Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati faoliyatining moddiy-texnika taʼminotini takomillashtirish haqida (KQ-292-IV-son)
23.12.2021
Oʻzbekicton Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati faoliyati moddiy-texnika taʼminotining samaradorligini oshirish maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati binolaridan foydalanish boshqarmasiga moddiy-texnika taʼminoti vazifalari yuklatilsin va shu munosabat bilan Senat devonining Moddiy-texnika va taʼminot boʻlimi tugatilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati binolaridan foydalanish boshqarmasining nomi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati binolaridan foydalanish va xoʻjalik faoliyati boshqarmasi” deb oʻzgartirilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati binolaridan foydalanish va xoʻjalik faoliyati boshqarmasi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2021-yil 10-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati binolaridan samarali foydalanishni tashkil etish toʻgʻrisida”gi KQ-249-IV-sonli Qarorining 3-bandi 2-xatboshisi oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2020-yil 11-noyabrdagi KQ-155-IV-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining devoni toʻgʻrisida”gi nizomga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati binolaridan foydalanish va xoʻjalik faoliyati boshqarmasi xodimlarining mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2021-yil 10-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati binolaridan samarali foydalanishni tashkil etish toʻgʻrisida”gi KQ-249-IV-sonli Qarorining 3-bandi 5-xatboshisi oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
8. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklansin.
9. Ushbu Qaror 2022-yil 1-yanvardan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2021-yil 23-dekabr,
KQ-292-IV-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2021-yil 23-dekabrdagi KQ-292-IV-sonli qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati binolaridan foydalanish va xoʻjalik faoliyati boshqarmasi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati binolaridan foydalanish va xoʻjalik faoliyati boshqarmasi (bundan buyon matnda Boshqarma deb yuritiladi) faoliyatining asosiy vazifalari, funksiyalari va uning faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Boshqarma Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatini (bundan buyon matnda Senat deb yuritiladi) moddiy-texnik jihatdan taʼminlashni tashkil etadigan, Senat binolarini saqlash ishlarini amalga oshiradigan, doimiy faoliyat koʻrsatadigan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati devonining tuzilmaviy tarkibiy boʻlinmasi hisoblanadi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisiga boʻysunadi.
3. Boshqarma oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va uning Kengashi qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining farmoyishi va topshiriqlariga, shuningdek, ushbu Nizomga amal qiladi.
4. Boshqarma davlat mulkida boʻlgan, oʻziga tezkor boshqarish huquqi asosida berilgan mol-mulk negizida tashkil etilgan davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs boʻlib, oʻz mustaqil balansiga, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Gʻaznachiligida shaxsiy hisobvaragʻiga va bank hisob raqamlariga, shu jumladan valyuta hisob raqamlariga, shtamp va blankalariga, davlat tilida oʻz nomi yozilib, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri tushirilgan muhriga hamda boshqa rekvizitlarga ega boʻladi.
5. Boshqarmaning rasmiy nomi quyidagicha:
a) davlat tilida:
toʻliq nomi — “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati binolaridan foydalanish va xoʻjalik faoliyati boshqarmasi” davlat muassasasi;
qisqartirilgan nomi — “Senat binolaridan foydalanish va xoʻjalik faoliyati boshqarmasi” DM;
b) rus tilida:
toʻliq nomi — Gosudarstvennoye uchrejdeniye “Upravleniye po ekspluatatsii zdaniy Senata Oliy Majlisa Respubliki Uzbekistan i xozyaystvennoy deyatelnosti”;
qisqartirilgan nomi — GU “Upravleniye po ekspluatatsii zdaniy Senata i xozyaystvennoy deyatelnosti”.
6. Boshqarma qonun hujjatlarida belgilangan tartibda oʻz nomidan mulk huquqlarini olish va amalga oshirish, zimmasiga majburiyatlar olish, sudda daʼvogar va javobgar boʻlish, nizolarni hal etish chogʻida boshqa organlarda vakillik qilish huquqiga ega.
