20-modda. Hudud komendanti
Favqulodda holat toʻgʻrisida (O‘RQ-737-son) · Sana: 15.12.2021 · Amalda
Favqulodda holat joriy etilgan hududda favqulodda holat rejimini taʼminlovchi kuchlar va vositalarning yagona boshqaruvini amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan hudud komendanti tayinlanadi.
Hudud komendanti Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga, Davlat komissiyasi tuzilganda esa Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga va Davlat komissiyasi raisiga boʻysunadi.
Hudud komendanti:
favqulodda holat joriy etilgan hududda favqulodda holat rejimini taʼminlash masalalari yuzasidan barcha davlat boshqaruvi organlari (ularning tarkibiy boʻlinmalari), mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, tashkilotlar, mansabdor shaxslar, fuqarolar tomonidan tegishli hududda bajarilishi shart boʻlgan buyruqlar va farmoyishlarni oʻz vakolatlari doirasida chiqaradi;
komendantlik soatining vaqtini va amal qilish muddatini belgilaydi;
favqulodda holat joriy etilgan hududga kirish va undan chiqishning alohida rejimini belgilaydi;
qurolni, oʻq-dorilarni, portlovchi moddalarni, maxsus vositalarni, zaharli moddalarni, tarkibida giyohvandlik vositalari va ularning analoglari, psixotrop va kuchli taʼsir etuvchi moddalar mavjud boʻlgan dori vositalarini va preparatlarni, etil spirtini, alkogol mahsulotini realizatsiya qilishni taqiqlash boʻyicha choralar koʻradi;
fuqarolardan vaqtincha olib qoʻyilgan qurolni va oʻq-dorilarni, tashkilotlardan vaqtincha olib qoʻyilgan qurolni va uning oʻq-dorilarini, maxsus vositalarni, portlovchi, zaharli hamda radioaktiv moddalarni, shuningdek jangovar va oʻquv-jangovar texnikani saqlash tartibi va joylarini belgilaydi;
favqulodda holat rejimini buzayotgan shaxslarni favqulodda holat joriy etilgan hududdan tashqariga, ularning hayotiga, sogʻligʻiga va xavfsizligiga xavf tugʻdirmaydigan hududga belgilangan tartibda chiqarib yuboradi;
favqulodda holat joriy etilgan hududda ushbu Konstitutsiyaviy Qonunning 12, 13 va 14-moddalarida nazarda tutilgan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining favqulodda holat joriy etish toʻgʻrisidagi farmoniga muvofiq hali qoʻllanilmagan qoʻshimcha favqulodda choralarni va vaqtinchalik cheklovlarni qoʻllash zarurati haqidagi asoslantirilgan takliflar bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga yoki Davlat komissiyasi raisiga murojaat qiladi;
favqulodda holat joriy etilgan hududda favqulodda holat rejimini taʼminlashga doir tadbirlarni qoʻshimcha ravishda moliyalashtirish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi;
