5-modda. Favqulodda holatni joriy etish hollari
Favqulodda holat toʻgʻrisida (O‘RQ-737-son) · Sana: 15.12.2021 · Amalda
Favqulodda holat Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining hayotiga, sogʻligʻiga va xavfsizligiga, Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga va (yoki) hududiy yaxlitligiga bevosita tahdid soladigan hamda favqulodda choralar qoʻllamasdan bartaraf etish mumkin boʻlmagan holatlar mavjud boʻlgan taqdirda, alohida hollarda joriy etiladi. Bunday holatlar jumlasiga quyidagilar kiradi:
real tashqi xavf, Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini va (yoki) hududiy yaxlitligini zoʻrlik bilan oʻzgartirishga urinishlar, ommaviy tartibsizliklar, terrorchilik harakatlari, shuningdek zoʻravonlik harakatlari bilan bir vaqtda yuz beradigan, fuqarolarning hayotiga, sogʻligʻiga va xavfsizligiga, davlat organlarining, boshqa tashkilotlarning kundalik faoliyatiga bevosita tahdid soluvchi oʻta muhim hamda toifalangan obyektlarni yoki ayrim joylarni toʻsish yoki bosib olish, qonunga xilof qurolli tuzilmalarni tayyorlash (tashkil etish) va ularning faoliyati, millatlararo, konfessiyalararo va chegaraviy nizolar;
keng qamrovli avariya-qutqaruv ishlari va boshqa kechiktirib boʻlmaydigan ishlar amalga oshirilishini talab etadigan yirik halokatlar, tabiiy ofatlar, epidemiyalar hamda boshqa tabiiy va texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyatlar, favqulodda ekologik vaziyatlar.
