5-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining uy-joy siyosati sohasidagi vakolatlari
Davlat uy-joy siyosatining asoslari toʻgʻrisida (351-I-son) · Sana: 27.12.1996 · Amalda
Mahalliy davlat hokimiyati organlarining uy-joy siyosati sohasidagi vakolatlariga quyidagilar kiradi:
uy-joy sohasidagi qonun hujjatlarining ijrosini taʼminlash;
uy-joy fondi va boshqa kommunal obyektlarni boshqarish hamda ularga xizmat koʻrsatish ishini tashkil etish;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda kommunal xizmatlarga boʻlgan tarif siyosatini oʻz tasarrufidagi hududda shakllantirish;
uy-joy fondini hisobga olish, fuqarolarga ijara shartnomalari boʻyicha uy-joy binolarini taqsimlash va berish, shuningdek ularni sotish;
uy-joy binolarini oʻz vazifasi boʻyicha foydalanish uchun yuridik shaxslarga ijara (mulk ijarasi) shartnomasi shartlari asosida berish;
uy-joy qurilishida qatnashuvchi fuqarolar va yuridik shaxslar uchun imtiyozlar berish;
mavjud uy-joy fondidan foydalanish va uni asrash, uning xizmat muddatlarini uzaytirish;
aholining ijtimoiy jihatdan himoyalanmagan qatlamlari uchun uy-joy qurish va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan fuqarolarni hisobga olish;
yakka tartibda uy-joy quruvchilarga yer uchastkalari ajratish;
uy-joy fondiga xizmat koʻrsatuvchi kommunal, ijtimoiy va transport infrastrukturasi obyektlarini tegishli holda saqlash va rivojlantirish;
davlat uy-joy fondini band qilib qoʻyish;
davlat va boshqa uy-joy fondlarining uy-joylarini almashtirish;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshirish.
