Shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xoʻjaliklariga naslli mollarni auksion (kimoshdi savdosi) orqali sotishni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 9-bandiga oʻzgartirish kiritish haqida (1591-1-son)
17.11.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisining
qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2021-yil 17-noyabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1591-1]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 28-martdagi PF-5696-son “Veterinariya va chorvachilik sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-iyuldagi PF-6269-son “Davlat xizmatlari koʻrsatish infratuzilmasini takomillashtirish va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi qishloq va suv xoʻjaligi vazirining 2006-yil 16-iyundagi 128-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 1591, 2006-yil 5-iyul) (Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 27-son, 255-modda) bilan tasdiqlangan Shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xoʻjaliklariga naslli mollarni auksion (kimoshdi savdosi) orqali sotishni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 9-bandi beshinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“yuridik shaxslarning ishonchli vakili qatnashayotgan boʻlsa, belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnoma;”
2. Mazkur qaror 2022-yil 1-yanvardan kuchga kiradi.
Rais B. NORKOBILOV
Toshkent sh.,
2021-yil 10-noyabr,
01/11-08-son
