Oʻsimliklar karantini sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
01.03.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Turkiya Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Oʻsimliklar karantini hamda oʻsimlik va oʻsimlik mahsulotlariga zarar yetkazuvchi zararli organizmlarga qarshi kurashish, shuningdek, ularning Tomonlar davlatlari hududlariga kirib borishi va tarqalishiga qarshi kurashish va oldini olishda xalqaro hamkorlikning afzalliklarini inobatga olgan holda,
1951-yilda imzolangan va 1997-yilda qayta tahrirlangan Oʻsimliklar karantini va himoyasi boʻyicha xalqaro konvensiya (keyingi oʻrinlarda “Konvensiya” deb ataladi) qoidalari va prinsiplarini hisobga olgan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar oʻz davlatlari hududlarining fitosanitariya xavfsizligini taʼminlash maqsadida oʻsimliklar karantini sohasidagi hamkorlikni mustahkamlaydilar va rivojlantiradilar.
2-modda
Tomonlarning mazkur Bitimni amalga oshirish uchun vakolatli organlari (keyingi oʻrinlarda “Vakolatli organlar” deb ataladi) quyidagilar hisoblanadi:
Turkiya Respublikasi Hukumati nomidan — Turkiya Respublikasi Qishloq va oʻrmon xoʻjaligi vazirligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi.
3-modda
Tomonlar quyidagi yoʻnalishlarda hamkorlik qiladilar:
karantin ostidagi mahsulotni import, eksport va tranzit qilish davomida bir Tomon davlati hududidan boshqa Tomon davlati hududiga oʻsimliklar karantini zararli organizmlari kirib kelishining oldini olish boʻyicha zarur choralar koʻrish;
yangi oʻsimliklar karantini zararli organizmlari kirib kelishi va tarqalishi, shuningdek, ularga qarshi kurashish choralari hamda Tomonlar davlatlari hududida tarqalishining oldini olish choralari toʻgʻrisida maʼlumot almashish;
Tomonlar davlatlari uchun oʻsimliklar karantini ahamiyatiga ega boʻlgan zararli organizmlar Roʻyxati, shuningdek, Roʻyxatga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida xabardor qilish;
karantin ostidagi mahsulot importi, eksporti va tranzitini tartibga soluvchi Tomonlar davlati qonun hujjatlari, fitosanitariya qoidalari va talablari bilan almashish hamda tegishli oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida maʼlumot almashish;
oʻsimliklar karantini zararli organizmlarini aniqlash, mahalliylashtirish va yoʻq qilishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda ilmiy, texnikaviy va maslahat koʻmagi koʻrsatish;
davlat chegarasi oʻtish punktlarida oʻsimliklar karantini sohasida yuzaga kelayotgan muammolarni tahlil qilish, shuningdek, ularni hal qilish uchun takliflar ishlab chiqish;
texnik jihatdan asosli, fitosanitariya xavfi bilan mutanosib boʻlgan hamda shaffoflik, kamsitmaslik va savdoga yashirin cheklovlarning oldini olish asosida shakllantirilgan fitosanitariya choralarini oʻrnatish;
Tomonlar mutaxassislari va ekspertlarining oʻsimliklar karantini sohasidagi kasbiy koʻnikmalarini oshirish.
4-modda
Bir Tomon davlati hududidan boshqa Tomon davlati hududiga (hududi orqali) olib kirilgan oʻsimliklar va oʻsimlik mahsulotlarining har bir turkumi import qiluvchi Tomonning oʻsimliklar karantini sohasidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiq boʻlishi lozim. Boshqa Tomon davlati hududiga olib kirilgan karantin ostidagi mahsulot import qiluvchi davlatning chegara punktida karantin nazoratidan oʻtkaziladi.
Vakolatli organlar tekshiruvlar oʻtkazish va zarur hollarda, laboratoriya tadqiqotlarini oʻtkazish, mahsulotlar va ular tashilayotgan transport vositalarini zararsizlantirish, shuningdek, oʻz davlatlari hududiga oʻsimliklar karantini zararli organizmlari kirib kelishining oldini olish boʻyicha choralar koʻradilar.
Chegara punktida fitosanitariya nazorati vaqtida import qilinayotgan karantin ostidagi mahsulotda oʻsimliklar karantini obyekti aniqlangan holda, import qiluvchi Tomon uni eksport qiluvchi davlatga qaytarishga yoki yukning egasi hisobidan zararsizlantirishga, basharti yukni qaytarish yoki zararsizlantirish mumkin boʻlmasa, yuk egasi roziligi asosida yoʻq qilishga haqli. Har bir holatda, import qiluvchi Tomon 13-sonli Fitosanitariya choralari boʻyicha xalqaro standartga (keyingi oʻrinlarda “FChXS” deb ataladi) muvofiq boshqa Tomonni xabardor qiladi.
5-modda
Bir Tomon davlatining hududidan boshqa Tomon davlati hududiga (hududi orqali) import qilinayotgan har bir yuk turkumi 12-sonli FChXSga muvofiq eksport qiluvchi Tomonning vakolatli organi tarafidan taqdim etiladigan va import qiluvchi Tomon davlati uchun karantin ahamiyatiga ega boʻlgan oʻsimliklar karantini obyektidan holi ekanligini tasdiqlovchi fitosanitariya sertifikati bilan taʼminlanishi lozim.
