24-modda. Favqulodda holatning amal qilish davrida jismoniy va yuridik shaxslar mulkiy va ijtimoiy huquqlarining kafolatlari
Favqulodda holat toʻgʻrisida (O‘RQ-737-son) · Sana: 15.12.2021 · Amalda
Ushbu Konstitutsiyaviy Qonun 14-moddasining beshinchi xatboshisiga muvofiq avariya-qutqaruv va boshqa kechiktirib boʻlmaydigan ishlarni amalga oshirish hamda taʼminlash uchun jalb etilgan shaxslar mehnatiga mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq haq toʻlash kafolatlanadi, bundan ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Band boʻlmagan aholi orasidan avariya-qutqaruv va boshqa kechiktirib boʻlmaydigan ishlarni amalga oshirish hamda taʼminlash uchun jalb etilgan shaxslarning mehnatiga haq toʻlash tartibi va miqdorlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Favqulodda holatni joriy etish uchun asos boʻlib xizmat qilgan holatlar natijasida yoki bunday holatlarni yoʻq qilish yoki ularning oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha choralar qoʻllanilishi munosabati bilan jabrlangan shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan shartlar asosida va tartibda turar joylar beriladi, yetkazilgan moddiy zararning oʻrni qoplanadi, ishga joylashishda koʻmak beriladi va zarur yordam koʻrsatiladi.
Ushbu Konstitutsiyaviy Qonun 14-moddasining toʻrtinchi va beshinchi xatboshilarida nazarda tutilgan favqulodda choralar va vaqtinchalik cheklovlar oqibatida zarar koʻrgan shaxslarga ushbu zararning oʻrni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda qoplanadi.