7. Boshqarmaning joylashgan yeri (pochta manzili): Toshkent shahri, Mirobod tumani, Islom Karimov koʻchasi, 9-uy.
2-bob. Boshqarmaning vazifalari va funksiyalari
8. Boshqarmaning vazifalari quyidagilardan iborat:
balansidagi maʼmuriy binolar va inshootlarni, shuningdek, ularga tegishli hududlarning amaldagi normalar va qoidalarga muvofiq foydalanilishini, saqlanishini hamda ularga texnik xizmat koʻrsatilishini, muhandislik tizimlarining, kommunikatsiyalar va uskunalarning uzluksiz ishlashini taʼminlash;
Senat, uning organlari va senatorlar faoliyatini moddiy-texnik va tashkiliy-texnik jihatdan taʼminlashga doir ishlarni tashkil qilish;
Senat binolari, xonalari va uskunalariga ekspluatatsiya-texnik xizmat koʻrsatilishini tashkil etish, ularni lozim darajadagi holatda saqlash, shuningdek, ana shu maqsadlar uchun moʻljallangan pul mablagʻlaridan oqilona foydalanilishi ustidan nazorat qilish;
Senat binolaridagi xonalar mebel, inventarlar, interyer buyumlari bilan jihozlanishini taʼminlash;
yuqori martabali mehmonlar va rasmiy delegatsiyalarni qabul qilish, shuningdek, muzokaralar va boshqa tadbirlarni oʻtkazish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish;
majlislar zallarining texnik jihozlanishini hamda yalpi majlislar, kengashlar, shu jumladan selektor va videokonferensaloqa rejimida majlislar, yigʻilishlar oʻtkazilishi chogʻida jihozlanishini tashkil etish;
yongʻinga qarshi muhofazani, binolar va obyektlarning, shu jumladan videokuzatuv tizimlaridan va boshqa elektron texnika vositalaridan foydalangan holda qoʻriqlanishini tashkil etish;
Senat binolari hamda boshqa obyektlarning qurilishi, rekonstruksiya qilinishi, joriy va kapital taʼmirlanishini tashkil etish;
Boshqarma kadrlarini tanlash va joy-joyiga qoʻyish.
9. Boshqarma oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
binoning xonalari, asbob-uskunalari va unga tutash hududni lozim darajadagi holatda saqlash;
maʼmuriy binolar, inshootlar hamda xonalarga doir amaldagi normalar va qoidalarga muvofiq muhandislik tizimlari va asbob-uskunalarning uzluksiz ishlashini taʼminlash;
zamonaviy axborot texnologiyalari vositalaridan foydalangan holda moddiy-texnika taʼminoti va mehnatni tashkil etishning ilgʻor usullarini joriy etish;
senatorlar va Devon xodimlari uchun zarur mehnat sharoitlarini yaratib berish;
Senat devonining buyurtmasiga asosan Senat qoʻmitalari (komissiyalari) va tarkibiy boʻlinmalarni zarur moddiy-texnika vositalari, shu jumladan kompyuter texnika vositalari, zarur mahkama mollari va boshqa jihozlar bilan taʼminlash, ularning hisobini yuritish;
Senat va uning Kengashi majlislari zallarining, shuningdek, Senat qoʻmitalari (komissiyalari) majlislari oʻtkaziladigan zallarining tayyorlanishini (shu jumladan roʻyxatga olish tizimi kompyuterlar bilan taʼminlanishini) tashkil qilish;
xizmat safariga yuboriladigan senatorlar va Devon xodimlari uchun temir yoʻl chiptalari va aviachiptalar band (bron) qilinishini tashkil etish;
senatorlar va Devon xodimlarining xizmat safarlari bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash va temir yoʻl chiptalari va aviachiptalarini xarid qilish va shu bilan bogʻliq hisob-kitoblarni yuritish;
senatorlar tomonidan yuqori martabali mehmonlar va rasmiy delegatsiyalarni qabul qilish hamda xorijda xizmat safari davomida oʻtkaziladigan tadbirlarda taqdim etiladigan sovgʻalar xarid qilish ishlarini tashkil etish;
Senat hamda uning organlari tomonidan oʻtkaziladigan turli tadbirlar uchun tarqatma materiallar, risola va boshqa mahsulotlarni tayyorlash, chop etish ishlarini tashkil etish;
