13-modda. 2022-yilda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti xarajatlarini amalga oshirishning oʻziga xos xususiyatlari
2022-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida (O‘RQ-742-son) · Sana: 30.12.2021 · Amalda
Mahalliy davlat hokimiyati organlarining tashabbusiga koʻra amalga oshiriladigan qoʻshimcha tadbirlarni moliyalashtirish faqat Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar mahalliy budjetlarining qoʻshimcha manbalari hisobidan amalga oshiriladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlari tegishli budjetlarini birinchi navbatda ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, oziq-ovqat, dori-darmon va kommunal xizmatlar uchun xarajatlar rejalashtirilishini nazarda tutgan holda shakllantiradi.
Choraklar yakuni boʻyicha ushbu Qonunning 6-ilovasida keltirilgan daromadlarning prognoz koʻrsatkichlari mahalliy ijro hokimiyati organlarining faoliyatiga bogʻliq boʻlmagan sabablarga koʻra 5 foizdan ortiq miqdorga bajarilmasa va moliya yili oxirigacha ushbu mablagʻlarning tushish ehtimoli boʻlmasa, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Vazirlar Mahkamasiga xarajatlarni maqbullashtirish yuzasidan koʻrilgan choralar bilan birga tartibga soluvchi budjetlararo transfertlar miqdorini oshirish yuzasidan murojaat qiladi hamda mazkur taklif Vazirlar Mahkamasi tomonidan ushbu Qonunda belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi. Tumanlar va shaharlar hokimlari ham Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimiyatlariga xuddi shunday tartibda murojaat etadi.
2022-yilda:
Toshkent shahrining umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari, maktabgacha taʼlim tashkilotlari, sogʻliqni saqlash muassasalari va ichimlik suvi bilan taʼminlash tizimi obyektlarini loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish), mukammal taʼmirlash va jihozlash uchun kapital qoʻyilmalarga doir xarajatlar Toshkent shahrining shahar budjetidan;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarning umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari, maktabgacha taʼlim tashkilotlari, sogʻliqni saqlash muassasalari obyektlarini loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish), mukammal taʼmirlash va jihozlash, shuningdek sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash tadbirlari doirasida obyektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish), mukammal taʼmirlash hamda taʼmirlash-tiklashga doir xarajatlar Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetidan va viloyatlarning viloyat budjetlaridan;
