzolanadi.
Huquqbuzar (uning vakili) dalolatnomani imzolashni rad etgan taqdirda, Agentlikning mansabdor shaxsi ushbu faktni koʻrsatilgan dalolatnomaga ilova qilinadigan videoyozuv yordamida yoki ikki nafar xolis hozirligida tasdiqlashi kerak.
Jarima solish uchun asos boʻlgan huquqbuzarlik aniqlanganligi haqida dalolatnoma rasmiylashtirilgan kundan eʼtiboran besh ish kuni ichida Agentlik huquqbuzarga nisbatan ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan miqdorlarda jarima solish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Jarima solish toʻgʻrisidagi qaror Agentlikning rahbari (uning oʻrnini bosuvchi shaxs) tomonidan imzolanadi va bir ish kuni ichida huquqbuzarga yuboriladi.
Jarima solish toʻgʻrisidagi qaror yuborilgan kundan eʼtiboran bir oy ichida huquqbuzar ushbu qarorda nazarda tutilgan jarima summasini ixtiyoriy ravishda toʻlashi mumkin.