Senat yalpi majlislariga Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardan keladigan senatorlarni mehmonxonalarga joylashtirish;
Senat devoni rahbarining koʻrsatmasiga asosan senatorlar va Devon xodimlariga xizmat avtomobillarini biriktirish va navbatchi avtotransport vositalari ishini tashkil etish;
Senat devonining Moliya, hisob va hisobot boʻlimiga Boshqarmaning kelgusi yil uchun moʻljallangan budjet buyurtmasini taqdim qilish;
texnika xavfsizligi va mehnat intizomini mustahkamlash chora-tadbirlarini amalga oshirish;
Boshqarma xodimlari mehnatini tashkil qilishni muttasil takomillashtirib borish, ular uchun zarur ijtimoiy-maishiy sharoitlarni yaratish tadbirlarini amalga oshirish;
binolarda joylashgan tibbiy xizmat punkti, dorixona, oshxona, pochta xizmati, sartaroshxona va boshqa maishiy xizmatlar ishini muvofiqlashtirish;
elektr, issiqlik quvvati yetkazib berilishini taʼminlash;
suv taʼminoti, suv ajratish, sovutish, havoni almashtirish tizimlariga ekspluatatsiya-texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha ishlarning bajarilishini taʼminlash;
binolardagi xonalarni yigʻishtirish va toza-ozoda saqlash ishlarining bajarilishini taʼminlash;
qoʻriqlash va yongʻin xavfsizligi boʻlinmalari tomonidan markazlashtirilgan holda qoʻriqlash hamda yongʻin xavfsizligi uchun javobgar shaxslarning faoliyati ustidan nazorat taʼminlanishiga, yongʻin signalizatsiyasi tizimiga texnik xizmat koʻrsatish va uni joriy taʼmirlash ishlari bajarilishiga koʻmaklashish;
videokuzatuv tizimiga texnik xizmat koʻrsatish va ularni rejali taʼmirlash ishlarining bajarilishini taʼminlash;
muhandislik-texnologik tizimlar qoʻllab-quvvatlanishini, serverlar va lokal-hisoblash tarmoqlari, telekommunikatsiya va audio-video uskunalari ishlashini, kompyuter uskunasi va periferiya qurilmalar texnik jihatdan kuzatib borilishini, kompyuter va boshqa tashkiliy texnika sozlanishi hamda taʼmirlanishini tashkil etish, axborot xavfsizligini taʼminlashda ishtirok etish;
liftlarga texnik xizmat koʻrsatish va ularni rejali taʼmirlash ishlarining bajarilishini taʼminlash;
xizmat xonadonlari va Senat uchun ajratilgan xonadonlarning hisobini yuritish, ularda yaratilgan maishiy sharoitlarni yaxshilash choralarini koʻrish;
zarur tovarlar (ishlar, xizmatlar) xarid qilinishi maqsadida tashkilotlar, korxonalar va muassasalar bilan shartnomalar tuzish ishlarini amalga oshirish, kimoshdi savdolarida ishtirok etish, tanlovlar tashkil qilish;
Senat devoni buyurtmasi asosida Senatda doimiy asosda ishlovchi senatorlarning, Senat devoni xodimlarining, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) va oʻrinbosarlarining, Konstitutsiyaviy sud sudyalarining, Markaziy saylov komissiyasi aʼzolarining, Markaziy bank boshqaruvi raisi va aʼzolarining, “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalari, “Nurli jol” gazetasi, “Ovozi tojik” gazetasi bosh muharrirlarining va ular oʻrinbosarlarining xizmat guvohnomalari muqovasini tayyorlash;
“Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasining Budjet Kodeksiga muvofiq buxgalteriya va statistika hisobini tashkil etish hamda yuritish, hisobotlarni tuzish, moliyaviy-iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish;
Senat devonining Moliya, hisob va hisobot boʻlimiga har chorak yakuni boʻyicha balans hisobotlarini taqdim etish.
Boshqarma oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarga, Oliy Majlis Senati, uning Kengashi qarorlariga, Senat Raisining farmoyishlari va topshiriqlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshiradi.
