Orol dengizining suvi qurigan tubida va Orolboʻyi hududlarida “yashil qoplamalar”-himoya oʻrmonzorlarini barpo etishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida (31-son)
18.01.2022
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Mamlakatimizda ekologik holatni yaxshilash, Orol dengizining suvi qurigan tubi va Orolboʻyi mintaqasidan koʻtarilayotgan qum, tuz va chang zarrachalarining salbiy taʼsirini kamaytirish, ushbu hududlarda choʻl oʻsimliklaridan “yashil qoplamalar” — barpo etish ishlarini izchillik bilan davom ettirish hamda global iqlim oʻzgarishlarining salbiy taʼsirini yanada yumshatish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida oʻrmon xoʻjaligi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2020-yil 6-oktabrdagi PQ-4850-son qaroriga muvofiq:
ushbu qaror bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida oʻrmon xoʻjaligi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini (keyingi oʻrinlarda — Konsepsiya) 2020 — 2022-yillarda amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”da har yili Orol dengizining qurigan tubida oʻrmonzorlar barpo etish chora-tadbirlarini amalga oshirish belgilanganligi;
Konsepsiyani 2022 — 2030-yillarda bosqichma-bosqich amalga oshirish uchun Vazirlar Mahkamasi tomonidan har ikki yilda alohida-alohida “yoʻl xaritalari” tasdiqlanishi nazarda tutilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va Buxoro, Navoiy, Xorazm viloyatlari hokimliklarining Orol dengizining suvi qurigan tubida hamda Orolboʻyi hududlarida “yashil qoplamalar” — himoya oʻrmonzorlarini barpo etishni (keyingi oʻrinlarda — “yashil qoplamalar”) davom ettirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
3. Quyidagilar:
2022 — 2026-yillarda Orol dengizining suvi qurigan tubi va Orolboʻyi hududlarida “yashil qoplamalar” — himoya oʻrmonzorlarini barpo etish hajmlari 1-ilovaga muvofiq;
2022 — 2026-yillarda Orol dengizining suvi qurigan tubi va Orolboʻyi hududlarida “yashil qoplamalar” barpo etish uchun choʻl oʻsimliklari urugʻlarini tayyorlash hajmlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va Buxoro, Navoiy, Xorazm viloyatlari hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi hamda Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi bilan birgalikda Orol dengizining suvi qurigan tubi va Orolboʻyi hududlarida oʻrmonzorlar barpo etiladigan maydonlarni belgilangan tartibda xatlovdan oʻtkazsin, bunda:
har yili 10-dekabrga qadar mazkur qarorga 1-ilovada belgilangan koʻrsatkichlardan kelib chiqib “yashil qoplamalar” barpo etiladigan maydonlarni ilmiy jihatdan asoslangan takliflarga muvofiq hududlar boʻyicha aniqlasin va ularning xaritasini ishlab chiqsin;
oʻrmonzor barpo etish uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha yer maydonlari belgilangan tartibda doimiy foydalanish huquqi asosida davlat oʻrmon xoʻjaliklariga ajratilishini tashkil etsin;
muayyan maydonda “yashil qoplamalar”ni barpo etish ishlari istisnolarsiz ushbu yer uchastkasi davlat oʻrmon xoʻjaliklariga yoki boshqa davlat organlari va tashkilotlariga belgilangan tartibda ajratilganidan keyin boshlanishini nazorat qilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi:
“yashil qoplamalar” oʻz muddatida barpo etilishi boʻyicha doimiy monitoring yuritsin va uning bajarilishini muvofiqlashtirgan holda talab etiladigan choʻl oʻsimliklarining urugʻlari sifatli tayyorlanishini tashkil etsin;
Orol dengizining qurigan tubidagi tuproq tarkibini inobatga olib choʻl va shoʻr tuproqqa moslashgan oʻsimlik turlarini, shu jumladan, qumli yerlarda cherkez hamda shoʻr hududlarda tamariks va atripleks (lebeda) oʻsimliklarini ekish choralarini koʻrsin;
Orol dengizining suvi qurigan tubi va Orolboʻyi hududlarida barpo etilgan “yashil qoplamalar”ning holatini, ularning yashovchanligini monitoring qilish, parvarishlash hamda ushbu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlarning natijadorligi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga va keng jamoatchilikka axborot berib borilishini taʼminlasin.
