1-modda. Asosiy tushunchalar
Davlat uy-joy siyosatining asoslari toʻgʻrisida (351-I-son) · Sana: 27.12.1996 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
uy-joy sohasi — davlat iqtisodiy qudratining bir qismi boʻlib, uy-joy va muhandislik inshootlarini qurish, qayta qurish, asrash, saqlash, taʼmirlashni oʻz ichiga oladi;
uy-joy fondi — inson yashashi uchun yaroqli boʻlgan uy-joy binolaridan, shu jumladan turar joy binolari, kvartiralar, xizmat uy-joylari, maxsus uylar (yotoqxonalar, internat-uylar, yolgʻiz qariyalar uchun uylar va hokazo) hamda boshqa uy-joy binolaridan iborat fond;
kompensatsiya — uy-joy-kommunal xizmatlar haqini toʻlash uchun fuqarolarga yordam tariqasida davlat tomonidan beriladigan pul mablagʻlari;
uy-joy sohasidagi koʻchmas mulk — egalik qilish, foydalanish va tasarruf etish huquqlari belgilab qoʻyilgan quyidagi mol-mulk:
— turar joy binolari yashashga moʻljallangan hamda moʻljallanmagan xonalari bilan birga;
— tomorqa xoʻjalik imoratlari;
— obodonlashtirish unsurlari;
— qurilishi tugallanmagan turar joy binolari;
— uy-joy sohasi muhandislik infrastrukturasining inshootlari va unsurlari;
uy-joy maydonining ijtimoiy normasi — uy-joy maydonining bir kishiga toʻgʻri keladigan, sanitariya-gigiyena normalari va qoidalari talablariga mos oʻlchamlari boʻlib, shunga qarab uy-joy xonalari, uy-joy va kommunal xizmatlarga haq toʻlash yuzasidan kompensatsiyalar beriladi.
