3-modda. Asosiy tushunchalar
Favqulodda holat toʻgʻrisida (O‘RQ-737-son) · Sana: 15.12.2021 · Amalda
Ushbu Konstitutsiyaviy Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
komendantlik soati — sutkaning maxsus berilgan ruxsatnomalarsiz va shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarsiz koʻchalarda hamda boshqa jamoat joylarida yoxud turar joydan tashqarida boʻlishga taqiq belgilangan vaqti;
favqulodda holat — Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining, chet el fuqarolarining hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning huquq va erkinliklariga, shuningdek yuridik shaxslarning huquqlariga nisbatan ushbu Konstitutsiyaviy Qonunda nazarda tutilgan ayrim cheklovlar belgilashga yoʻl qoʻyadigan hamda ularning zimmasiga qoʻshimcha majburiyatlar yuklaydigan, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida yoki ayrim joylarida vaqtincha joriy qilinadigan davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda tashkiliy-huquqiy va mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, boshqa tashkilotlar, ularning mansabdor shaxslari faoliyatining alohida huquqiy rejimi;
favqulodda holat joriy etilayotgan hududlarning chegaralari (bundan buyon matnda favqulodda holat joriy etilayotgan hududlar deb yuritiladi) — Oʻzbekiston Respublikasining butun hududi yoxud bir yoki bir necha maʼmuriy-hududiy birliklari yoxud ularning qismini qamrab oluvchi favqulodda holat rejimi amal qilishi doirasi;
Favqulodda holat rejimini taʼminlash boʻyicha davlat komissiyasi — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan favqulodda holat davriga tuziladigan vaqtinchalik maxsus davlat boshqaruvi organi;
hudud komendanti — hudud komendaturasi faoliyatiga rahbarlik qiluvchi hamda favqulodda holat rejimini taʼminlovchi kuchlar va vositalarning yagona boshqaruvini amalga oshiruvchi mansabdor shaxs;
hudud komendaturasi — favqulodda holat joriy etilgan hududda favqulodda holat rejimini taʼminlovchi kuchlar va vositalarni boshqarish uchun tashkil etiladigan vaqtinchalik maxsus davlat boshqaruvi organi.