6. Quyidagilar Orol dengizining suvi qurigan tubi va Orolboʻyi hududlarida “yashil qoplamalar” barpo etish boʻyicha mazkur qarorda belgilangan tadbirlarni moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlari hokimliklari mahalliy budjetlarining prognozga nisbatan oshirib bajarilgan qismi hisobiga ajratiladigan mablagʻlar;
yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
7. Vazirlar Mahkamasining “Orol dengizi tubidagi suvi qurigan hududlarda “yashil qoplamalar” — himoya oʻrmonzorlari barpo etishni jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 15-fevraldagi 132-son qarorida “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatining Moliya vazirligi huzuridagi Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish jamgʻarmasi oldidagi qarzdorligi hisobidan Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasiga ajratilishi belgilangan 100 mlrd soʻm mablagʻdan 81 mlrd soʻm oʻtkazib berilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
“Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati yuqorida qayd etilgan qarorda nazarda tutilgan mablagʻlarning qoldiq qismi boʻlgan 19 mlrd soʻm maqsadli mablagʻlar 2022-yil 25-yanvarga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasining hisobvaragʻiga oʻtkazib berilishini taʼminlasin.
8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va Buxoro, Navoiy, Xorazm viloyatlari hokimliklari Orol dengizining suvi qurigan tubi va Orolboʻyi hududlarida “yashil qoplamalar” barpo etish uchun:
mazkur qarorning 6-bandi ikkinchi xatboshisida nazarda tutilayotgan mablagʻlar ajratilishi yuzasidan har yili 10-dekabrga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va xalq deputatlari Buxoro, Navoiy, Xorazm viloyatlar Kengashlariga taklif kiritsin;
qoʻshimcha xodim va ishchilar jalb etilishini, ishchilar oziq-ovqat, maxsus kiyim-kechak va ichimlik suv bilan uzluksiz taʼminlanishini, choʻl oʻsimliklari urugʻlari zaxirasi jamgʻarish va ekish uchun uzluksiz yetkazib berilishini, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish vositalari bilan taʼminlashni, vaqtinchalik bino va inshootlar qurishni, aviatsiya, aloqa va boshqa xizmatlarni jalb etishni hamda zarur texnika va asbob-uskunalar sotib olishni va boshqa tadbirlarni tashkil etsin;
Transport vazirligi bilan birgalikda, zaruratga koʻra, qoʻnish maydonchalari tashkil etilishini, ishchi-xodimlarni hududdagi yashash joyidan “yashil qoplamalar” barpo etish joyigacha boʻlgan masofaga tashish uchun tadbirkorlik subyektlari tomonidan tegishli shartnomalar asosida zarur avtobus va urugʻ tashish uchun yuk tashishga moʻljallangan transport vositalari ajratilishini taʼminlasin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Orol dengizining suvi qurigan tubida va Orolboʻyi hududlarida “yashil qoplamalar” barpo etish hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida yerlarni oʻzlashtirish, sugʻorish, burgʻilab suv chiqarish, sunʼiy suv havzalari va yer maydonlarini tomchilatib sugʻorish tizimini yaratish ishlariga hududiy va tarkibiy tuzilmalarning kuch va vositalarini, budjet va budjetdan tashqari mablagʻlarni jalb etsin.
10. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi oʻn kun muddatda 2022-yil davomida Orol dengizining suvi qurigan hududida “yashil qoplamalar” barpo etish maqsadida 4 ta AN-2 samolyotidan (1 ta yoʻlovchi va 3 ta qishloq xoʻjaligiga moslashgan) tegishli shartnomalar asosida foydalanish hamda boshqa jalb qilinadigan texnikalarga dizel yoqilgʻisini xarid qilish uchun — 10 mlrd soʻm mablagʻni Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligiga ajratish, 2023 — 2026-yillarda ushbu maqsadlar uchun zarur mablagʻlarni har yili 10-dekabrga qadar ajratish boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga taklif kiritilishini taʼminlasin.