3-bob. Boshqarmaning huquq va majburiyatlari
10. Boshqarma oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
Boshqarma tasarrufiga kiritilgan masalalarni hal qilish uchun, zarurat boʻlganda boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlar va oʻzga organlarni jalb etish;
Boshqarmaning faoliyati masalalari yuzasidan boshqa organlar va tashkilotlar bilan belgilangan tartibda yozishmalar olib borish;
Boshqarma tomonidan bajariladigan (koʻrsatiladigan) ishlar (xizmatlar) roʻyxatini kelishib olish;
Senat binolarini qurish, rekonstruksiya qilish va uni kapital taʼmirlash boʻyicha takliflar kiritish, obyekt boʻyicha buyurtmachi funksiyasini bajarish.
Boshqarma qonun hujjatlariga muvofiq oʻz vazifalari va funksiyalarini bajarish uchun zarur boʻlgan boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
11. Boshqarma:
oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarni samarali, sifatli va oʻz vaqtida bajarish;
moddiy va moliyaviy resurslardan, asosiy hamda aylanma mablagʻlardan oqilona va tejamkorlik bilan foydalanish uchun javobgardir.
4-bob. Boshqarma tuzilmasi va uning faoliyatini tashkil etish
12. Boshqarmaning asosiy tuzilmaviy boʻlinmalari muayyan vazifalarni hal qilish uchun tuziladi.
13. Boshqarmaga Senat Raisining farmoyishiga asosan lavozimiga tayinlanadigan va lavozimidan ozod qilinadigan Boshqarma boshligʻi rahbarlik qiladi.
14. Boshqarmaning Boshqarma boshligʻi oʻrinbosari, bosh muhandisi, bosh energetiki, bosh buxgalteri, bosh buxgalteri oʻrinbosari, bosh yuriskonsulti va kadrlar boʻlimi mudiri Senat Raisi bilan kelishgan holda Boshqarma boshligʻining buyrugʻi bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
15. Ushbu Nizomning 14-bandda koʻrsatilgandan Boshqarmaning boshqa xodimlari Boshqarma boshligʻi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
16. Boshliq boʻlmagan davrda uning vakolatlarini ijro etish Boshqarma boshligʻi oʻrinbosari tomonidan amalga oshiriladi.
17. Boshqarmaning ishi ushbu Nizomga, Senat Raisining farmoyishlari va topshiriqlariga muvofiq, shuningdek, Boshqarmaning ish rejalari, boʻlimlarning ish rejalari va mutaxassislarning individual ish rejalari asosida tashkil etiladi.
Boshqarmaning ish rejasi Senat Raisi tomonidan tasdiqlanadi.
18. Boshqarma boshligʻi:
Boshqarmaga bevosita rahbarlikni amalga oshiradi, Boshqarma faoliyatini tashkil etadi hamda Boshqarma zimmasiga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javobgar boʻladi;
Senat Raisi, uning oʻrinbosarlari, Senat devoni rahbari boshchiligida oʻtkaziladigan majlislarda Boshqarmaga taalluqli masalalar boʻyicha ishtirok etadi;
Boshqarma xodimlarining asosiy funksional vazifalarini belgilaydi hamda xodimlarning odob-axloq qoidalariga rioya qilishi ustidan nazoratni tashkil etadi;
Boshqarmaning xarajatlar smetasi va shtatlar jadvalini oʻrnatilgan tartibda tasdiqlaydi.
chiqib ketuvchi xatlarni imzolaydi;
Boshqarma ishini takomillashtirishga doir tadbirlar ishlab chiqadi va ularni amalga oshiradi.
19. Boshqarma xodimlarining huquq va majburiyatlari mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga, mansab yoʻriqnomalariga, Boshqarmada amal qiluvchi nizomlar va yoʻriqnomalarga, ichki mehnat tartibi qoidalariga, jamoaviy va mehnat shartnomalariga muvofiq belgilanadi.
5-bob. Boshqarmaning mol-mulki
20. Boshqarmaning mol-mulki asosiy va aylanma mablagʻlardan, shuningdek, oʻz mustaqil balansida aks ettiriladigan boshqa moddiy qimmatliklardan iboratdir.
