Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (PF-33-son)
09.12.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Ipoteka krediti bozorini yanada rivojlantirish, aholining uy-joyga boʻlgan yuqori talabini qondirish, Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan subsidiyalar taqdim etish ishlarini davom ettirish, xususiy pudrat tashkilotlarini zamonaviy koʻp qavatli uylar qurilishiga keng jalb etish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-dekabrdagi “Yangi Oʻzbekiston” massivlarini qurish va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-32-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida:
1. Belgilansinki, 2021-yil 10-dekabrdan boshlab bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan taʼminlash tartibi doirasida:
daromadi yuqori boʻlmagan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj fuqarolarga Davlat budjetidan subsidiyalar toʻlashda kvartira maydonining eng koʻp meʼyorini belgilash amaliyoti bekor qilinadi;
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi tomonidan har yili bir qarz oluvchiga ajratiladigan ipoteka kreditining eng koʻp miqdori va dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun subsidiya miqdori tasdiqlanadi;
subsidiya taqdim etish toʻgʻrisidagi xabarnomani olgan shaxslar ipoteka krediti boʻyicha boshlangʻich badalning uy-joy qiymatining kamida 5 foiziga teng boʻlgan qismini oʻz mablagʻlari hisobidan shakllantiradi;
sotib olinadigan kvartira joylashuvi, qiymati va maydonidan qatʼi nazar, dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun subsidiyalar — qatʼiy belgilangan 32 million soʻm miqdorida, foiz toʻlovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar — birinchi besh yil davomida 10 foizlik punktdan oshgan qismiga toʻlanadi;
dastlabki badal va foiz toʻlovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar sotib olinayotgan kvartiraning narxi ipoteka kreditining eng koʻp miqdoridan oshgan taqdirda ham toʻlanadi. Bunda, sotib olinadigan kvartiraning narxi ipoteka kreditining eng koʻp miqdoridan oshgan taqdirda, qiymatning qolgan qismi qarz oluvchi tomonidan oʻz mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan dastlabki badal summasini oshirish orqali toʻlanadi;
fuqarolarga ipoteka kreditini olishda, birgalikda qarz oluvchi sifatida ular bilan birga yashamayotgan va yaqin qarindoshi boʻlmagan boshqa shaxslarni ham jalb qilish huquqi beriladi;
Moliya vazirligining resurslari tijorat banklariga toʻgʻridan-toʻgʻri yoki “Oʻzbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” AJ orqali joylashtiriladi;
tijorat banklariga qarz oluvchi tomonidan toʻlangan dastlabki badal miqdori, uning qarz yuki koʻrsatkichi, imtiyozli davr muddati va boshqa koʻrsatkichlardan kelib chiqib, subsidiyasiz ajratilgan ipoteka kreditlari boʻyicha tabaqalashtirilgan foiz stavkalarini oʻrnatish huquqi beriladi.
2. Quyidagilar:
2022-yilda kvartiralar sotib olish va yakka tartibdagi uy-joylar qurish hamda rekonstruksiya qilish uchun ipoteka kreditlari ajratishning maqsadli koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;
2022-yilda ipoteka kreditlari boʻyicha subsidiyalar ajratishning maqsadli koʻrsatkichlari 2-ilovaga muvofiq;
2022-yil uchun bir qarz oluvchiga ajratiladigan ipoteka kreditining eng koʻp miqdori va dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun qatʼiy belgilangan subsidiya miqdori 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga mahalliy budjet daromadlarining oshirib bajarilgan qismi hisobidan ushbu Farmon bilan tegishli hudud uchun belgilangan ipoteka kreditlari va subsidiyalar sonini oshirishga ruxsat berilsin.
3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
a) koʻp qavatli uy-joylar qurish uchun yer uchastkalarini ijaraga berish boʻyicha oʻtkazilgan elektron onlayn-auksion gʻoliblariga lot qiymatini qonunchilikda belgilangan tartibda boʻlib-boʻlib toʻlash huquqi beriladi;
b) 2022-yil 1-yanvardan boshlab pudrat tashkilotlariga davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan qurilishi tugallanmagan, tom yopish ishlari bajarilgan koʻp kvartirali uy-joylarni kredit taʼminoti sifatida garovga taqdim etishga ruxsat etiladi;
v) 2023-yil 1-yanvarga qadar:
sement mahsuloti (TIF TN kodi 2523) va energiya tejamkor bazalt qoplamalari (TIF TN kodi 6806 1000 08) importida bojxona bojining nol stavkasi qoʻllaniladi;
“Yangi Oʻzbekiston” massivlarida, shuningdek, oldingi yillarda barpo etilgan massivlarda va ularning boʻsh turgan yer uchastkalarida uy-joy quruvchi tashkilotlar uchun sement hamda metall prokatini sotish boʻyicha alohida birja savdo seksiyasi joriy qilinadi;
g) 2024-yil 1-yanvarga qadar roʻyxati 4-ilovada koʻrsatilgan yangi qurilish va maxsus texnikalar hamda yuk tashish transport vositalari importida bojxona boji va utilizatsiya yigʻimining nol stavkasi qoʻllaniladi.
