Toshkent shahar hokimining hududlarni rivojlantirish haqidagi hisoboti toʻgʻrisida (SQ-455-IV-son)
16.12.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Toshkent shahar hokimining hisobotini eshitib, poytaxtni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, kichik biznes va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash orqali aholining turmush darajasini oshirish borasida muayyan ishlar amalga oshirilganligini qayd etadi.
Joriy yilning toʻqqiz oyi davomida yalpi hududiy mahsulot hajmi 87,8 trln soʻmni tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 114,1 foizga oʻsgan. Aholi jon boshiga nisbatan yalpi hududiy mahsulot 31,2 mln soʻmdan ortiqni tashkil etgan.
2021-yil 1-oktabr holatiga tadbirkorlik subyektlari soni qariyb 2 barobarga ortib (2017-yil 48,7 ming), 96,6 mingtaga yetgan, faoliyat koʻrsatmayotgan 5 780 ta korxonaning faoliyati tiklangan.
Bektemir, Mirzo Ulugʻbek, Olmazor, Sergeli, Uchtepa, Chilonzor, Yunusobod, Yakkasaroy tumanlaridagi 8 ta kichik sanoat zonasida 582 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilib, 1 trln 237,3 mlrd soʻmlik, shu jumladan, 239,2 mlrd soʻmlik import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilgan.
Bektemir, Uchtepa, Shayxontohur, Yangihayot, Yashnobod tumanlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha qabul qilingan qarorlar doirasida sanoat va xizmat koʻrsatish sohalarida umumiy qiymati 6,8 trln soʻmlik 120 ta investitsiya loyihasi ishga tushirilib, 11 mingga yaqin yangi ish oʻrinlari yaratilgan.
Hudud tasarrufidagi korxonalar tomonidan jami 911,9 mln AQSh dollari miqdorida mahsulotlar eksport qilinib, reja 137,2 foizga bajarilgan, eksport geografiyasi 80 ga yaqin mamlakatlarni qamrab olgan.
Shuningdek, 1 mlrd 362,8 mln AQSh dollari miqdorida xorijiy investitsiya va kreditlar oʻzlashtirilib, reja 161 foizga bajarilgan. Xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni 7 876 tani tashkil etgan va oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 1 226 taga ortgan.
Ichki va tashqi bozorlarda talab yuqori boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturiga asosan 221 ta loyiha doirasida 2 trln 946,6 mlrd soʻmlik yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilgan va oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 2,5 barobarga oshgan.
Jamoat transportini rivojlantirish, yangi liniyalar foydalanishga topshirilishi hisobiga yer usti yoʻlovchilar tashish transporti yoʻnalishlari tarmogʻini metropoliten bilan integratsiyalash borasida 2017 — 2021-yillarda 350 dona avtobus xarid qilingan.
“Raqamli Toshkent” dasturi doirasida geografik axborot-tahlil tizimi — Geoportal joriy qilinib, unga vazirlik va idoralarning 30 dan ortiq axborot tizimlari integratsiya qilingan.
Shahar infratuzilmasi va davlat xizmatlari sifatini taʼminlash boʻyicha faol jamoatchilik nazoratini olib boruvchi “Xalq nazorati” portali va uning mobil ilovasi ishga tushirilgan. Portal orqali fuqarolardan kelib tushgan 3 mingdan ortiq muammoli masalalarning 2 mingdan ziyodi ijobiy hal etilgan.
“Xavfsiz shahar” loyihasi doirasida Shayxontohur tumanidagi 137 ta obyektda 843 ta shaxsni identifikatsiyalash va videokuzatuv tizimi uskunalari oʻrnatilgan. Natijada qidiruvda boʻlgan 24 nafar shaxs aniqlanib, qator jinoyatlarning oldi olinishiga erishilgan.
Shu bilan birga, oʻrganish jarayonida shaharni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida oʻz yechimini kutib turgan bir qator muammoli masalalar mavjudligi aniqlangan.
Xususan, joriy yilning toʻqqiz oyi davomida hududiy korxonalar tomonidan import qilingan tovarlar qiymati 5,9 mlrd AQSh dollarini tashkil etib, 2020-yilning shu davriga nisbatan 39,1 foizga oshgan. Importni optimallashtirish borasidagi topshiriqlarga qaramasdan 1 856 ta korxona tomonidan 2,2 mlrd AQSh dollari miqdoridagi tayyor mahsulotlar sotish maqsadida import qilingan.
Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qoʻyilishi munosabati bilan yetkazilgan zararlarni qoplash boʻyicha 2020-yil va 2021-yilning oʻtgan davri davomida 30 nafar mulkdorga 159,8 mlrd soʻm miqdorida mablagʻ toʻlab berilmagan.
Bektemir, Uchtepa, Shayxontohur, Yangihayot, Yashnobod tumanlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasidagi 332 ta tadbir oʻz vaqtida bajarilmagan.
Joriy yilning 1-oktabr holatiga koʻra, soliq toʻlovchilarning budjet oldidagi boqimonda qarzdorligi 412,8 mlrd soʻmni, yuridik shaxslarning budjet toʻlovlari boʻyicha ortiqcha toʻlangan summalari 603,3 mlrd soʻmni tashkil etgan.
“Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli korxonalar tasarrufidagi avtobuslarning 16,6 foizi (196 ta) texnik nosozligi bois harakat muntazamligi taʼminlanmayapti, yoʻlovchilarning avtobuslarni kutib turish vaqti ayrim yoʻnalishlarda 25 — 40 daqiqani tashkil qilmoqda.
Jamoat transportining oʻzaro bogʻliqligini taʼminlash, ayniqsa, aholi gavjum nuqtalarda yoʻlovchilarning bir transportdan ikkinchi transportga qisqa vaqtda xavfsiz oʻtish imkoniyatini yaratish maqsadida qoʻshimcha transport-oʻtish bogʻlamalarini tashkil etish zarurati mavjud.
Oqova suvlarni qabul qilish boʻyicha Bektemir, Boʻzsuv, Salar inshootlarining suv tozalash samaradorligi talabga javob bermaydi. Natijada ushbu suv tozalash inshootlaridan sutkasiga Boʻzsuv, Salar kanallariga hamda Chirchiq daryosiga oʻrta hisobda 1,5 mln m3 ifloslangan suv tashlanmoqda.
Qurilish chiqindilarini joylashtirish uchun Toshkent viloyatining kamida 3 ta hududida chiqindi poligonlarini qurishga yer maydonini ajratish, qurish va jihozlash boʻyicha vazifalar ijrosi toʻliq taʼminlanmagan.
Qurilish obyektlarining keskin oshishi natijasida hosil boʻlayotgan changlarni suv sepib bostirish choralarining yetarlicha koʻrilmayotganligi atmosfera havosiga changlarning meʼyordan ortiq koʻtarilishiga olib kelmoqda.
2021-yilgi investitsiya dasturiga kiritilgan 19 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti boʻyicha 1-noyabr holatiga koʻra 5 ta obyektda rekonstruksiya ishlari 5 foizga bajarilgan.
Joriy oʻquv yilida 25 ta umumtaʼlim maktabi 2,1 koeffitsiyentdan yuqori quvvat bilan faoliyat yuritmoqda, 2026-yilda maktab yoshidagi bolalar soni 496,1 mingga yetishi kutilayotganligi bois yangi maktablar qurishga ehtiyoj ham ortib bormoqda.
