451-modda. Soliq bazasi
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-741-son) · Sana: 29.12.2021 · Amalda
Soliq bazasi soliq toʻlovchi tomonidan mustaqil ravishda har bir qazib olingan (ajratib olingan) foydali qazilmaga nisbatan aniqlanadi.
Soliq (hisobot) davri boshlanganidan eʼtiboran oʻsib boruvchi yakun bilan aniqlanadigan qazib olingan (ajratib olingan) foydali qazilma hajmining qiymati soliq bazasidir.
Agar ushbu moddaning toʻqqizinchi — oʻn birinchi qismlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, qazib olingan (ajratib olingan) foydali qazilma hajmining qiymati soliq (hisobot) davri uchun oʻrtacha olingan realizatsiya qilish bahosida hisob-kitob qilinadi.
Soliq (hisobot) davri uchun oʻrtacha olingan realizatsiya qilish bahosi har bir qazib olingan (ajratib olingan) foydali qazilma boʻyicha pulda ifodalangan realizatsiya qilish hajmlarini (qoʻshilgan qiymat soligʻini va aksiz soligʻini chegirgan holda) naturada ifodalangan realizatsiya qilish hajmiga boʻlish orqali alohida aniqlanadi.
Agar qazib olingan (ajratib olingan) foydali qazilmadan shaxsiy ishlab chiqarish yoki xoʻjalik ehtiyojlari uchun qisman foydalanilsa, soliq bazasi qazib olingan (ajratib olingan) foydali qazilmaning butun hajmi hisobida, ushbu foydali qazilmaning oʻrtacha olingan realizatsiya qilish bahosidan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
Soliq (hisobot) davrida foydali qazilma realizatsiya qilinmagan taqdirda, soliq bazasi realizatsiya qilish amalga oshirilgan oxirgi soliq (hisobot) davrida foydali qazilmani realizatsiya qilishning oʻrtacha olingan narxidan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
Foydali qazilmalarni qazib olish (ajratib olish) boshlanganidan buyon ular realizatsiya qilinmagan taqdirda, soliq bazasi soliq (hisobot) davrida mazkur foydali qazilmalarni qazib olishning (ajratib olishning) 20 foizga oshirilgan ishlab chiqarish tannarxidan kelib chiqqan holda aniqlanadi. Bunda soliq toʻlovchi realizatsiya qilish amalga oshirilgan birinchi hisobot davrida hisoblangan soliq summasiga hisobot davrida shakllangan oʻrtacha olingan narxidan kelib chiqqan holda keyingi tuzatishni kiritishi shart.
Qazib olingan (ajratib olingan) foydali qazilmadan toʻlaligicha shaxsiy ishlab chiqarish yoki xoʻjalik ehtiyojlari uchun foydalanilgan hollarda soliq bazasi qazib olingan (ajratib olingan) foydali qazilmaning 20 foizga oshirilgan ishlab chiqarish tannarxidan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
