8-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining favqulodda holat joriy etish toʻgʻrisidagi farmonini tasdiqlash
Favqulodda holat toʻgʻrisida (O‘RQ-737-son) · Sana: 15.12.2021 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining favqulodda holat joriy etish toʻgʻrisidagi farmoni eʼlon qilinganidan keyin Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qoʻshma majlisi oʻtkaziladigan joyga darhol, maxsus chaqiruvsiz yetib kelishi shart.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining favqulodda holat joriy etish toʻgʻrisidagi farmonini tasdiqlash haqidagi masala Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining ikkala palatasi qoʻmitalarida, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining siyosiy partiyalar fraksiyalari tomonidan dastlabki tarzda muhokama qilinmasdan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qoʻshma majlisida koʻrib chiqiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining favqulodda holat joriy etish toʻgʻrisidagi farmoni kelib tushgan paytdan eʼtiboran 72 soatdan kechiktirmay Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati ushbu farmonni tasdiqlash haqidagi masalani koʻrib chiqadi hamda qoʻshma qaror qabul qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining favqulodda holat joriy etish toʻgʻrisidagi farmonini tasdiqlash masalasiga doir qoʻshma qarori darhol Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga yuboriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qoʻshma majlisida tasdiqlanmagan favqulodda holat joriy etish toʻgʻrisidagi farmoni ushbu masala yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qoʻshma qarori qabul qilingan paytdan eʼtiboran oʻz kuchini yoʻqotadi. Bu haqda aholi favqulodda holat joriy etilishi haqida qanday tartibda xabardor qilingan boʻlsa, xuddi shunday tartibda xabardor qilinadi.