Bektemir tumanida (46,8 ming aholi) birorta ham shifoxona mavjud emas. Toshkent viloyatidan Bektemir tumaniga 23 mingdan ortiq aholi yashaydigan 7 ta mahalla qoʻshilganligi inobatga olinsa, tez tibbiy yordam avtomashinasiga ehtiyoj ortmoqda.
Joriy yilning 1-noyabr holatiga koʻra, Toshkent shahri boʻyicha jami 18 mingdan ortiq jinoyat sodir etilgan boʻlib, ushbu koʻrsatkich 2020-yilning mos davriga nisbatan 3 barobarga ortgan, ularning 14 mingga yaqini (74,4 foiz) oldini olish mumkin boʻlgan jinoyatlardir.
Axborot texnologiyalari sohasida jami 580 ta jinoyat sodir etilib, ushbu koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 13 barobarga oshgan.
Ichki ishlar organlari tomonidan 59 ta dorixonada oʻtkazilgan tadbirlar davomida 66 ming donadan ortiq turli xildagi kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari noqonuniy sotib kelinayotganligi aniqlangan.
Joriy yilning toʻqqiz oyi davomida 16 610 ta nikoh tuzilgan boʻlsa, 4 193 ta oilaviy ajrim qayd etilgan, har toʻrtta nikohga bitta ajrashish holati toʻgʻri keladi. Ajrashish holatlari oʻtgan yilning shu davriga nisbatan Mirobod, Yashnobod, Yakkasaroy, Uchtepa, Chilonzor, Yunusobod tumanlarida 55 — 68 foizga oshgan.
Oʻrganish natijalari xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 2021-yil 12-noyabrdagi sessiyasida muhokama etilib, mahalliy darajadagi muammoli masalalar va yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tasdiqlangan.
Toshkent shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi ishlar samaradorligini yanada oshirish, belgilangan chora-tadbirlar ijrosi ustidan nazoratni tashkil etish maqsadida “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Qonunning 102-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Toshkent shahar hokimi J. Artikxodjayevning shaharni kompleks ravishda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisidagi hisoboti;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasi raisi oʻrinbosari M. Kadirxanovaning Toshkent shahrini kompleks oʻrganish yakunlari haqidagi axboroti (ilova) maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Toshkent shahrini har tomonlama rivojlantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, aholi muammolarini bartaraf etish borasidagi ishlarni oʻrganish yakunlari muhokamasiga bagʻishlangan xalq deputatlari shahar Kengashi sessiyasi oʻtkazilganligi hamda tegishli qaror qabul qilinganligi inobatga olinsin.
3. Toshkent shahar hokimligi (J. Artikxodjayev):
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (L. Qudratov) bilan birgalikda 2021-yilgi investitsiya dasturi doirasida istiqbolsiz deb topilgan loyihalar oʻrniga yangi loyihalarni shakllantirsin hamda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
Bektemir, Uchtepa, Shayxontohur, Yangihayot, Yashnobod tumanlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha tasdiqlangan dasturlar ijrosini oʻz vaqtida bajarish choralarini koʻrsin, bu borada ijro uchun belgilangan rahbarlarning masʼuliyatini oshirsin;
mahalliy budjet qoʻshimcha manbalari mablagʻlaridan foydalanishda qonunchilikka qatʼiy rioya qilgan holda, mablagʻlarning faqatgina (favqulodda holatlar bundan mustasno) xalq deputatlari mahalliy Kengashlari qarorlari asosida yoʻnaltirilishini taʼminlasin;
tumanlar budjetlari qoʻshimcha manbalari birinchi navbatda jamoatchilik tomonidan bildirilgan takliflar asosidagi tadbirlarga oʻz vaqtida yoʻnaltirilishini qatʼiy nazoratga olsin;
davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qoʻyilishi munosabati bilan yetkazilgan zararlarni qoplash boʻyicha kompensatsiya mablagʻlari toʻlab berilishini taʼminlash choralarini koʻrsin;
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi (I. Boqijonov) bilan birgalikda Toshkent shahridagi mavjud daraxtlarni xatlovdan oʻtkazish va ular yuzasidan maʼlumotlarni elektron maʼlumotlar bazasiga kiritish ishlarini tezlashtirsin;
turli obyektlar qurish uchun bogʻlar, xiyobonlar va boshqa daraxtlar bilan qoplangan “yashil” hududlarning tanlanishi hamda ajratilishiga qatʼiy ravishda chek qoʻysin;
qurilish ishlari olib borilayotgan hududlarda daraxtlar noqonuniy kesilishining oldini olish, shuningdek, qurilishni loyihalashtirish uchun yer maydonlarini ajratishda, muhandislik hamda kommunikatsiya infratuzilmasini barpo etishda daraxtlarni koʻchirib oʻtkazish yoʻli bilan saqlab qolishni taʼminlasin;
Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi (Sh. Xidoyatov) bilan birgalikda Toshkent shahridagi Bektemir, Boʻzsuv, Salar oqova suv tozalash inshootlari samaradorligini oshirish choralarini koʻrsin, Toshkent shahrini rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqishda suv tozalash inshootlari va kanalizatsiya obyektlariga boʻladigan yuklamalarni hisobga olsin;
Toshkent viloyati hokimligi (Z. Mirzayev) bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-sentabrdagi “Maishiy va qurilish chiqindilari bilan bogʻliq ishlarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” PQ-4845-sonli qarorida belgilangan qurilish chiqindi poligonlarini tashkil etish boʻyicha takliflar ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
2021-yilda elektr taʼminotini yaxshilash boʻyicha tasdiqlangan dastur hamda gaz tarmoqlarini mukammal taʼmirlash va rekonstruksiya qilishning manzilli dasturi ijrosini qoʻshimcha kuch va vositalarni jalb etgan holda tezlashtirish choralarini amalga oshirsin;
yangi turar joylarni qurishda ijtimoiy infratuzilma obyektlariga boʻlgan talabni toʻliq oʻrgangan holda, aholining maktabgacha taʼlim tashkiloti, maktab va tibbiyot muassasasiga boʻlgan ehtiyoji hisobga olinishiga ustuvor ahamiyat qaratsin;
kasb-hunarga tayyorlash boʻyicha oʻqishni tugatgan fuqarolarni toʻliq ish bilan taʼminlash, mehnat yarmarkalari natijadorligini oshirish boʻyicha mutasaddi idoralarning masʼuliyatini oshirsin;
oʻn kun muddatda ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilingan Bektemir tumanidagi “Qoʻyliq” dehqon bozorining koʻchirilishi bilan bogʻliq masalalarni oʻrganib, natijalari boʻyicha jamoatchilikka maʼlumot bersin;
Toshkent shahar hokimligining rasmiy veb-saytini (www.tashkent.uz) tubdan takomillashtirish, unda interaktiv xizmatlarni koʻpaytirgan holda, qonunchilik talablari asosida ochiq turdagi maʼlumotlarni belgilangan muddatlarda muntazam joylashtirish va yangilab borishni taʼminlasin.
4. Davlat soliq qoʻmitasi (Sh. Kudbiyev) 2021-yil yakuniga qadar Toshkent shahri boʻyicha soliq toʻlovchilarning budjet oldidagi mavjud boqimonda qarzdorligini kamaytirish choralarini koʻrsin, yuridik shaxslarning budjet toʻlovlari boʻyicha ortiqcha toʻlangan summalari qaytarilishini taʼminlasin.
5. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi (I. Boqijonov):
Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi (Sh. Xidoyatov) bilan birgalikda Boʻzsuv suv tozalash inshooti kanalizatsiya tarmogʻiga boʻyoq aralashgan suvlarni tashlayotgan korxonalarning lokal suv tozalash inshootlarida oqova suvlarning tasdiqlangan meʼyor darajasida dastlabki tozalanishini taʼminlasin;
Toshkent shahrida atmosfera havosi va uning tarkibini avtomatik monitoring qilib borish boʻyicha har bir tumanda zamonaviy laboratoriya qurilmalarini oʻrnatish yuzasidan takliflar ishlab chiqsin hamda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
6. Ichki ishlar vazirligi (P. Bobojonov):
Toshkent shahridagi jinoyatchilik va huquqbuzarliklar holatini tanqidiy muhokama etgan holda, kamchiliklarga yoʻl qoʻygan mansabdorlarga nisbatan tegishli choralar koʻrsin, mavjud holatni yaxshilash yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
firibgarlik jinoyatining axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilayotgan turlari ortib borayotganligini inobatga olib, aholini ogohlikka chorlovchi, firibgarlar taʼsiriga tushib qolishining oldini olishga qaratilgan targʻibot ishlarini olib borsin;
psixotrop hamda kuchli taʼsir etuvchi moddalar, nazorat ostidagi dori-darmonlarning aholi orasida noqonuniy muomalasi keskin avj olib borayotganligi bois maxsus tadbirlar sonini koʻpaytirsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
Bektemir, Uchtepa, Shayxontohur, Yangihayot, Yashnobod tumanlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha qabul qilingan qarorlar ijrosini tahlil etgan holda, ularning bajarilishini nazoratga olsin;
Toshkent shahar jamoat transportining oʻzaro bogʻliqligini taʼminlash, aholi gavjum nuqtalarda yoʻlovchilarning bir transportdan ikkinchi transportga qisqa vaqtda xavfsiz oʻtish imkoniyatini yaratish boʻyicha qoʻshimcha bogʻlamalar tashkil etish masalasiga alohida eʼtibor qaratsin;
energetik ichimliklarni doimiy ravishda isteʼmol qilish voyaga yetmaganlarda yurak xurujlari, vahima, koʻrish qobiliyatining susayishi va aqliy nuqsonlar yuzaga kelishiga sabab boʻlishini inobatga olgan holda, ularning importini kamaytirish masalasini oʻrganib chiqsin;
Toshkent shahrida qurilish ishlari olib borilayotgan obyektlardan atmosfera havosiga chang koʻtarilishining oldini olish boʻyicha mutasaddi idoralar tomonidan qatʼiy nazorat olib borilishini taʼminlasin;
Investitsiya dasturlarini shakllantirishda, birinchi navbatda, yangi barpo etilayotgan massivlarda maktabgacha taʼlim tashkilotlari, maktablar, birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalari qurish, shuningdek, navbatlilik koeffitsiyenti 2,1 dan yuqori boʻlgan umumtaʼlim maktablarining mavjud quvvatlarini oshirishni inobatga olsin;
Bektemir tumanida birorta ham shifoxona mavjud emasligini hamda Toshkent viloyatidan Bektemir tumaniga 23 mingdan ortiq aholi yashaydigan 7 ta mahalla qoʻshilganligini inobatga olib, tibbiyot muassasasini tashkil etish masalasini oʻrganib chiqsin;
“Xavfsiz shahar” loyihasini Toshkent shahrining boshqa tumanlarida ham bosqichma-bosqich amalga oshirish masalasini oʻrganib, tegishli choralarni koʻrsin;
mazkur Qaror ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar haqida umumlashtirilgan axborotni 2022-yilning 15-iyuliga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga taqdim etsin.
8. Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashiga:
mahalliy budjet erkin qoldiq mablagʻlarining kamida 30 foizini jamoatchilik fikri asosida aholi tomonidan koʻtarilayotgan muammolarni hal etishga yoʻnaltirish;
hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida tasdiqlangan dasturlar, xususan, investitsiya dasturi, “yoʻl xaritalari” ijrosi ustidan doimiy ravishda deputatlik nazoratini amalga oshirish;
mahalliy davlat boshqaruvi organlari rahbarlarining hisobot va axborotlarini eshitib, tanqidiy muhokama qilib borish hamda ular faoliyatiga tegishli baho berish;
qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijro holatini muhokama qilib borish, topshiriqlarni toʻliq bajarmagan, kechiktirib bajargan yoki umuman ijrosini taʼminlamagan rahbar va xodimlarga nisbatan intizomiy javobgarlik choralarini qoʻllash masalalarini koʻrib chiqish;
Toshkent shahrini kompleks oʻrganish davomida aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha tasdiqlangan “Yoʻl xaritasi” ijrosini har chorakda muhokama qilish tavsiya etilsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Eshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi (B. Sayfullayev) Toshkent shahrida joylashgan madaniyat va istirohat bogʻlari, xususan, Gʻafur Gʻulom nomidagi bogʻning bugungi holatini oʻrganib, natijalarini Toshkent shahar hokimligi, mutasaddi vazirlik va idoralar masʼul rahbarlari ishtirokida muhokama etsin hamda kelgusida mazkur maskanlarda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan doimiy nazoratni olib borsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qoʻmitalari ushbu Qarorda belgilangan vazifalarning tegishli vazirlik va idoralar tomonidan ijrosi taʼminlanishini nazorat qilib borsin.
11. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklansin.
12. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2021-yil 16-dekabr,
SQ-455-IV-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 16-dekabrdagi SQ-455-IV-sonli qaroriga ILOVA
Toshkent shahrini kompleks oʻrganish yakunlari toʻgʻrisida
MAʼLUMOT
2021-yil 1 — 6-noyabr kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati ishchi guruhi tomonidan Toshkent shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar oʻrganildi.
Mazkur oʻrganish shahar hududini kompleks ravishda rivojlantirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, aholining turmush darajasini yaxshilash borasida muayyan ishlar olib borilganligini koʻrsatdi. Xususan:
Joriy yilning toʻqqiz oyi davomida yalpi hududiy mahsulot hajmi 87,8 trln soʻmni tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 114,1 foizga oʻsgan. Aholi jon boshiga nisbatan yalpi hududiy mahsulot 31 mln 256,7 ming soʻmni tashkil etgan.
2017-yil boshida 48,7 mingga yaqin kichik biznes va tadbirkorlik subyektlari faoliyat yuritgan boʻlsa, 2021-yil 1-oktabr holatiga ushbu koʻrsatkich qariyb 2 barobarga ortib, 96,6 mingtaga yetgan, ushbu davrda faoliyat koʻrsatmayotgan 5 ming 780 ta korxonaning faoliyati tiklangan.
Bektemir, Mirzo Ulugʻbek, Olmazor, Sergeli, Uchtepa, Chilonzor, Yunusobod, Yakkasaroy tumanlaridagi 8 ta kichik sanoat zonasida 582 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilib, 1 trln 237,3 mlrd soʻmlik, shu jumladan, 239,2 mlrd soʻmlik import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilgan.
Shuningdek, mahalliy budjetga 3,5 trln soʻm miqdorida tushumlar tushib, prognoz 127 foizga bajarilgan va budjetga qoʻshimcha 566,8 mlrd soʻm mablagʻ shakllantirilgan.
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida tijorat banklari tomonidan 4 631 ta loyiha uchun 191,3 mlrd soʻm miqdorida kredit mablagʻlari ajratilgan.
