18-modda. Davlat komissiyasining asosiy vazifalari va funksiyalari
Favqulodda holat toʻgʻrisida (O‘RQ-737-son) · Sana: 15.12.2021 · Amalda
Davlat komissiyasining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
favqulodda holatni joriy etish uchun asos boʻlib xizmat qilgan holatlarni bartaraf etish boʻyicha choralar ishlab chiqish;
favqulodda holat joriy etilgan hududni boshqarish boʻyicha tezkor tadbirlar oʻtkazilishini tashkil etish;
favqulodda holatni joriy etish uchun asos boʻlib xizmat qilgan holatlar natijasida jabrlangan fuqarolar vaqtincha yashash, shuningdek ularga zarur yordam koʻrsatish uchun statsionar yoki koʻchma turar joylarga vaqtincha joylashtirilishini tashkil etish;
favqulodda holat joriy etilgan hududlarda davlat boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining, boshqa tashkilotlarning hamda hududlar komendaturalarining favqulodda holatni joriy etish uchun asos boʻlib xizmat qilgan holatlarni bartaraf etishga doir faoliyatini muvofiqlashtirish;
favqulodda holatning amal qilish davrida oʻtkaziladigan tadbirlarning bajarilishi ustidan nazorat qilish.
Davlat komissiyasi quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
davlat boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining, boshqa tashkilotlarning va hududlar komendaturalarining faoliyatini muvofiqlashtirishga doir takliflarni ishlab chiqadi;
Davlat komissiyasining zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish masalalari yuzasidan davlat boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining, boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslarini va hududlar komendantlarini eshitadi;
davlat boshqaruvi organlaridan, mahalliy davlat hokimiyati organlaridan, boshqa tashkilotlardan va hududlar komendantlaridan Davlat komissiyasining faoliyatini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan hujjatlar hamda maʼlumotlarni soʻrab oladi;
davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa tashkilotlar va hududlar komendaturalari tomonidan favqulodda holatni joriy etish uchun asos boʻlib xizmat qilgan holatlarni bartaraf etishga doir tadbirlarning bajarilishini nazorat qiladi;
tahliliy, ekspertga oid va boshqa ishlarni bajarish uchun davlat boshqaruvi organlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining va boshqa tashkilotlarning mutaxassislarini jalb etadi;
ushbu Konstitutsiyaviy Qonun 12-moddasining birinchi qismida, 13 va 14-moddalarida koʻrsatilgan favqulodda choralar va vaqtinchalik cheklovlar joriy etilishining samaradorligini koʻrib chiqadi. Favqulodda holatni joriy etish uchun asos boʻlib xizmat qilgan holatlar toʻliq yoki qisman bartaraf etilgan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga favqulodda choralarni va vaqtinchalik cheklovlarni toʻliq yoki qisman bekor qilish yoki favqulodda holatning amal qilishini tugatish toʻgʻrisida tegishli takliflar kiritadi.
