26-modda. Favqulodda holat sharoitlarida favqulodda choralar va vaqtinchalik cheklovlarni qoʻllash chegaralari
Favqulodda holat toʻgʻrisida (O‘RQ-737-son) · Sana: 15.12.2021 · Amalda
Favqulodda holat sharoitlarida qoʻllaniladigan hamda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar huquq va erkinliklarining, shuningdek yuridik shaxslar huquqlarining alohida cheklovlari belgilanishiga sabab boʻladigan hamda ularning zimmasiga qoʻshimcha majburiyatlar yuklatadigan favqulodda choralar va vaqtinchalik cheklovlar qonunga muvofiq vujudga kelgan favqulodda holat talab etadigan chegaralar doirasida amalga oshirilishi kerak.
Favqulodda holat sharoitlarida qoʻllaniladigan favqulodda choralar va vaqtinchalik cheklovlar Oʻzbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalariga zid boʻlmasligi kerak. Favqulodda holatning joriy etilishi inson va fuqaroning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 24, 25, 26-moddalarida, 27-moddasining birinchi qismida, 30, 31 va 44-moddalarida nazarda tutilgan huquq va erkinliklarini cheklash uchun asos boʻla olmaydi.
Ushbu Konstitutsiyaviy Qonunda nazarda tutilgan favqulodda choralar va vaqtinchalik cheklovlar qatʼiydir, ular kengaytirib talqin etilmaydi va boshqa cheklovlar belgilanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
