3-modda. Asosiy tushunchalar
Gidrometeorologiya faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-745-son) · Sana: 12.01.2022 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
atrof tabiiy muhit ifloslanishining monitoringi — atrof tabiiy muhitning hamda atmosfera havosi, yer usti suvlari va tuproq ifloslanishining doimiy kompleks kuzatuvlari, shuningdek atrof tabiiy muhit holatini baholash va prognozlash;
gidrometeorologik axborot — gidrometeorologik hodisalar va atrof tabiiy muhit holatining kuzatuvlari natijalari, shuningdek ishlov berish hamda tahlil qilish yoʻli bilan olingan, foydalanish, tarqatish va saqlash uchun moʻljallangan axborot;
gidrometeorologik jarayonlar — atmosferaning va gidrosferaning holatini tavsiflovchi gidrometeorologik hodisalarning vaqt va makonda izchil rivojlanishi;
gidrometeorologik jarayonlarga faol taʼsir koʻrsatish — aholiga, iqtisodiyot tarmoqlariga va ijtimoiy sohaga ehtimol tutilgan zararni kamaytirish uchun gidrometeorologik jarayonlarni atrof tabiiy muhitga taʼsir koʻrsatish orqali boshqarish (koʻchkilarni majburan tushirish, doʻl yogʻishining, yogʻingarchiliklarning, sel kelishining oldini olish);
gidrometeorologik hodisalar — atmosferada, yer yuzasida va undagi obyektlarda, yer usti suvlarida roʻy beradigan, gidrometeorologik sharoitlarni tavsiflaydigan jarayonlarning namoyon boʻlish shakllari (atmosfera bosimi, shamol, namlik, havo va suv harorati, suv sathi va sarfi, toshqinlar, sellar, ayozlar);
gidrometeorologiya faoliyati — meteorologiya, gidrologiya, glyatsiologiya, iqlimshunoslik, agrometeorologiya, aerologiya, aviatsiya meteorologiyasi, atrof tabiiy muhit ifloslanishining monitoringi va gidrometeorologik jarayonlarga faol taʼsir koʻrsatish sohasidagi gidrometeorologik axborotni tayyorlash (kuzatish, yigʻish, unga ishlov berish, uni tahlil qilish, saqlash va undan foydalanish), shuningdek uni tarqatish jarayoni;
ixtisoslashtirilgan gidrometeorologik axborot — foydalanuvchining talablariga muvofiq tayyorlangan hamda ishlov berish, tahlil qilish, saqlash va taqdim etish uchun qoʻshimcha ishlar hamda xarajatlar talab qilinadigan gidrometeorologik axborot;
muhofaza zonasi — gidrometeorologik stansiyalar va postlar atrofida ularning hududi chegarasidan ikki yuz metr masofada joylashgan, yopiq chiziq bilan chegaralangan yer uchastkasi yoki suv akvatoriyasi;
tezkor gidrometeorologik axborot — aholining hayotiga va sogʻligʻiga tahdid solishi, shuningdek atrof tabiiy muhitga, iqtisodiyot tarmoqlariga va ijtimoiy sohaga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan xavfli gidrometeorologik hodisalar toʻgʻrisidagi zudlik bilan taqdim etiladigan gidrometeorologik axborot;