5. Belgilab qoʻyilsinki:
a) 2021-yilda ipoteka kreditlari boʻyicha subsidiyalar ajratishning maqsadli parametrlari doirasida:
subsidiya taqdim etish toʻgʻrisidagi xabarnomani olish boʻyicha arizalar 2021-yil 20-dekabrgacha qabul qilinadi va 2021-yil 25-dekabrgacha koʻrib chiqiladi;
subsidiya taqdim etish toʻgʻrisidagi xabarnomalar ular berilgan vaqtdan boshlab 12 oy davomida amal qiladi;
subsidiya taqdim etish toʻgʻrisidagi xabarnomani olgan shaxslarga ipoteka kreditlari va subsidiyalar 2021-yil 10-dekabrga qadar amalda boʻlgan shartlar va miqdorlarda ajratiladi;
subsidiyalar sotib olinayotgan kvartiraning maydoni va narxi 2021-yil uchun oʻrnatilgan kvartira maydonining eng koʻp meʼyori va uy-joyning hisoblangan qiymatidan oshgan taqdirda ham toʻlanadi. Bunda, sotib olinadigan kvartiraning narxi uy-joyning hisoblangan qiymatidan oshib ketgan taqdirda, qiymatning qolgan qismi qarz oluvchi tomonidan oʻz mablagʻlari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan toʻlanadi;
b) 2022-yil uchun ipoteka kreditlari boʻyicha subsidiyalar ajratishning maqsadli parametrlari doirasida arizalar 2021-yil 25-dekabrdan boshlab qabul qilinadi.
6. Moliya vazirligi (Ishmetov) Markaziy bank (Nurmuratov) hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (Boboyev) bilan birgalikda 2022-yil 1-iyulga qadar ilgʻor xorijiy tajribani oʻrgangan holda, “maqsadli ipoteka omonati” mexanizmini joriy qilish yuzasidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. 2022-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mahalliy budjet daromadlarining oshirib bajarilgan qismi hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan birlamchi va ikkilamchi uy-joy bozorida 5-ilovaga muvofiq 1 000 ta kvartira sotib olish choralarini koʻrsin.
Belgilansinki, mazkur bandga muvofiq sotib olingan kvartiralar uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan xotin-qizlar, nogironligi boʻlgan shaxslar, yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga belgilangan tartibda ajratiladi.
8. Qurilish vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining 2022-yilda fuqarolarning alohida toifalari uchun 4 000 ta kvartiradan iborat boʻlgan koʻp qavatli uy-joylar qurish va ushbu ishlar boʻyicha buyurtmachi etib “Oʻzshahar qurilish invest” IK MChJni belgilash toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda 2022-yilda fuqarolarning alohida toifalari uchun koʻp qavatli uy-joylar qurishning asosiy parametrlarini hamda qurish uchun ajratiladigan yer maydonlarining manzilli roʻyxatini tasdiqlasin.
9. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
a) bir oy muddatda Toshkent shahrida kamida 5 ta, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda kamida 2 tadan ipoteka xizmatlarini koʻrsatish markazlarini tashkil qilsin;
b) ushbu markazlarda:
uy-joylar qurilishini amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlari, qurilayotgan koʻp kvartirali uy-joylar, ulardagi kvartiralar soni, maydoni, qiymati va joylashuvi, kredit olish mumkin boʻlgan tijorat banklari va ular tomonidan beriladigan kreditlarning shartlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar taqdim etilishini;
subsidiya taqdim etish toʻgʻrisidagi xabarnomalarni berish, uy-joy oldi-sotdisi va ipoteka krediti shartnomalarini rasmiylashtirish, uy-joyga boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazish xizmatlari koʻrsatilishini taʼminlasin.
10. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (Xadjayev) va Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (Koʻchimov) Moliya vazirligi (Ishmetov), Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (Boboyev), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda mazkur Farmonning mazmun va mohiyati ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritilishini taʼminlasin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 6-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
12. Mazkur Farmonning ijrosini tashkil qilishga masʼul etib Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari A.J. Ramatov va J.A. Qoʻchqorov, moliya vaziri T.A. Ishmetov va qurilish vaziri B.I. Zakirov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.