Tomonlar mazkur Bitim tuzilgan sanadan boshlab oʻn (10) kun ichida fitosanitariya sertifikatlarining nusxalarini almashadilar. Tomonlardan birining fitosanitariya sertifikatiga oʻzgartirish va (yoki) qoʻshimchalar kiritilgan taqdirda, ushbu Tomon oʻn (10) kun ichida yangilangan fitosanitariya sertifikatini boshqa Tomonga yuboradi.
Yuk turkumini kuzatib boruvchi fitosanitariya sertifikati asl nusxada boʻlishi va ingliz tilida yoki uni taqdim etgan Tomonning davlat tilida toʻldirilishi lozim. Fitosanitariya sertifikatidagi tuzatishlar, oʻchirishlar va uning matnidagi noaniqliklar uning yuridik kuchi yoʻqolishiga olib keladi.
Karantin ostidagi mahsulot reeksport qilinganda, reeksport uchun fitosanitariya sertifikati mahsulotni ishlab chiqaruvchi mamlakatning fitosanitariya sertifikatining asl nusxasi bilan kuzatib borilishi lozim.
Fitosanitariya sertifikatining mavjudligi karantin ostidagi mahsulotni Tomonlarning oʻz davlatlari fitosanitariya talablariga muvofiq fitosanitariya nazoratidan oʻtkazish huquqidan mahrum etmaydi.
6-modda
Tomonlar davlatlari hududlari orqali karantin ostidagi mahsulot tranzit qilinishiga ishlab chiqaruvchi mamlakatning fitosanitariya sertifikati taqdim etilgan holda, karantin ostidagi mahsulot tranzit qilinadigan mamlakatning oʻsimliklar karantini sohasidagi qonun hujjatlariga muvofiq ruxsat etiladi.
7-modda
Import, eksport qilinadigan va tranzit qilinadigan karantin ostidagi mahsulotlar uchun Tomonlar davlatlarining davlat chegaralari boʻylab kirish punktlari ularning qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
Vakolatli organlar oʻz davlatlari hududiga import qilinadigan karantin ostidagi mahsulot fitosanitar nazoratini amalga oshiradigan chegara postlari toʻgʻrisida bir-birlarini xabardor qiladilar.
8-modda
Tomonlar oʻsimlik mahsulotidan tayyorlangan qadoqlash materiallarning 15-sonli “Xalqaro savdoda yogʻoch qadoqlash materiallarni tartibga solish” FChXSga muvofiqligini taʼminlaydilar va, zarur hollarda, ular fumigatsiya qilinishi yoki issiqlik bilan ishlov berilishi lozim.
Karantin ostidagi mahsulotni eksport qilishda oʻsimliklar karantini obyektidan holi boʻlgan yangi qadoqlash materiallari qoʻllanilishi lozim. Qadoqlar va qadoqlash materiallari tuproqdan holi boʻlishi lozim. Hashak, poxol, somon, qipiq, barglar va boshqa oʻsimlik materiallaridan qadoqlash vositasi sifatida foydalanish mumkin emas. Karantin ostidagi mahsulotni tashishda qoʻllaniladigan transport vositalari puxta tozalanishi va, zarur hollarda, zararsizlantirilishi lozim.
Oʻzbekiston Respublikasiga olib kiriladigan ekish materiallari tuproqdan (torfdan tashqari), tuproq bilan bogʻliq boʻlgan moddalardan va begona oʻtlardan holi boʻlishi shart.
9-modda
Tomonlar bir Tomon davlati hududidan boshqa Tomon davlati hududiga tashiladigan karantin ostidagi mahsulotni yetishtirish, qayta ishlash, saqlash va qadoqlash joylarini, shuningdek, karantin fitosanitariya nazorat tizimini birgalikda tekshiruvdan oʻtkazishlari mumkin.
10-modda
Ixtisoslashgan hamkorlik tadbirlari va ularni amalga oshirish shartlarini aniqlash maqsadida Tomonlar alohida hamkorlik dasturini tuzishlari mumkin.
11-modda
Mazkur Bitim qoidalari Tomonlarning oʻz davlatlari ishtirok etadigan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan yoki ularning xalqaro tashkilotlarga aʼzoligidan yuzaga keladigan huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
12-modda
Mazkur Bitimga Tomonlarning oʻzaro yozma roziligi asosida har qanday vaqtda oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin. Ushbu oʻzgartirishlar Bitim kuchga kirishi uchun belgilangan oʻxshash qonuniy protseduraga muvofiq kuchga kiradi va uning ajralmas qismi hisoblanadi.
13-modda
Mazkur Bitim kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan oʻz ichki qonuniy protseduralarini Turkiya Respublikasi vakolatli organi yakunlaganligi toʻgʻrisidagi xabarnomani Oʻzbekiston Respublikasi vakolatli organi diplomatik kanallar orqali qabul qilgan sanadan boshlab kuchga kiradi.
Mazkur Bitim 5 (besh) yil davomida amal qiladi, basharti Tomonlardan biri mazkur Bitimning amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisida uning muddati tugashidan kamida 6 (olti) oy oldin diplomatik kanallar orqali boshqa Tomonni yozma ravishda xabardor qilmasa, uning amal qilishi oʻz-oʻzidan keyingi 5 (besh) yillik muddatlarga uzayaveradi.
Har qaysi Tomon istalgan vaqtda mazkur Bitimni boshqa Tomonga uni tugatish niyati toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali yozma xabarnoma yuborish orqali tugatishi mumkin. Bunday holda, mazkur Bitim xabarnoma olingan sanadan 3 (uch) oy oʻtgach tugatiladi.
Toshkent shahrida 2021-yil 1-martda va Anqara shahrida 2021-yil 5-aprelda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, turk va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Mazkur Bitimni talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
