12-modda. Yerdan foydalanish
Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida (602-I-son) · Sana: 30.04.1998 · Kuchini yo'qotgan
Fermer xoʻjaligining yer uchastkasiga egalik qilish va undan foydalanish sohasidagi huquq va majburiyatlari qonun hujjatlarida belgilanadi.
Fermer xoʻjaligiga berilgan yer uchastkalaridan qatʼiy belgilangan maqsadda foydalaniladi, ular xususiylashtirilishi, oldi-sotdi, garov, hadya, ayirboshlash obyekti boʻlishi, shuningdek ikkilamchi ijaraga berilishi mumkin emas.
Fermer xoʻjaligi kreditlar olish uchun oʻz mol-mulkini, shuningdek yer uchastkasini ijaraga olish huquqini garovga qoʻyishga haqli.
Fermer xoʻjaligiga berilgan yer uchastkasi boʻlinishi mumkin emas.
Yer uchastkasining oʻlchami va chegaralari faqat fermer xoʻjaligi boshligʻining roziligi bilan oʻzgartirilishi mumkin.
Fermer xoʻjaligi boshligʻi vafot etgan taqdirda yer uchastkasini ijaraga olish huquqi shu xoʻjalik aʼzolarining oʻzaro kelishuvi asosida, fermer xoʻjaligi faoliyatini davom ettirish istagida boʻlgan xoʻjalik aʼzolaridan biriga meros boʻyicha oʻtadi. Fermer xoʻjaligi boshligʻi mehnat qobiliyatini toʻla yoʻqotgan taqdirda, yer uchastkasini ijaraga olish huquqi xoʻjalik aʼzolarining roziligi bilan ulardan biriga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va shartlarda topshiriladi.
Yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasi taraflarning kelishuviga binoan, taraflar kelishuvga erishmaganlari taqdirda esa sud tomonidan oʻzgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin.
Fermer xoʻjaligi tugatilgan taqdirda, uni yuritish uchun berilgan yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bekor qilinishi lozim.