Vazirlar Mahkamasining Bektemir, Uchtepa, Shayxontohur, Yangihayot, Yashnobod tumanlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha qabul qilgan qarorlari doirasida sanoat va xizmat koʻrsatish sohalarida umumiy qiymati 6,8 trln soʻmlik 120 ta investitsiya loyihasi ishga tushirilib, 11 mingga yaqin yangi ish oʻrinlari yaratilgan.
Tashqi muhandislik-kommunikatsiya tizimlarini yaxshilash, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, koʻp kvartirali uylarni taʼmirlash, irrigatsiya tizimlarini mustahkamlash tadbirlari uchun turli manbalar hisobidan 2 trln soʻmdan ortiq mablagʻlar yoʻnaltirilgan.
Tashqi savdo aylanmasi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 135,6 foizga oʻsib, 11,6mlrd AQSh dollariga yetgan, bunda eksport hajmi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 136,9 foizga oshib, 2,8 mlrd AQSh dollarini, import hajmining oʻsish tendensiyasi saqlanib qolgan holda 8,8 mlrd AQSh dollarini tashkil etgan.
Hudud tasarrufidagi korxonalar tomonidan jami 911,9mln AQSh dollari miqdorida mahsulotlar eksport qilinib, reja 137,2 foizga bajarilgan, eksport geografiyasi 80 ga yaqin mamlakatlarni qamrab olgan.
Shuningdek, 1 mlrd 362,8 mln AQSh dollari miqdorida xorijiy investitsiya va kreditlar oʻzlashtirilib, reja 161 foizga bajarilgan. Xorijiy kapital ishtirokida faoliyat koʻrsatayotgan korxonalar soni 7 ming 876 tani tashkil etib, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 1 ming 226 taga ortgan.
Hududiy investitsiya dasturi doirasida sanoat, xizmat koʻrsatish, turar-joy qurilishi sohalarida umumiy qiymati 10,9 trln soʻmlik 492 ta loyiha ishga tushirilib, 12 mingga yaqin yangi ish oʻrinlari yaratilgan.
Ichki va tashqi bozorlarda talab yuqori boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturiga asosan 221 ta loyiha doirasida 2 trln 946,6 mlrd soʻmlik yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilgan va oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 2,5 barobarga oshgan.
Soʻnggi yillarda jamoat transportini rivojlantirish, yangi liniyalar foydalanishga topshirilishi hisobiga yer usti yoʻlovchilar tashish transporti yoʻnalishlari tarmogʻini metropoliten bilan integratsiyalash borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda jamoat transporti bir kunda oʻrtacha 930 ming nafar, shu jumladan, avtobuslar 450 ming nafar, yoʻnalishli taksilar 140 ming nafar, metropoliten 340 ming nafar yoʻlovchiga xizmat koʻrsatmoqda.
“Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi korxonalar harakat tarkibi uchun 2017 — 2021-yillar mobaynida jami 350 dona avtobus (130 dona katta sigʻimli, 220 dona kichik va oʻrta sigʻimli) xarid qilingan.
2018 — 2021-yillarda 12 ta koʻchada velosiped foydalanuvchilari uchun 77 km uzunlikdagi maxsus yoʻlaklar barpo etilgan.
Jamoat transporti faoliyati biznes jarayonlarini avtomatlashtirish yuzasidan “Avtomatlashtirilgan toʻlov tizimi” hamda “Avtomatlashtirilgan dispetcherlik boshqaruvi tizimi” joriy qilingan, shuningdek, “Toshkent transporti” mobil ilovasi orqali shahar jamoat transporti harakat tarkibini real vaqtda kuzatish imkoniyati yaratilgan.
2021-yilda elektr taʼminotini yaxshilash boʻyicha dastur doirasida jami 497,1 km elektr uzatish tarmoqlarida qurilish va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilgan, 43 ta yangi transformator punkti oʻrnatilib, 137 tasida rekonstruksiya-modernizatsiya ishlari bajarilgan.
2021-yilda gaz tarmoqlarini mukammal taʼmirlash va rekonstruksiya qilishning manzilli dasturiga asosan 23 km gaz quvurlari mukammal taʼmirlangan, 1 km gaz quvuri rekonstruksiya qilingan, 121 dona gaz taqsimlash punkti mukammal taʼmirlangan.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 31-avgustdagi 553-sonli qaroriga muvofiq obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish dasturlari tasdiqlangan boʻlib, 2022-yilda koʻkalamzorlashtiriladigan hududlarni sugʻorish maqsadida 1 500 ta suv qudugʻi, 12 ta “yashil zona” va xiyobon tashkil etiladi.
Shuningdek, 60 gektar maydonda attraksionlardan xoli boʻlgan “jamoat istirohat bogi” hamda har bir tumanda kichik “yashil istirohat bogʻi” barpo etilishi rejalashtirilgan.
2021-yil 3-fevraldan 1-oktabrga qadar 26 ming 889 dona daraxtni kesish boʻyicha 1 ming 895 ta murojaat kelib tushgan boʻlib, ularning 1 ming 88 tasiga rad javobi berilgan va 17 ming 859 dona daraxt kesilishi saqlab qolingan. Tabiiy omillar taʼsirida zararlangan, qurigan va insonlar hayoti hamda mol-mulkiga xavf solayotgan daraxtlar boʻyicha 672 ta murojaat boʻlgan va 7 ming 350 dona daraxt kesilishiga ijobiy xulosa berilgan.
2021-yil 1-oktabrga qadar daraxtlarni noqonuniy kesganlik va shikastlantirganlik boʻyicha 343 ta holat aniqlanib, maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnomalar rasmiylashtirilgan, shundan 333 ta holat boʻyicha 506,9 mln soʻm maʼmuriy jarima va 1 mlrd 167,2 mln soʻm yetkazilgan zarar hisoblangan. Shuningdek, 11 ta jinoyat alomati mavjud holat boʻyicha hujjatlar prokuratura va ichki ishlar organlariga yuborilgan.
Shuningdek, “Raqamli Toshkent” dasturi doirasida geografik axborot-tahlil tizimi — Geoportal joriy qilinib, unga vazirlik va idoralarning 30 dan ortiq axborot tizimlari integratsiya qilingan.
Infratuzilma va davlat xizmatlari sifatini taʼminlash boʻyicha faol jamoatchilik nazoratini olib boruvchi “Xalq nazorati” portali va uning mobil ilovasi ishga tushirilgan. Portal orqali fuqarolardan kelib tushgan 3 mingdan ortiq muammoli masalalarning 2 mingdan ziyodi ijobiy hal etilgan.
“Xavfsiz shahar” loyihasi doirasida Shayxontohur tumanidagi 137 ta obyektda 843 ta shaxsni identifikatsiyalash va videokuzatuv tizimi uskunalari oʻrnatilgan. Natijada ushbu hududda 24 nafar qidiruvda boʻlgan shaxs aniqlangan, 100 dan ortiq jinoyatlarning oldi olingan.
