27-modda. Fermer xoʻjaligini kreditlash va sugʻurtalash
Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida (602-I-son) · Sana: 30.04.1998 · Kuchini yo'qotgan
Fermer xoʻjaligini ishlab chiqarish ahamiyatiga molik obyektlar qurilishi, asosiy ishlab chiqarish vositalarini xarid etish uchun uzoq muddatli kreditlash va joriy ishlab chiqarish faoliyati uchun qisqa muddatli kreditlash kredit shartnomasi asosida amalga oshiriladi.
Fermer xoʻjaliklari bank muassasalari tomonidan ularga xizmat koʻrsatish uchun tashkil etiladigan maxsus kredit fondidan imtiyozli shartlarda foydalanadilar.
Fermer xoʻjaligi oʻziga qarashli va ijaraga olingan ishlab chiqarish vositalarining, qishloq xoʻjaligi ekinzorlarining (koʻchatzorlarining), koʻp yillik dov-daraxtlarning, yetishtirilgan mahsulotning, xomashyoning, materiallarning yoʻqotilishi (nobud boʻlishi), kam chiqishi yoki shikastlanishi xavfini, tadbirkorlik xavfini, shuningdek shartnomalarni buzganlik uchun oʻzining javobgarlik xavfini ixtiyoriylik asosida sugʻurta qildiradi hamda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va shartlarda sugʻurta tovoni oladi.