11. “Hududgaztaʼminot” aksiyadorlik jamiyati Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va Buxoro, Navoiy, Xorazm viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi tizimidagi tegishli oʻrmon xoʻjaliklarini Orol dengizining suvi qurigan tubida va Orolboʻyi hududlarida “yashil qoplamalar” barpo etish uchun jalb etilgan ishchi-xodimlar joylashgan vaqtinchalik yashash maskanlariga ajratilgan hajmlar doirasida va aholiga belgilangan narx asosida mavsum davomida suyultirilgan uglevodorod gazi bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Orol halokatining salbiy oqibatlarini kamaytirish, oʻsimlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish hamda oʻrmon xoʻjaligini rivojlantirish muammolarining ilmiy yechimini taʼminlashga qaratilgan amaliy va innovatsion loyihalarni tanlovlar asosida shakllantirib, belgilangan tartibda moliyalashtirishni tashkil etsin.
13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev, Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi raisi N.J. Bakirov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va Buxoro, Navoiy, Xorazm viloyatlari hokimlari zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 18-yanvar,
31-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 18-yanvardagi 31-son qaroriga 1-ILOVA
2022 — 2026-yillarda Orol dengizining suvi qurigan tubi va Orolboʻyi hududlarida “yashil qoplamalar” — himoya oʻrmonzorlarini barpo etish
HAJMLARI
ming gektar T/r Hududlar nomi Jami 2022 — 2026-yillarda Shu jumladan, yillar boʻyicha: Choʻl oʻsimliklari turlari Shundan ekish usullari boʻyicha: 2022-yilda 2023-yilda 2024-yilda 2025-yilda 2026-yilda urugʻdan koʻchatdan 1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi 500 100 100 100 100 100 saksovul, qoraburoq, qandim 475 25 2. Buxoro viloyati 200 40 40 40 40 40 saksovul, cherkez 180 20 3. Navoiy viloyati 250 50 50 50 50 50 saksovul, qandim, cherkez 235 15 4. Xorazm viloyati 50 10 10 10 10 10 saksovul 49 1 Jami 1000 200 200 200 200 200 x 939 61
Izoh. Shaharsozlik normalari va qoidalari talablaridan kelib chiqqan holda “yashil qoplamalar” barpo etish bilan bogʻliq koʻrsatkichlarga Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi huzuridagi “Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi” davlat unitar korxonasining ekspertiza xulosasiga asosan Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi tomonidan oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 18-yanvardagi 31-son qaroriga 2-ILOVA
2022 — 2026-yillar davomida Orol dengizining suvi qurigan tubi va Orolboʻyi hududlarida “yashil qoplamalar” barpo etish uchun choʻl oʻsimliklari urugʻlarini tayyorlash
HAJMLARI
tonna T/r Hududlar nomi Choʻl oʻsimliklari turlari Jami 2022 — 2026-yillarda Shu jumladan, yillar boʻyicha: 2022-yilda 2023-yilda 2024-yilda 2025-yilda 2026-yilda 1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi saksovul, qoraburoq, qandim 1900 380 380 380 380 380 2. Buxoro viloyati saksovul, cherkez 800 160 160 160 160 160 3. Navoiy viloyati saksovul, qandim, cherkez 1000 200 200 200 200 200 4. Xorazm viloyati saksovul 200 40 40 40 40 40 Jami 3900 780 780 780 780 780
Izoh. Shaharsozlik normalari va qoidalari talablaridan kelib chiqqan holda “yashil qoplamalar” barpo etish bilan bogʻliq koʻrsatkichlarga Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi huzuridagi “Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi” davlat unitar korxonasining ekspertiza xulosasiga asosan Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi tomonidan oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
