23-modda. Davlat gidrometeorologik kuzatuvlar tarmogʻini muhofaza qilish
Gidrometeorologiya faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-745-son) · Sana: 12.01.2022 · Amalda
Yer uchastkalarini ularda maxsus vakolatli davlat organining gidrometeorologik stansiyalari va postlarini joylashtirish uchun ajratish qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
Gidrometeorologik axborotning uzluksizligini, toʻliqligini, ishonchliligini va foydalana olinishini taʼminlash maqsadida gidrometeorologik stansiyalar hamda postlar hududlarining chegaralarida tabiiy sharoitlarning saqlanishini taʼminlaydigan muhofaza zonalari belgilanadi.
Gidrometeorologik stansiyalar va postlarning muhofaza zonalari doirasida joylashgan yer uchastkalaridan hamda suv akvatoriyalaridan muhofaza zonalarida ishlarni bajarish qoidalariga muvofiq foydalaniladi.
Gidrometeorologik stansiyalar va postlarning muhofaza zonalari doirasida joylashgan yer uchastkalaridan hamda suv akvatoriyalaridan foydalanuvchilarning mazkur yer uchastkalaridan hamda suv akvatoriyalaridan foydalanishi muhofaza zonalarida ishlarni bajarish qoidalariga muvofiq cheklanishi mumkin.
Gidrometeorologik stansiyalar va postlarning muhofaza zonalarida quyidagilar taqiqlanadi:
davlat gidrometeorologik kuzatuvlar tarmogʻining but saqlanishi va undan foydalanish taʼminlanmaydigan ishlarni maxsus vakolatli davlat organining roziligisiz amalga oshirish;
gidrometeorologik axborotning ishonchliligida aks etishi mumkin boʻlgan xoʻjalik faoliyatini yuritish, obyektlarni qurish, boshqa ishlarni amalga oshirish.
Gidrometeorologik kuzatuvlar tayanch punktlarining (gidrometeorologik stansiyalar va postlarning) yer uchastkalari olib qoʻyilmaydi hamda ularni boshqa joyga koʻchirish taqiqlanadi.
Gidrometeorologiya faoliyatida foydalaniladigan davlat mol-mulki xususiylashtirilmaydi.
Davlat gidrometeorologik kuzatuvlar tarmogʻining faoliyati xalqaro standartlarga va Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
