Eksport hajmining barqaror oʻsishini taʼminlash va uning nomenklaturasini diversifikatsiyalash boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish haqida (SQ-457-IV-son)
16.12.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Eksport hajmining barqaror oʻsishini taʼminlash va uning nomenklaturasini diversifikatsiyalash boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish haqidagi masalani koʻrib chiqib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining 12-moddasiga hamda “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Eksport hajmining barqaror oʻsishini taʼminlash va uning nomenklaturasini diversifikatsiyalash boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi ilovaga muvofiq yuborilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi parlament soʻrovini koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha 2022-yilning 1-apreliga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga yozma javob taqdim etsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi (R. Alimov) parlament soʻroviga kelib tushgan javobni tahlil qilib, 2022-yil 25-apreligacha Oliy Majlis Senati Kengashiga axborot kiritsin.
4. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklansin.
5. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2021-yil 16-dekabr,
SQ-457-IV-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 16-dekabrdagi SQ-457-IV-sonli qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga
PARLAMENT SOʻROVI
(eksport hajmining barqaror oʻsishini taʼminlash va uning nomenklaturasini diversifikatsiyalash boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida)
Ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va mahalliy korxonalar, kichik va oʻrta biznes subyektlari eksport salohiyatini oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish Oʻzbekiston iqtisodiy siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.
Tashqi savdo hajmlarining izchil oʻsishini taʼminlash va eksportni ragʻbatlantirishga qaratilgan tarkibiy oʻzgartirishlar tizimli asosda amalga oshirilmoqda.
Xususan, valyuta siyosati liberallashtirilib, qator maʼmuriy va byurokratik toʻsiqlar bartaraf etildi. Eksport qilinadigan meva-sabzavot mahsulotlariga narx belgilash tartibi bekor qilindi va toʻlovlarning bozor mexanizmi yoʻlga qoʻyildi, eksport qiluvchilar uchun qator soliq imtiyozlari va preferensiyalar joriy etilgan.
Keyingi yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatning eksportni qoʻllab-quvvatlash maqsadida 50 ga yaqin hujjatlari qabul qilingan.
Ilgʻor xalqaro tajriba asosida eksport qiluvchilarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzurida Eksportni qoʻllab-quvvatlash agentligi va uning jamgʻarmasi tashkil etilgan.
Jamgʻarma tomonidan tijorat banklariga eksportga oid savdo operatsiyalarini moliyalashtirish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish maqsadida ularga moliyaviy resurslar ajratish mexanizmi joriy etilgan.
Milliy brend va tovarlarni chet elda targʻib qilish, har yili sanoat va hududiy mahsulotlar koʻrgazma va yarmarkalarini oʻtkazish maqsadida “Made in Uzbekistan” dasturi ishlab chiqilgan va amalga oshirilgan.
Amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida tovar ayirboshlash hajmi barqaror oʻsib bormoqda. Jumladan, 2017 — 2020-yillarda tovar ayirboshlash hajmi 137,8 mlrd dollarga yetgan.
Mamlakatimiz eksporti tarkibida xomashyo ulushi kamayishiga erishilgan. Jumladan, 2017-yilda xomashyo jami eksportning 25 foizini tashkil qilgan boʻlsa, 2020-yilda ushbu koʻrsatkich 16 foizga kamaygan.
Eksport qiluvchi korxonalar soni 5 400 taga yetib, soʻnggi toʻrt yilda 1 891 taga (35 foizga) koʻpaydi. Bu oʻz navbatida, 561 mln dollarlik qoʻshimcha eksport koʻrsatkichlarini taʼminlagan.
Eksport qilinadigan tovarlar nomenklaturasi sezilarli darajada diversifikatsiya qilinishi natijasida 2017 — 2021-yillarda eksportga chiqariladigan mahsulotlar soni 1 622 tadan 2 365 taga yetkazilib, 1,5 baravar oʻsishga erishilgan.
Shu bilan birga, qator muammolar eksport hajmining oʻsishi va uning nomenklaturasi kengayishiga toʻsqinlik qilmoqda.
Birinchidan, investitsiya faoliyati va eksport subyektlarini qoʻllab-quvvatlash sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarning tez-tez oʻzgarib turishi eksport qiluvchi korxonalar faoliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Masalan, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-dekabrdagi qarori bilan tasdiqlangan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan eksport qiluvchi tashkilotlarga moliyaviy yordam koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga bir necha marotaba oʻzgartirish kiritilgan.