21. Boshqarma faoliyatini moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
6-bob. Boshqarmani moliyalashtirish va moddiy-texnik taʼminlash, uning xodimlari mehnatiga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish
22. Boshqarma faoliyatini moliyalashtirish va uning xodimlari mehnatiga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Boshqarma xodimlarining mehnatga oid munosabatlari Senatning vakolati muddatiga bogʻliq boʻlmaydi.
23. Boshqarma xodimlarining ish haqi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan oylik maoshi, mukofot, moddiy yordam, qoʻshimcha haqlar, ustama va ragʻbatlantirish toʻlovlaridan iborat.
Boshqarma xodimlari lavozim maoshlariga har oyda qoʻshiladigan ragʻbatlantirish xususiyatiga ega boʻlgan qoʻshimcha haqlar va ustamalar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi qarori bilan tasdiqlanadigan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati binolaridan foydalanish va xoʻjalik faoliyati boshqarmasi xodimlarining mehnatiga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq toʻlanadi.
24. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar Boshqarma faoliyatini moliyalashtirish, xodimlarning mehnatiga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish manbalari hisoblanadi.
7-bob. Boshqarmaning hisobdorligi
25. Boshqarma buxgalteriya hisobining tashkil etilishi, holati va ishonchliligi, buxgalteriya, moliya va statistika hisobotlarining Senat Raisiga hamda boshqa organlarga oʻz vaqtida taqdim etilishi uchun qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
26. Boshqarma tomonidan soliqlar va boshqa toʻlovlar Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq toʻlanadi.
8-bob. Boshqarmani tugatish va qayta tashkil etish
27. Boshqarmani faoliyatini yanada takomillashtirish, uni qayta tashkil etish, shuningdek, yangi tarkibiy boʻlinmalar tuzish, tugatish va qayta tashkil etish Senat Kengashining qarori bilan amalga oshiriladi.
9-bob. Yakunlovchi qoida
28. Mazkur Nizomning qoidalaridan kelib chiqadigan nizolar muzokaralar yoʻli bilan hal etiladi. Nizolarni muzokaralar yoʻli bilan bartaraf etishning iloji boʻlmaganda ular sud tartibida hal qilinadi.
29. Ushbu Nizomda aks ettirilmagan masalalar Oʻzbekiston Respublikasining normativ-huquqiy hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2021-yil 23-dekabrdagi KQ-292-IV-sonli qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining devoni toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2020-yil 11-noyabrdagi KQ-155-IV-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining devoni toʻgʻrisida”gi nizomga quyidagi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
1) 1-banddagi “tuzilmalari” degan soʻzi “organlari” degan soʻz bilan almashtirilsin;
2) 7-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“7. Devon quyidagi tarkibiy boʻlinmalardan iborat:
Nazorat-tahlil boshqarmasi;
Axborot xizmati;
Yuridik boshqarma;
Davlat budjeti va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalarini tahlil qilish boshqarmasi;
Senat Raisining kotibiyati;
Senat qoʻmitalarining kotibiyatlari;
Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyatiga koʻmaklashish, odam savdosi va majburiy mehnatning oldini olish masalalari boʻlimi;
Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boʻlimi;
Xalqaro aloqalar boʻlimi;
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boʻlimi;
Umumiy boʻlim;
Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash boʻlimi;
Moliya, hisob va hisobot boʻlimi”;
3) 11-bandning uchinchi xatboshisidagi “tuzilmalari” degan soʻz “organlari” degan soʻz bilan almashtirilsin;
4) 12-bandning uchinchi xatboshisidagi “tuzilmalari” degan soʻz “organlari” degan soʻz bilan almashtirilsin;
5) 13-bandning uchinchi xatboshisidagi “tuzilmalari” degan soʻz “organlari” degan soʻz bilan almashtirilsin;
6) 21-bandning oltinchi xatboshiyeyidagi “tuzilmalari” degan soʻz “organlari” degan soʻz bilan almashtirilsin;
7) 40-band:
yettinchi xatboshiyeyidagi “tayyorlaydi” degan soʻz “tayyorlash uchun buyurtma beradi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
oʻn toʻqqizinchi xatboshisidagi “Moddiy-texnika va taʼminot boʻlimiga” degan soʻzlar “Senat binolaridan foydalanish va xoʻjalik faoliyati boshqarmasiga” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
8) 15-bob chiqarib tashlansin;
9) 45-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“45. Moliya, hisob va hisobot boʻlimining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
Senat faoliyatiga doir xarajatlar smetasi, budjet buyurtmanomalari, shtatlar jadvali, moliyaviy, soliqqa doir va boshqa hisobotlarni tuzish;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati binolaridan foydalanish va xoʻjalik faoliyati boshqarmasiga tegishli moliya yili uchun budjet parametrlarini yetkazish hamda kelgusi yil uchun budjet buyurtmanomalarini qabul qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati binolaridan foydalanish va xoʻjalik faoliyati boshqarmasida “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasining Budjet Kodeksiga muvofiq buxgalteriya va moliyaviy hisobotlarning tuzilishi va yuritilishi hamda moliyaviy-iqtisodiy faoliyati ustidan nazorat olib borish;
senatorlar va Devon xodimlarining oylik moliyalash, mehnatga haq toʻlash, mukofotlar, qoʻshimcha toʻlovlar, ustama haqlar, ragʻbatlantiruvchi toʻlovlarni hisob-kitob qilish, prognozlashni amalga oshirish uchun iqtisodiy hisob-kitoblarni tuzish;
senatorlar va Devon xodimlarining xizmat safarlari bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash va temir yoʻl chiptalari va aviachiptalarini xarid qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati binolaridan foydalanish va xoʻjalik faoliyati boshqarmasining buxgalteriya hisobotlarini qabul qilish hamda umumlashtirilgan holda va belgilangan muddatlarda Moliya vazirligiga taqdim qilish;
tashkilotlar, korxonalar va muassasalar bilan shartnomalar tuzish ishlarini amalga oshirish, kimoshdi savdolarida, tanlovlarda ishtirok etish”;
10) 46-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“46. Moliya, hisob va hisobot boʻlimi oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
Senat faoliyatiga moliyaviy xizmat koʻrsatishni taʼminlaydi;
buxgalteriya balanslarini, moliyaviy natijalar, asosiy vositalarning harakati, pul oqimlari toʻgʻrisidagi hisobotlarni, hisob-kitoblar va ularga izohlarni, soliqqa oid va boshqa hisobotlarni tayyorlaydi;
barcha parametrlar boʻyicha yillik smetalar tuzish, shuningdek istiqbolni belgilash bilan bogʻliq iqtisodiy hisob-kitoblar kabi moliyaviy-iqtisodiy xususiyatdagi funksiyalarni bajaradi;
Senat faoliyati bilan bogʻliq alohida xarajatlar smetasini, shuningdek ularni ijro etilishi holati toʻgʻrisidagi hisobotlar tayyorlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati binolaridan foydalanish va xoʻjalik faoliyati boshqarmasida “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasining Budjet Kodeksiga muvofiq buxgalteriya va moliyaviy hisobotlarning tuzilishi va yuritilishi hamda moliyaviy-iqtisodiy faoliyati ustidan nazorat olib boradi;
mablagʻlarning sarflanishi va moliyaviy resurslardan tejab foydalanish va ularning saqlanishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
Senat faoliyatini tartibga soluvchi, jumladan moliyaviy masalalarga daxldor boʻlgan normativ hujjatlar loyihalari yuzasidan xulosa beradi;
senatorlar va Devon xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishning qonunda taqiqlanmagan manbalari toʻgʻrisida takliflar tayyorlaydi”.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2021-yil 23-dekabrdagi KQ-292-IV-sonli qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati binolaridan foydalanish va xoʻjalik faoliyati boshqarmasi xodimlarining mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati binolaridan foydalanish va xoʻjalik faoliyati boshqarmasi (keyingi oʻrinlarda Boshqarma deb ataladi) xodimlarining mehnatiga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish tartibini belgilaydi.
