122-modda. Advokatlar palatasining asosiy vazifalari
Advokatura toʻgʻrisida (349-I-son) · Sana: 27.12.1996 · Amalda
Advokatlar palatasining asosiy vazifalari quyidagilardir:
advokatlik tuzilmalarining faoliyatini markazlashtirilgan holda muvofiqlashtirib borish;
advokaturani yanada rivojlantirishga, uning obroʻ-eʼtiborini oshirishga, advokaturaning inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishdagi rolini kuchaytirishga koʻmaklashish;
aholining huquqiy bilimlari va huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan huquqiy targʻibot chora-tadbirlarni amalga oshirish;
qonunchilikni va huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish, huquqiy tartibga solishning yaxlitligini hamda qonunchilik normalarining bir xilda qoʻllanilishini taʼminlashga doir takliflar kiritish;
advokatura faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etish, ular yuzasidan takliflar tayyorlash;
advokatlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ifodalash hamda himoya qilish, shu jumladan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari bilan munosabatlarda, shuningdek sudda ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ifodalash hamda himoya qilish;
advokatlarni ularning kasbiy faoliyati bilan bogʻliq taʼqiblardan, cheklashlar va tajovuzlardan himoya qilish boʻyicha choralar koʻrish;
advokatlarning kasbiy tayyorgarligi va malaka oshirishini tashkil etish;
aholining yuridik yordamdan foydalana olish imkoniyatini tumanlar va shaharlarda yuridik maslahatxonalar tashkil etish orqali taʼminlash;
advokatura faoliyati toʻgʻrisidagi statistik maʼlumotlarni toʻplash va oʻrganish, advokatlarning ijobiy ish tajribasini ommalashtirish, advokatlik tuzilmalariga uslubiy yordam koʻrsatish;
advokatlar tomonidan qonunchilikka, Advokatning kasb etikasi qoidalariga, advokatlik siri va advokat qasamyodiga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish.
Advokatlar palatasi qonunchilikka muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.