Toshkent shahrining qadimiy 12 ta darvozasini tiklash va turizm namoyishi obyektlariga kiritish maqsadida Toshkent shahrining 1865 — 1872 yillardagi xaritalari toʻliq raqamlashtirilgan. Bugungi kunda ushbu qadimiy 12 ta darvozaning joylashgan joylari aniqlangan va ularni tiklash boʻyicha loyiha ishlari amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, oʻrganish davomida Toshkent shahrini har tomonlama rivojlantirish, aholi turmush darajasini oshirish borasida koʻplab ishlar amalga oshirilishi bilan bir qatorda, oʻz yechimini kutib turgan muammolar va kamchiliklar mavjudligi ham kuzatildi. Xususan:
Iqtisodiyotni rivojlantirish
Sanoat korxonalari tomonidan 60,2 trln soʻmlik mahsulotlar ishlab chiqarilgan boʻlib, sanoat tarkibidagi eng kam ulush Yangihayot (3,3 foiz), Yunusobod (5,4 foiz), Yakkasaroy (6,0 foiz) tumanlariga toʻgʻri keladi, shuningdek, Yunusobod tumanida sanoat ishlab chiqarish hajmi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 foizga kamaygan.
Xizmatlar sohasidagi 89,6 mingdan ortiq korxona va tashkilotlar tomonidan koʻrsatilgan xizmatlar hajmi 73,9 trln soʻmni tashkil etib, bu sohada eng kam ulush Yangihayot (1,3 foiz), Bektemir (3,2 foiz), Sergeli (5 foiz), Uchtepa (6,2 foiz) tumanlariga toʻgʻri keladi.
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida kredit mablagʻlarining rejaga nisbatan ajratilishi boʻyicha eng past koʻrsatkich Yunusobod (70 foiz), Mirzo Ulugʻbek (72 foiz), Mirobod (72 foiz) tumanlarida qayd etilgan.
Banklar kesimida “Agrobank”ning Sergeli, Yakkasaroy, Bektemir, Mirzo Ulugʻbek va Yunusobod tumanlari filiallari tomonidan rejaga nisbatan ajratilgan kredit miqdori 55 foizni ham tashkil etmaydi.
Investitsiya dasturi doirasida 1,4mlrd AQSh dollari miqdoridagi xorijiy investitsiya va kreditlar oʻzlashtirilgan, ammo 90 mln AQSh dollari qiymatiga teng boʻlgan 10 ga yaqin loyihalar istiqbolsiz deb topilgan.
Hududiy korxonalar tomonidan import qilingan tovarlar qiymati 5,9 mlrd AQSh dollarini tashkil etib, 2020-yilning shu davriga nisbatan 39,1 foizga oshgan, ushbu koʻrsatkich Chilonzor (68,2 foiz), Yakkasaroy (53,1 foiz), Yashnobod (51,7 foiz) tumanlarida keskin oʻsishiga yoʻl qoʻyilgan.
Ayniqsa, importni optimallashtirish borasidagi topshiriqlarga qaramasdan 1 856 ta korxona tomonidan 2,2 mlrd AQSh dollari (jami importning 26 foizi) miqdoridagi tayyor mahsulotlar sotish maqsadida import qilingan.
Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qoʻyilishi munosabati bilan yetkazilgan zararlarni qoplash boʻyicha 2020-yil va 2021-yilning oʻtgan davri davomida 30 nafar mulkdorga 159,8 mlrd soʻm miqdorida mablagʻ toʻlab berilmagan.
Hududda bandlik dasturlari samaradorligi qoniqarli emas, masalan, ish soʻrab murojaat qilgan 24,4 ming nafarga yaqin fuqarodan 36 foizining bandligi taʼminlangan, vaholanki, bugungi kunda Toshkent shahrida 25 mingdan ortiq boʻsh oʻrinlari hisobotlarda qayd etilgan, shundan 9 ming 185 tasi maʼlum bir mutaxassislik talab etmaydigan kasb lavozimlari hisoblanadi.
Kasb-hunarga tayyorlash boʻyicha oʻqishni tugatgan 2 ming 573 nafar ishsiz fuqaroning 63 foizi hanuzgacha ish bilan taʼminlanmagan. Masalan, Olmazor tumanida kasb-hunarga oʻqitish kurslarini tamomlagan fuqarolarning 88 foizi, Yunusobod tumanida 84 foizi, Yangihayot tumanida 74 foizi, Yakkasaroy tumanida 73 foizi Uchtepa tumanida 70 foizi ishga joylashtirilmagan.
Mehnat yarmarkalari rasmiyatchilik uchungina tashkil etilayotganligi sababli kutilgan natijani bermayapti. Joriy yilning oʻtgan davri mobaynida oʻtkazilgan 101 ta boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasida taklif etilgan 19,1 mingta ish oʻrniga 565 nafar (2,9 foiz) fuqaro ishga joylashtirilgan.
Toshkent shahri tumanlaridagi kichik sanoat zonalari muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan toʻliq taʼminlangan boʻlsa-da, ularning hududidagi 3 gektarga yaqin yer maydoni va 13 ming metr kvadratga yaqin ishlab chiqarish maydonidan, xususan, Mirzo Ulugʻbek kichik sanoat zonasi boʻyicha 1 gektar va Yunusobod kichik sanoat zonasi boʻyicha 1,2 gektar foydali yer maydonidan foydalanilmasdan kelinmoqda.
Vazirlar Mahkamasining Bektemir, Uchtepa, Shayxontohur, Yangihayot, Yashnobod tumanlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish toʻgʻrisidagi qarorlari bilan tasdiqlangan dasturlar doirasidagi 332 ta tadbir oʻz vaqtida bajarilmagan.
Xususan, sanoat va xizmat koʻrsatish sohasida umumiy qiymati 4,3 trln soʻmlik 80 ta loyiha ishga tushirilmaganligi natijasida 21,5 mingga yaqin ish oʻrinlari yaratilmasdan qolgan. Belgilangan mablagʻlar ajratilmaganligi sababli 28 ta maktabgacha taʼlim, 15 ta maktab, 2 ta sogʻliqni saqlash, 13 ta madaniyat va sport obyektida qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirilmagan.
Mahalliy budjet ijrosi
Mahalliy budjet daromadlarining 2021-yil toʻqqiz oylik ijrosi davomida yagona soliq toʻlovi (kichik korxona va mikrofirmalar) boʻyicha belgilangan prognoz koʻrsatkichi ijrosi 73 foizga bajarilib, budjetga 106 mlrd. soʻm mablagʻ tushmay qolgan.
Tumanlar budjeti daromadlarining ayrim soliq turlari boʻyicha prognoz koʻrsatkichi ijrosi toʻliq taʼminlanmagan. Masalan, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq boʻyicha belgilangan prognoz koʻrsatkichi Shayxontohur tumanida 3 foizga, Yashnobod tumanida 48 foizga, Yunusobod tumanida 71 foizga, Mirzo Ulugʻbek tumanida 80 foizga bajarilgan.
Tadbirkorlardan undiriladigan qatʼiy belgilangan soliq boʻyicha belgilangan prognoz Mirobod tumanida 50 foizga, Olmazor tumanida 53 foizga, Yakkasaroy tumanida 60 foizga, Yunusobod tumanida 62 foizga, Yashnobod va Sergeli tumanlarida 79 foizga bajarilgan.
Yuridik shaxslar mol-mulkiga solinadigan soliq rejasi Yunusobod tumanida 43 foizga, Bektemir tumanida 66 foizga, yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi Mirzo Ulugʻbek tumanida 67 foizga bajarilgan.
Soliq toʻlovchilarning budjet oldidagi mavjud boqimonda qarzdorligi yil boshiga nisbatan 232,2 mlrd soʻmga oʻsgani holda joriy yilning 1-oktabr holatiga 412,8 mlrd soʻmni tashkil etgan.