2. Boshqarma xodimlariga quyidagilar budjet mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi:
xodimlarning lavozim maoshi;
mukofotlar va moddiy yordam toʻlovlari;
yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlashning tasdiqlangan razryadlariga koʻra oshirilgan tarif koeffitsiyentini qoʻllash hisobiga ustamalar;
moddiy ragʻbatlantirish maxsus fondi mablagʻlari hisobidan mehnatga haq toʻlash fondi mablagʻlarining 25 foizi miqdorida xodimlarning mehnatini moddiy taqdirlash va ragʻbatlantirish;
xodimning koʻp yillik xizmatlari va umumiy ish staji davomiyligi uchun har oylik lavozim maoshiga ustamalar;
bayram kunlari uchun mukofotlar;
xodimlarga xizmat majburiyatlarini tashabbuskorona va vijdonan bajarganligi uchun lavozim maoshlariga ustamalar;
xodimlarning sogʻligʻini tiklash va ijtimoiy himoya qilish maqsadida moddiy yordam;
alohida toifadagi xodimlarga qonunchilikda belgilangan boshqa ustamalar.
2-bob. Boshqarma xodimlarini ragʻbatlantirish miqdori va shartlari
3. Xodimlarga lavozim maoshini aniqlashda yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlashning tasdiqlangan razryadlariga koʻra
1,5 baravar miqdorida tarif koeffitsiyenti qoʻllaniladi.
4. Yiliga ikki oylik mehnatga haq toʻlash fondi miqdoridagi mukofotlar hamda yiliga bir oylik mehnatga haq toʻlash fondi miqdorida moddiy yordam toʻlovlari beriladi.
5. Moddiy ragʻbatlantirish maxsus fondi mablagʻlari (25 foizlik) hisobidan xodimlarning mehnatini moddiy taqdirlash va ragʻbatlantirish, shuningdek alohida toifa va kasbdagi xodimlarga ustamalar qonunchilikda belgilangan miqdorlarda beriladi.
6. Senat binolaridagi murakkab elektr va texnologik uskunalarga malakali va xavfsiz texnik xizmat koʻrsatilishini taʼminlash maqsadida Boshqarma rahbari, uning oʻrinbosari, bosh muhandisi va tegishli boʻlinmalar rahbarlari va mutaxassislariga lavozim maoshining bir baravari miqdorida shaxsiy ustamalar beriladi.
7. Alohida toifadagi xodimlarga qonunchilikda belgilangan miqdorlarda va shartlarda ustamalar toʻlanadi.
8. Xodimlarning koʻp yillik xizmatlari va umumiy ish staji davomiyligi uchun lavozim maoshiga ustamalar har oyda shtat jadvaliga muvofiq holda quyidagi miqdorlarda toʻlanadi:
Ish staji Oylik tarif stavkasiga (lavozim maoshiga) nisbatan muayyan muddat ishlaganlik uchun har oyda beriladigan ustama haq miqdori
2 yildan 5 yilgacha 10%
5 yildan 10 yilgacha 20%
10 yildan 15 yilgacha 30%
15 yildan 20 yilgacha 40%
20 yildan 25 yilgacha 50%
25 yildan ortiq 60%
Ushbu ustama haq olish huquqi xodimda mehnat shartnomasi asosida ishlashni boshlagan kundan eʼtiboran yuzaga keladi.
3-bob. Boshqarma xodimlarini koʻp yillik xizmatlari va umumiy ish staji davomiyligi uchun ustamalarni belgilash shartlari
9. Ustama haq olish huquqini beruvchi ish staji amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq hisoblab chiqariladi. Ustama haq olish huquqini beruvchi umumiy ish stajiga quyidagilar kiradi:
a) xodim faoliyat turidan, mulkchilik va xoʻjalik shaklidan qatʼiy nazar budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga sugʻurta badallarini toʻlagan taqdirda davlat tomonidan ijtimoiy sugʻurta qilinadigan har qanday ish davri;
b) prokuratura, ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar, Davlat xavfsizlik xizmati organlaridagi hamda chegara qoʻshinlaridagi xizmat davri;
v) idoraviy boʻysunuvidan qatʼi nazar harbiylashtirilgan soqchilikdagi, maxsus aloqa organlari va togʻ-kon-qutqaruv qismlaridagi xizmat;
g) yuridik shaxs tuzmay tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullangan shaxslar va dehqon xoʻjaliklari aʼzolari tomonidan budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga sugʻurta toʻlovlarini toʻlagan davri;
d) ayrim fuqarolarga yollanib ishlash (uy xizmatchilari, kotiblar, enagalar, haydovchilar, qoʻriqchilar va hokazolar bilan budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga sugʻurta badallarini toʻlagan taqdirda) davri.
