19-modda. Fuqarolarning uy-joylarni xususiy mulk qilib olishi
Davlat uy-joy siyosatining asoslari toʻgʻrisida (351-I-son) · Sana: 27.12.1996 · Amalda
Fuqarolar uy-joylarni ularning soni, katta-kichikligi cheklanmagan holda quyidagi yoʻllar bilan xususiy mulk qilib olish huquqiga ega:
yakka tartibda uy-joy qurish;
yakka tartibda imorat quruvchilarning shirkatlari tomonidan uy-joy qurish;
uy-joy va uy-joy qurilish kooperativlarida qatnashish;
uy-joylarni sotib olish-sotish va almashtirish;
meros qilib olish, hadya qilish;
aniq maqsadda foydalaniladigan kommunal uy-joy fondidan tashqari davlat uy-joy fondiga qarashli uylardagi egallab turilgan uy-joy binolarini qonunda belgilangan tartibda xususiylashtirib olish.
Fuqarolar qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa asoslarga koʻra ham uy-joylarni xususiy mulk qilib olishlari mumkin.
Davlat uy-joy fondining sotishga moʻljallangan ulushi tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan belgilanadi.
Davlat uy-joy fondiga qarashli kvartiralar va uylarni ularda yashayotgan voyaga yetgan fuqarolarning hamda uy-joy maydonini olish huquqiga ega boʻlgan boshqa shaxslarning roziligisiz xususiy mulk qilib sotishga yoʻl qoʻyilmaydi.