Yuridik shaxslarning budjet toʻlovlari boʻyicha ortiqcha toʻlangan summalari joriy yil boshiga nisbatan 237,6 mlrd soʻmga kamaygan boʻlishiga qaramasdan, 1-oktabr holatiga ushbu koʻrsatkich 603,3 mlrd soʻmni tashkil etgan.
Mahalliy budjetning qoʻshimcha manbalaridan foydalanishdan oldin amalga oshiriladigan xarajatlar xalq deputatlari mahalliy Kengashlari muhokamasiga qoʻyilmagan holatlar mavjud. Masalan, Mirobod tumanida 2 ta holatda 602,5 mln soʻmlik xarajatlarni amalga oshirishdan oldin xalq deputatlari tuman Kengashi sessiyasida koʻrilmasdan yoʻnaltirilgan.
Mirzo Ulugʻbek tumanida budjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan 10 mln soʻm mablagʻ tuman budjetida saqlanishi koʻzda tutilmagan Budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining tuman boʻlimiga, Mirobod tumanida 150 mln soʻm mablagʻ tuman davlat soliq inspeksiyasiga ajratilgan.
Mahalliy budjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan xarid qilingan tovar va xizmatlar, qurilish-taʼmirlash ishlari olib borilayotgan obyektlar roʻyxati va moliyalashtirilishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni rasmiy veb-saytga joylashtirish majburiy etib belgilangan boʻlsa-da, shahar va tuman hokimliklari tomonidan ushbu talab ijrosi taʼminlanmagan.
Davlat moliyaviy nazorat organlari tomonidan 2021-yilning toʻqqiz oyi davomida oʻtkazilgan 446 ta moliyaviy nazorat tadbirlaridan 341 tasida (76,5 foiz) 62,3 mlrd soʻm miqdorida qonun buzilish holatlari va boshqa xato-kamchiliklar aniqlangan. Moliyaviy qonun buzilish holatlari (61,6 mlrd soʻm) aniqlangan 386 ta nazorat tadbirlari hujjatlari qonuniy chora koʻrish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan. Xususan, 20 ta budjet tashkilotida aslida ishlamagan shaxslar nomiga ish haqi hisoblab toʻlash natijasida 1,35 mlrd soʻm asossiz toʻlovlarga yoʻl qoʻyilgan.
Budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining Toshkent shahridagi tuman boʻlimlari masʼul xodimlari tomonidan vafot etgan fuqarolarga jami 572 ta holatda 780 mln soʻm pensiya va nafaqa pullari toʻlab yuborilgan.
Jamoat transporti, elektr energiyasi va tabiiy gaz taʼminoti
“Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli korxonalar tasarrufidagi 1 ming 179 ta yoʻlovchi avtobusidan 196 tasi (16,6 foiz) texnik nosozliklar sababli taʼmirda boʻlsa, shundan 112 tasini taʼmirlash iqtisodiy samarasiz. Natijada yoʻnalishlarda harakat muntazamligi taʼminlanmayapti va yoʻlovchilarning avtobuslarni kutib turish vaqti ayrim yoʻnalishlarda 25 — 40 daqiqani tashkil qilmoqda.
Jamoat transportining oʻzaro bogʻliqligini taʼminlash uchun 5 ta transport-oʻtish bogʻlamasi mavjud boʻlib, aholi gavjum nuqtalarda yoʻlovchilarning bir transportdan ikkinchi transportga qisqa vaqtda xavfsiz oʻtish imkoniyati yaratilmaganligi bois qoʻshimcha ravishda bogʻlamalarni tashkil etish zarurati mavjud.
2021-yilda elektr taʼminotini yaxshilash boʻyicha tasdiqlangan dastur ijrosi joriy yilning 1-noyabr holatiga 61 foizga bajarilgan. Kuz-qish mavsumi boshlanganligiga qaramasdan elektr uzatish tarmoqlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish ishlari Chilonzor (42 foiz), Shayxontohur (44 foiz), Yakkasaroy (45 foiz), Yashnobod (49 foiz), Uchtepa (49 foiz) tumanlarida 50 foizga ham bajarilmagan.
Transformator punktlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish boʻyicha qurilish-montaj ishlari Yashnobod tumanida 47 foiz (19/9), Olmazor tumanida 61 foiz (33/20), Yakkasaroy tumanida 64 foiz (11/7) bajarilgan boʻlib, yil yakuniga qadar ijrosi taʼminlanmaslik xavfi mavjud.
Yangi mavzelar barpo etilayotganligi, aholi va yirik quvvatli yuridik isteʼmolchilar soni koʻpayayotganligi elektr energiyasiga boʻlgan talabning kundan-kunga ortishiga sabab boʻlmoqda. Soʻnggi uch yilda isteʼmolchilar soni qariyb 660 mingtadan 703 mingtaga, yuqori kuchlanishli (35-110 kV) podstansiyalar 3 taga, transformatorlar soni 522 taga oshgan.
Oʻrganishlar davomida Mirzo Ulugʻbek tumani “Oliy Himmat” mahallasidagi 1276-sonli, “Oqqoʻrgʻon” mahallasidagi 824-sonli, Yashnobod tumani “Muxtor Ashrafiy” mahallasidagi 548-sonli, Yashnobod tumani “Jarqoʻrgʻon” mahallasidagi 1655-sonli, “Boysun” mahallasidagi 467-sonli transformator punktidan chiquvchi elektr uzatish tarmoqlari rekonstruksiya qilingan boʻlsa-da, foydalanilmasdan kelinayotganligi aniqlandi.
2021-yilda gaz tarmoqlarini mukammal taʼmirlash va rekonstruksiya qilishning manzilli dasturi doirasida Mirobod tumanida 3,2 km, Yakkasaroy tumanida 2,5 km, Shayxontohur tumanida 3,7 km, Yunusobod tumanida 2,7 km gaz tarmoqlarini mukammal taʼmirlash va rekonstruksiya qilish ishlari boshlanmagan.
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-yanvardagi 43-sonli qaroriga asosan jami 1 mln 197,3 ming dona daraxt xatlovdan oʻtkazilgan boʻlib, ularning 19,9 foizigina yagona elektron maʼlumotlar bazasiga kiritilgan, xolos.
Obyektlarda olib borilayotgan qurilish va rekonstruksiya ishlari davomida sugʻorish tizimi shikast yetkazilishi daraxtlarning qurishi yoki kasallanishiga sabab boʻlmoqda. Masalan, Chilonzor tumanida joylashgan “Gʻofur Gʻulom” bogida oʻtkazilgan xatlov natijalariga koʻra mavjud 1 ming 640 ta daraxtdan 15 tasida, Olmazor tumanidagi “Abdulla Qodiriy” bogʻida esa 1 ming 584 ta daraxtdan 35 tasida qurish holatlari aniqlangan.
Oqova suvlarni qabul qilish boʻyicha 3 ta — Bektemir, Boʻzsuv, Salar oqova suv tozalash inshootining samaradorligi loyiha boʻyicha 75 foiz boʻlib, Boʻzsuv inshooti 2014 — 2017-yillarda rekonstruksiya qilinganligiga qaramasdan 49,8 foiz, Salar inshooti 51,3 foiz, Bektemir inshooti 35,5 foiz quvvat bilan ishlamoqda.