Ikkinchidan, eksport qiluvchilar garov sifatida sugʻurta xizmatlaridan foydalanganda sugʻurta mukofotini qoplashga kompensatsiyalar taqdim etish mexanizmi talab darajasida yoʻlga qoʻyilmagan.
2021-yil yanvar — oktyabr oylarida 5 400 ta eksport qiluvchi korxonadan faqat 114 tasi (2,1%) ushbu imkoniyatdan foydalana olgan.
Uchinchidan, eksport qiluvchi korxonalar tomonidan chet ellarda savdo uylarni ochish va saqlash, shuningdek, ofis va omborxonalarni ijaraga olish, reklama faoliyati bilan bogʻliq xarajatlarini qoplash mexanizmi amalda yoʻlga qoʻyilmagan.
Masalan, 2021-yil 1-dekabr holatiga mazkur imtiyozdan bironta ham korxona foydalanmagan. Asosiy sabab — byurokratik toʻsiqlarning koʻpligi va ushbu imkoniyatlar haqida tadbirkorlarning xabardor emasligi.
Toʻrtinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 24-yanvardagi PQ-2740-sonli qaroriga asosan tashkil etilgan “Oʻzagroeksportbank” aksiyadorlik tijorat banki ustav jamgʻarmasi toʻliq shakllantirilmaganligi sababli Markaziy bank tomonidan 2019-yil noyabr oyida kreditlash sohasidagi faoliyati toʻxtatilgan.
Natijada qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini eksport qiluvchi tashkilotlarni qoʻllab-quvvatlovchi, ularning eksport salohiyatini samarali va barqaror rivojlantirishni taʼminlovchi, shuningdek, agrosanoat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish boʻyicha koʻzlangan maqsadga erishilmagan.
Beshinchidan, mamlakatimizda xalqaro darajada akkreditatsiyadan oʻtkazilgan, mamlakatimiz mahsulotlarini tekshirish va sertifikatlash imkoniyatiga ega boʻlgan milliy laboratoriyalarning yoʻqligi mahalliy va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini eksport qilishga toʻsqinlik qilmoqda.
Oltinchidan, tashqi savdo operatsiyalarining yagona axborot tizimidan foydalanganda tashqi savdo ishtirokchilari qiyinchiliklarga duch kelmoqda.
Ayniqsa, tizim ishlashida tez-tez uzilishlar boʻlishi va ishlamasdan qolishi holatlari qayd etilgan.
Yuqoridagilarni inobatga olib, “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Qonunning 14-moddasiga asoslanib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati:
1) qonun hujjatlarini tizimlashtirish va kodifikatsiyalash, tashqi iqtisodiy aloqalar sohasida toʻgʻridan toʻgʻri taʼsir etuvchi normativ-huquqiy hujjatlarga oʻtish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida;
2) eksport nomenklaturasi va geografiyasini diversifikatsiyalash boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida;
3) eksport qiluvchilar tomonidan garov sifatida sugʻurta xizmatlaridan foydalanganda sugʻurta mukofotini qoplash uchun tovon toʻlash, shuningdek, savdo uylarini ochish va saqlab turish, ofis, savdo va omborxonalarni ijaraga olish, chet elda reklama kampaniyalarini tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash mexanizmlarini takomillashtirish hamda ommalashtirish toʻgʻrisida;
4) eksportoldi va eksportni moliyalashtirish, sugʻurtalashni amalga oshiruvchi, shuningdek, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini eksport qiluvchi korxonalar uchun boshqa moliyaviy xizmatlarni koʻrsatuvchi yetakchi moliyaviy institut sifatida “Oʻzagroeksportbank” ATB faoliyatini toʻlaqonli ishlashini taʼminlash toʻgʻrisida;
5) mahalliy qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini tekshirish va sertifikatlash imkoniyatiga ega xalqaro darajada akkreditatsiyadan oʻtgan milliy laboratoriyalarni ochish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida;
6) Tashqi savdo operatsiyalarining yagona axborot tizimini yanada takomillashtirish va uning uzluksiz ishlashini taʼminlash toʻgʻrisida olib borilgan ishlar haqida
PARLAMENT SOʻROVI
bilan Sizga murojaat etadi hamda javobingiz Senatning navbatdagi majlisida muhokama qilinishi va uning yakunlari boʻyicha qaror qabul qilinishini maʼlum qiladi.