Xodimning ish stajini hisoblab chiqish uchun mehnat daftarchasidagi ish stajiga oid qaydlar asos hisoblanadi.
10. Ustama haq olish huquqini beruvchi ish stajini hisoblab chiqish kadrlar boʻyicha masʼul xodim tomonidan amalga oshiriladi hamda lavozim maoshlariga qoʻshimcha haq toʻlanishi uchun tegishli hujjatlarni Moliya, hisob va hisobot boʻlimiga taqdim etadi.
11. Ustama haq miqdori xodimning oylik tarif stavkasidan (lavozim maoshidan) kelib chiqib hisoblanadi. Ustama haq ushbu oyda amalda ishlagan vaqt uchun toʻlanadi va oʻrtacha ish haqiga kiritiladi.
12. Xodimda kalendar oy mobaynida muayyan muddat ishlaganlik uchun lavozim maoshiga nisbatan toʻlanadigan ustama haq olish huquqi yuzaga kelsa, ushbu ustama haq miqdorini birinchi marta hisoblash bunday ustama haq olish huquqi yuzaga kelgandan keyin ishlagan vaqt uchun amalga oshiriladi.
13. Kalendar oy mobaynida muayyan muddat ishlaganlik uchun lavozim maoshiga nisbatan toʻlanadigan ustama haq miqdorini oshirish huquqi yuzaga kelgan xodimga nisbatan ustama haqning yangi miqdori keyingi oyning birinchi sanasidan qoʻllaniladi.
Kalendar oy mobaynida tarif stavkasi (lavozim maoshi) oʻzgargan xodimga nisbatan ustama haqning yangi miqdori tarif stavkasi (lavozim maoshi) oʻzgargan kundan boshlab qoʻllaniladi.
14. Xodim Mehnat kodeksining 93 — 95-moddalarida koʻrsatilgan tartibda vaqtincha boshqa ishga oʻtkazilganda unga ustama haq asosiy ishi boʻyicha oylik tarif stavkasidan (lavozim maoshidan) kelib chiqib hisoblanadi.
4-bob. Boshqarma xodimlarini ish haqi fondining iqtisod qilingan qismi hisobidan ragʻbatlantirish miqdori va shartlari
15. Ish haqi fondining iqtisod qilingan qismi hisobidan Oʻzbekiston Respublikasining Mustaqillik kuni, Konstitutsiya kuni, Yangi yil, Xalqaro xotin-qizlar kuni (ayollarga), Xotira va qadrlash kuni, Navroʻz, Ramazon va Qurbon hayitlari uchun xodimlar lavozim maoshining bir baravarigacha miqdorda ragʻbatlantirilishi mumkin.
16. Zarur hollarda, xodimlar lavozim maoshining ikki baravari miqdorida (kam taʼminlangan oilalar, xodimning davolanishi, 50, 55, 60 yubiley yoshi munosabati bilan, pensiyaga chiqqanda, shuningdek toʻy, dafn marosimi va boshqalar uchun) xodimlarga kasaba uyushmasi bilan kelishgan holda moddiy yordam puli beriladi.
5-bob. Boshqarma xodimlarini ragʻbatlantirish tadbirlarini moliyalashtirish
17. Quyidagilar xodimlarni ragʻbatlantirish manbalari hisoblanadi:
budjetdan ajratilgan mablagʻlar;
budjet tashkilotlarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
18. Xodimlarni moddiy ragʻbatlantirishni moliyalashtirish manbalari va miqdori qonunchilikda belgilangan tartibda tasdiqlangan xarajatlar smetasi, budjetdan tashqari jamgʻarmalar boʻyicha daromadlar va xarajatlar smetasi asosida amalga oshiriladi.
6-bob. Yakunlovchi qoida
19. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