Natijada ushbu suv tozalash inshootlaridan atrof-muhitga badboʻy hid tarqalishiga olib kelmoqda, ulardan sutkasiga Boʻzsuv, Salar kanallariga hamda Chirchiq daryosiga oʻrta hisobda 1,5 mln m3 ifloslangan suv tashlanmoqda.
Boʻzsuv suv tozalash inshooti boʻyoq aralashgan oqova suvni tozalashga moʻljallanmagan boʻlsa-da, ayrim tekstil korxonalari tomonidan kanalizatsiya tizimi orqali inshootga boʻyoq aralashgan suv tashlanmoqda, shuningdek, inshoot hududida katta miqdorda oqova suvdan hosil boʻlgan quyqalar yigʻilib qolgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-sentabrdagi “Maishiy va qurilish chiqindilari bilan bogʻliq ishlarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” PQ-4845-sonli qaroriga muvofiq Toshkent shahrida hosil boʻladigan qurilish chiqindilarini joylashtirish uchun Toshkent viloyatining kamida 3 ta hududida qurilish chiqindi poligonlarini qurishga har biri 5 gektardan kam boʻlmagan yer maydonini ajratish, qurish va jihozlash belgilangan.
Hozirda Qibray tumanining Tuzel qishlogʻida hududida 22,6 gektar maydonda yillik quvvati 75 ming tonna qurilish chiqindilarini qayta ishlash imkoniyatiga ega “Bio Eso Service” MChJ korxonasi tashkil etilgan, ammo mazkur poligon shaharning ayrim hududlariga uzoqligi bois qurilish chiqindilarini noqonuniy ravishda Chirchiq daryosi qirgʻoqlari va boshqa hududlarga tashlab ketish holatlari kuzatilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 2-oktabrdagi 787-sonli qaroriga muvofiq, koʻp kvartirali uylar atrofidagi hududlarni tozalash xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari yoki boshqaruvchi tashkilotlar tomonidan amalga oshirilishi belgilangan. Biroq koʻp kvartirali uylar atrofidagi hududlar xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlariga kadastr hujjati asosida biriktirib berilmaganligi bois obodonlashtirish va tozalash ishlarida sansalorlik boʻlmoqda, bu esa hududlarda chiqindilar toʻplanib qolishiga sabab boʻlmoqda.
Shuningdek, Toshkent shahrida qurilish obyektlarining keskin oshishi natijasida hosil boʻlayotgan changlarni suv sepib bostirish choralari yetarlicha koʻrilmayotganligi atmosfera havosiga changlarning meʼyordan ortiq koʻtarilishiga olib kelmoqda.
Ijtimoiy soha (maktabgacha taʼlim, xalq taʼlimi, tibbiyot)
Toshkent shahridagi qariyb 55 ming nafar maktabgacha taʼlim yoshidagi bolalar mavjud boʻlgan 190 ta mahalla hududida birorta ham maktabgacha taʼlim tashkiloti (MTT) mavjud emas. Toshkent shahri boʻyicha 138 ming nafar 7 yoshgacha boʻlgan bolalar bogʻchaga borish uchun navbatda turibdi. Qamrov darajasi Yangihayot tumanida 44,5 foizni, Shayxontohur tumanida 57,9 foizni, Olmazor tumanida 61,8 foizni tashkil etadi.
2021-yilgi investitsiya dasturi doirasida Toshkent shahridagi 19 ta davlat MTT rekonstruksiya qilinishi rejalashtirilgan boʻlib, joriy yilning 1-noyabr holatiga 4 ta MTT foydalanishga topshirilgan, 5 ta obyektda (Yunusobod tumanidagi 99, 331-sonli, Yakkasaroy tumanidagi 100, 358, 487-sonli) rekonstruksiya ishlari 5 foizga bajarilgan.
Yashnobod tumanidagi 4 ta MTTda 2020-yilda boshlangan qurilish-taʼmirlash ishlari hanuzgacha oxiriga yetkazilmagan. Bektemir tumanining “Oltintopgan” mahallasida 2020-yil iyunda yangi qurilgan 180oʻrinli 576-sonli MTT oshxona jihozlari bilan toʻliq taʼminlanmagan.
2021-yilda 21 ta umumtaʼlim maktabida qurilish-taʼmirlash ishlari olib borilishi belgilangan boʻlib, 2021-yil 1-noyabr holatiga koʻra ulardan 3 tasi foydalanishga topshirilgan, 18ta maktabda qurilish-taʼmirlash ishlari yakuniga yetkazilmagan.
Bugungi kunda 25 ta umumtaʼlim maktabi 2,1 koeffitsiyentdan yuqori quvvat bilan faoliyat yuritmoqda. Masalan, Yashnobod tumanidagi 1004 oʻrinli 166-umumtaʼlim maktabida ayni damda 2 ming 796 nafar oʻquvchi (2,8 koeffitsiyent) taʼlim olmoqda. 2026-yilga borib maktab yoshidagi bolalar soni 496,1 ming nafarga yetishi natijasida yangi maktablar qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish ehtiyoji mavjud.
Bugungi kunda 46,8 ming aholi istiqomat qiladigan Bektemir tumanida birorta ham shifoxona mavjud emas. Toshkent viloyatidan Bektemir tumaniga 23 mingdan ortiq aholi yashaydigan 7 ta mahalla qoʻshilganligi inobatga olinsa, tez tibbiy yordam avtomashinasiga ehtiyoj ortmoqda.
Oʻrganish davomida Toshkent shahridagi ayrim tibbiy muassasalarining binolari taʼmirtalab holatda ekanligi aniqlandi. Masalan, 1997-yilda moslashtirilgan binoda faoliyat boshlagan 4-sonli shahar bolalar klinik shifoxonasi bugungi kunga qadar kapital taʼmirlanmagan. Shahar 3-sonli yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasi binosi faoliyat koʻrsatish uchun yaroqsiz boʻlib, toʻliq qayta qurishga muhtoj ahvolda.
Chilonzor tumanidagi 29 ming nafar aholiga tibbiy xizmat koʻrsatib kelayotgan 33-sonli oilaviy poliklinika 1969-yilda qurilgan koʻp kvartirali uyning yertoʻlasida joylashgan boʻlib, oilaviy poliklinika uchun yangi bino qurish maqsadga muvofiq.
Ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 16-iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6247-sonli Farmonida belgilangan talablarga rioya qilinmasdan bir qator kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgan.
Xususan, Toshkent shahar hokimligi rasmiy veb-sayti (www.tashkent.uz) va Ochiq maʼlumotlar portalidagi mavjud maʼlumotlar tahlili unda aksariyat ochiq maʼlumotlar bugungi kungacha joylashtirilmaganligini koʻrsatdi.
Masalan, davlat ishtirokidagi korxonalar, shuningdek, ushbu korxonalarga tegishli boʻlgan yuridik shaxslar tasarrufidagi yengil avtomobillar, xizmat uylari va boshqa koʻchmas mulklar, mahalliy budjetlarning har chorak yakunida shakllantiriladigan daromadlar va xarajatlar ijrosi toʻgʻrisidagi hisobot, daromadlar rejasining orttirib bajarilgan qismi va mazkur mablagʻlar yoʻnaltirilgan maqsadlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar joylashtirilmagan.
Bundan tashqari, davlat xaridlari, davlat xaridlari va investitsiya loyihalari doirasida hamda ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish boʻyicha tashkil etiladigan xarid komissiyalarining tarkibi, davlat xaridlarini amalga oshiruvchi shaxslar tomonidan toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalar boʻyicha xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar), mansabdor shaxslarning xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari va boshqa maʼlumotlar umuman biriktirilmagan.
Jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish
Joriy yilning 1-noyabr holatiga koʻra, Toshkent shahri boʻyicha jami 18 779 ta jinoyat sodir etilgan boʻlib, ushbu koʻrsatkich 2020-yilning mos davriga nisbatan 3 barobarga ortgan (6 293 ta), ulardan 13 980 tasi (74,4 foiz) oldini olish mumkin boʻlgan jinoyatlardir.
Har 100 ming aholiga nisbatan oʻrtacha 700 ta jinoyat toʻgʻri keladi, ushbu koʻrsatkich Yakkasaroy tumanida 929 tani, Chilonzor tumanida 1 041 tani, Mirobod tumanida 1 208 tani, Bektemir tumanida 2 880 tani tashkil etadi.
Tahlillarga koʻra, bugungi kunda har bir hududda oʻziga xos kriminogen vaziyat shakllangan. Xususan, Mirzo Ulugʻbek tumanida qotillik (10 ta), Sergeli tumanida nomusga tegish (8 ta), Chilonzor tumanida talonchilik (56 ta) va oʻgʻirlik (576 ta), Yunusobod tumanida firibgarlik (843 ta) va bezorilik (130 ta), Yashnobod tumanida transport olib qochish jinoyati (5 ta), Olmazor tumanida oʻlim bilan bogʻliq yoʻl transport hodisasi (13 ta) eng koʻp sodir etilgan.
Sodir etilgan jinoyatlarning qariyb 44 foizi (8 299 tasi) mahallalar hududida sodir etilganligi aynan mahallalarda va oilalardagi muhitni oʻrganish, notinch oilalardagi nizoli masalalarni hal etish borasidagi ishlar yetarli emasligini koʻrsatmoqda.
Soʻnggi yillarda axborot texnologiyalarining jadal rivojlanishi bilan birga, firibgarlik jinoyatining yangi turlari ham kelib chiqmoqda. Masalan, axborot texnologiyalari sohasida jami 580 ta jinoyat sodir etilgan boʻlib, ushbu koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 13 barobarga oshgan.
Psixotrop hamda kuchli taʼsir etuvchi moddalar, nazorat ostidagi dori-darmonlarning aholi orasida noqonuniy muomalasi keskin avj olib borayotganligi kriminogen vaziyatga jiddiy tahdid solmoqda. Ichki ishlar organlari tomonidan 59 ta dorixonada oʻtkazilgan tadbirlar davomida jami 66 ming donadan ortiq turli xildagi kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari sotib kelinayotganligi aniqlanganligi buning yaqqol tasdigʻidir.
Tahlillar yoshlar va xotin-qizlar oʻrtasida ham jinoyatchilik holatlari ortganligini koʻrsatmoqda, masalan, 3 539 nafar yoshlar tomonidan 1 495 ta jinoyat sodir etilgan boʻlib, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 2 barobarga oshgan.
Xotin-qizlar tomonidan 786 ta jinoyat sodir etilib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 37,6 foizga ortgan. Jinoyatlar soni Mirobod, Olmazor tumanlarida 3,6 barobar, Bektemir tumanida 3 barobar, Mirzo Ulugʻbek, Yakkasaroy, tumanlarida 1,8 barobarga, Shayxontohur tumanlarida 1,6 barobarga koʻpaygan.
182 nafar voyaga yetmagan tomonidan 103 ta jinoyat sodir etilgan boʻlib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan tegishliligicha 2,3 va 1,8 barobarga koʻpayganligi huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi ishlar yetarli samara bermayotganligidan dalolatdir.
Uz joniga qasd va suiqasd etish boʻyicha 173 ta holat sodir etilib, ushbu koʻrsatkich oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 45 taga oshgan, ulardan 101 tasi oʻlim bilan yakunlangan, oʻz joniga suiqasd qilganlarning 60 nafarini xotin-qizlar tashkil etgan.
Joriy yilning toʻqqiz oyi davomida 16 610ta nikoh tuzilgan boʻlsa, 4 193 ta oilaviy ajrim qayd etilgan, har toʻrtta nikohga bitta ajrashish holati toʻgʻri keladi. Ajrashish holatlari oʻtgan yilning shu davriga nisbatan Mirobod, Yashnobod, Yakkasaroy, Uchtepa, Chilonzor, Yunusobod tumanlarida 55 — 68 foizga oshgan.
Xotin-qizlarni ijtimoiy qullab-quvvatlash
Joriy yilda ikkinchi bosqichda Toshkent shahri boʻyicha jami 41 ming 857 nafar xotin-qiz “Ayollar daftari”ga kiritilgan boʻlib, ularning muammolarini hal etish masalalariga yetarli eʼtibor qaratilmagan.
Xususan, doimiy bandligini taʼminlash rejalashtirilgan 2 ming 981 nafar xotin-qizdan 692 nafarining (23,2 foiz) bandligi taʼminlangan, xolos. Ushbu koʻrsatkich Mirobod tumanida 0,5 foizni, Yunusobod tumanida 8,8 foizni, Shayxontohur tumanida 9,8 foizni, Bektemir tumanida 13 foizni tashkil etadi.
Jamoat ishlariga jalb qilish orqali bandligi taʼminlanishi rejalashtirilgan 379 nafar xotin-qizdan 130 nafari (34 foiz) vaqtinchalik ish bilan taʼminlangan. Bu borada Bektemir tumanida 41 nafardan xotin-qizdan 1 nafari, Yakkasaroy tumanida esa 15 nafardan 1 nafari jamoat ishlariga jalb etilgan boʻlsa, Uchtepa (15 nafar), Chilonzor (24 nafar) tumanlaridagi 39 nafar xotin-qizdan birortasining ham vaqtinchalik bandligini taʼminlash choralari koʻrilmagan.
Tadbirkorlikka jalb etish uchun 121 nafar xotin-qizga 326,1 mln soʻm subsidiya ajratish rejalashtirilgan boʻlib, amalda 17 nafariga (14 foiz) 38,8 mln soʻm ajratilgan, bu borada Mirzo Ulugʻbek, Uchtepa, Chilonzor, Shayxontohur, Olmazor, Yangihayot tumanlarida amaliy ishlar qilinmagan.
Kasbga oʻqitish xarajatlarini qoplash va kvotadan ortiq ishga qabul qilingan xotin-qizlar uchun subsidiya ajratish ishlariga umuman eʼtibor qaratilmaganligi bois 206 mln subsidiya mablagʻlaridan foydalanilmagan.
Ijro intizomi, murojaatlar bilan ishlash
2021-yil boshidan 4-noyabr kuniga qadar “ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi orqali Toshkent shahar hokimligiga kelib tushgan hujjatlardagi 10 ta topshiriqning muddati oʻtgan.
Joriy yilning toʻqqiz oyi davomida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining qabulxonalariga tadbirkorlik subyektlari tomonidan kelib tushgan 2,3 mingdan ortiq (33,1 foiz) murojaatlarni koʻrib chiqishda belgilangan muddatlar buzilishiga yoʻl qoʻyilgan.
Joriy yilning toʻqqiz oyi mobaynida Toshkent shahar hokimligi va tumanlar hokimliklariga kelib tushgan murojaatlarning 31 855 tasi (52,9 foiz) boʻyicha tegishli choralar koʻrilgan boʻlsa, 25 691 tasiga (42,3 foiz) tushuntirish berish bilan cheklanilgan.
