15-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining gidrometeorologiya faoliyati sohasidagi vakolatlari
Gidrometeorologiya faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-745-son) · Sana: 12.01.2022 · Amalda
Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari gidrometeorologiya faoliyati sohasidagi hududiy dasturlarni tasdiqlaydi va ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari gidrometeorologiya faoliyati sohasida oʻz vakolatlari doirasida:
hududiy ahamiyatga ega boʻlgan gidrometeorologiya faoliyatining amalga oshirilishini tashkil etadi va ushbu faoliyatni muvofiqlashtiradi;
gidrometeorologiya faoliyati sohasidagi hududiy dasturlarni tasdiqlash uchun mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga kiritadi va amalga oshiradi;
hududiy dasturlarni moliyalashtiradi hamda ijtimoiy infratuzilmani rivojlantiradi, shu jumladan ishlab chiqarish va xoʻjalik faoliyatini hamda gidrometeorologiya faoliyatini moliyalashtirish sohasidagi davlat organlarining hududiy boshqarmalarini ushbu dasturlarni bajarishga jalb etishni amalga oshiradi;
davlat gidrometeorologik kuzatuvlar tarmogʻini va atrof tabiiy muhit ifloslanishining monitoringini tashkil etish uchun yer uchastkalarini ajratadi;
maxsus vakolatli davlat organiga gidrometeorologiya faoliyatini amalga oshirishda hamda xavfli gidrometeorologik hodisalarning iqtisodiyot tarmoqlariga va ijtimoiy sohaga salbiy taʼsirini yumshatishda koʻmaklashadi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