Farmonning ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga har chorak yakuni boʻyicha axborot berib borilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 9-dekabr,
PF-33-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-dekabrdagi PF-33-son Farmoniga 1-ILOVA
2022-yilda kvartiralar sotib olish va yakka tartibdagi uy-joylar qurish hamda rekonstruksiya qilish uchun ipoteka kreditlari ajratishning maqsadli koʻrsatkichlari*
mlrd soʻm T/r Hududlar nomi Kvartiralar sotib olish va yakka tartibdagi uy-joylar qurish hamda rekonstruksiya qilish uchun ajratiladigan kreditlar soni Xarajatlarning hisoblangan qiymati shu jumladan quyidagilar hisobidan: dastlabki badal kelgusida aholiga kreditlar berish uchun tijorat banklariga ajratiladigan resurslar jami kvartira yakka tartibdagi uy-joy Respublika boʻyicha jami 43 000 36 500 6 500 15 065,0 2 259,8 12 805,3 1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi 1 700 1 200 500 561,0 84,2 476,9 2. Andijon viloyati 3 500 3 000 500 1 155,0 173,3 981,8 3. Buxoro viloyati 2 800 2 300 500 924,0 138,6 785,4 4. Jizzax viloyati 2 500 2 000 500 825,0 123,8 701,3 5. Qashqadaryo viloyati 2 600 2 100 500 858,0 128,7 729,3 6. Navoiy viloyati 2 500 2 000 500 825,0 123,8 701,3 7. Namangan viloyati 2 000 1 500 500 660,0 99,0 561,0 8. Samarqand viloyati 4 500 4 000 500 1 485,0 222,8 1 262,3 9. Surxondaryo viloyati 2 500 2 000 500 825,0 123,8 701,3 10. Sirdaryo viloyati 1 500 1 000 500 495,0 74,3 420,8 11. Toshkent viloyati 4 900 4 400 500 1 617,0 242,6 1 374,5 12. Fargʻona viloyati 3 000 2 500 500 990,0 148,5 841,5 13. Xorazm viloyati 2 000 1 500 500 660,0 99,0 561,0 14. Toshkent shahri 7 000 7 000 3 185,0 477,8 2 707,3
* 2022-yilda kvartiralar sotib olish va yakka tartibdagi uy-joylar qurish hamda rekonstruksiya qilish uchun ipoteka kreditlari ajratishning maqsadli koʻrsatkichlariga, zarur hollarda, Moliya vazirligi va Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi takliflari asosida Vazirlar Mahkamasi tomonidan tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-dekabrdagi PF-33-son Farmoniga 2-ILOVA
2022-yilda ipoteka kreditlari boʻyicha subsidiyalar ajratishning maqsadli koʻrsatkichlari*
* 2022-yilda ipoteka kreditlari boʻyicha subsidiyalar ajratishning maqsadli koʻrsatkichlariga zarur hollarda Vazirlar Mahkamasi tomonidan Moliya vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi takliflari asosida tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-dekabrdagi PF-33-son Farmoniga 3-ILOVA
2022-yil uchun bir qarz oluvchiga ajratiladigan ipoteka kreditining eng koʻp miqdori va dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun qatʼiy belgilangan subsidiya miqdori*
* 2022-yil uchun bir qarz oluvchiga ajratiladigan ipoteka kreditining eng koʻp miqdori va dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun qatʼiy belgilangan subsidiya miqdori, zarur hollarda, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi hamda Qurilish vazirligi takliflari asosida Vazirlar Mahkamasi tomonidan qayta koʻrilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-dekabrdagi PF-33-son Farmoniga 4-ILOVA
2024-yil 1-yanvarga qadar importida bojxona boji va utilizatsiya yigʻimining nol stavkasi qoʻllaniladigan yangi qurilish va maxsus texnikalar hamda yuk tashish transport vositalari
ROʻYXATI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-dekabrdagi PF-33-son Farmoniga 5-ILOVA
2022-yilda xotin-qizlar, nogironligi boʻlgan shaxslar, yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar uchun uy-joylarni sotib olish koʻrsatkichlari*
T/r Hududlar nomi Sotib olinadigan kvartiralarning umumiy soni Respublika boʻyicha jami 1 000 1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi 60 2. Andijon viloyati 65 3. Buxoro viloyati 50 4. Jizzax viloyati 45 5. Qashqadaryo viloyati 60 6. Navoiy viloyati 50 7. Namangan viloyati 90 8. Samarqand viloyati 90 9. Surxondaryo viloyati 50 10. Sirdaryo viloyati 40 11. Toshkent viloyati 100 12. Fargʻona viloyati 110 13. Xorazm viloyati 80 14. Toshkent shahri 110
* 2022-yilda xotin-qizlar, nogironligi boʻlgan shaxslar, yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar uchun uy-joylarni sotib olish koʻrsatkichlariga, zarur hollarda, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Moliya vazirligi takliflari asosida Vazirlar Mahkamasi tomonidan tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-dekabrdagi PF-33-son Farmoniga 6-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 28-noyabrdagi “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-5886-son Farmonida:
a) 3-bandning “a” kichik bandida:
uchinchi xatboshidagi “tanlov savdolari” soʻzlari “elektron onlayn auksion savdolari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
toʻrtinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
beshinchi — sakkizinchi xatboshilar tegishlicha toʻrtinchi — yettinchi xatboshilar deb hisoblansin;
toʻrtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“koʻp qavatli uy-joylarning qurilish osti yer uchastkalari tadbirkorlik subyektlariga elektron onlayn-auksion orqali ijara huquqi asosida lotlarga boʻlingan yoki yaxlit koʻrinishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyundagi PF-6243-son Farmoniga muvofiq realizatsiya qilinadi”;
beshinchi xatboshidagi “tanlov savdolarida” soʻzlari “elektron onlayn-auksion savdolarida” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 4-bandda:
birinchi xatboshidagi “shaharlarda va qishloq joylarda uy-joy hisoblangan qiymatining 85 foizidan” soʻzlari “har yili tasdiqlanadigan ipoteka kreditining eng koʻp miqdoridan” soʻzlari bilan almashtirilsin;
uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“ipoteka kreditining eng koʻp miqdori har yili Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi tomonidan Moliya vazirligi hamda Qurilish vazirligi bilan kelishgan holda uy-joyning hisoblangan qiymatidan kelib chiqib belgilanadi va har olti oyda qayta koʻrib chiqiladi”;
toʻrtinchi xatboshidagi “uy-joyning hisoblangan qiymatidan” soʻzlari “ipoteka kreditining eng koʻp miqdoridan” soʻzlari bilan almashtirilsin;
v) 6-bandda:
birinchi — uchinchi xatboshilar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Belgilansinki, yangi tartib doirasida:
subsidiya taqdim etish toʻgʻrisidagi xabarnomani olgan shaxslar ipoteka krediti boʻyicha boshlangʻich badalning uy-joy qiymatining kamida 5 foiziga teng boʻlgan qismini oʻz mablagʻlari hisobidan shakllantiradi;
sotib olinadigan kvartira joylashuvi, qiymati va maydonidan qatʼi nazar, ipoteka krediti boʻyicha dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun subsidiyalar — qatʼiy belgilangan 32 million soʻm miqdorida, foiz toʻlovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar — kredit muddatining birinchi besh yili davomida 10 foizlik punktdan oshgan qismiga toʻlanadi;
dastlabki badal va foiz toʻlovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar sotib olinayotgan kvartiraning narxi ipoteka kreditining eng koʻp miqdoridan oshgan taqdirda ham toʻlanadi. Bunda, sotib olinadigan kvartiraning narxi ipoteka kreditining eng koʻp miqdoridan oshgan taqdirda, qiymatning qolgan qismi qarz oluvchi tomonidan oʻz mablagʻlari va qonunchilikda belgilangan boshqa mablagʻlar hisobidan dastlabki badal summasini oshirish orqali toʻlanadi”;
toʻrtinchi xatboshi beshinchi xatboshi deb hisoblansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-martdagi “Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlarini ajratish orqali aholini uy-joy bilan taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6186-son Farmonida:
a) 1-bandda:
toʻrtinchi xatboshidan “shaharlarda va qishloq joylarda” soʻzlari chiqarib tashlansin;
beshinchi — yettinchi xatboshilar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“ipoteka kreditining eng koʻp miqdori va dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun subsidiya miqdori har yili Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi tomonidan Moliya vazirligi hamda Qurilish vazirligi bilan kelishgan holda uy-joyning hisoblangan qiymatidan kelib chiqib belgilanadi va har olti oyda qayta koʻrib chiqiladi;
sotib olinadigan kvartira joylashuvi, qiymati va maydonidan qatʼi nazar, ipoteka krediti boʻyicha dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun subsidiyalar — qatʼiy belgilangan 32 million soʻm miqdorda, foiz toʻlovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar kredit muddatining birinchi besh yili davomida 10 foizlik punktdan oshgan qismiga toʻlanadi;
ipoteka krediti boʻyicha dastlabki badal va foiz toʻlovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar sotib olinayotgan kvartiraning narxi ipoteka kreditining eng koʻp miqdoridan oshgan taqdirda ham toʻlanadi. Bunda, sotib olinadigan kvartiraning narxi ipoteka kreditining eng koʻp miqdoridan oshgan taqdirda, qiymatning qolgan qismi qarz oluvchi tomonidan oʻz mablagʻlari va qonunchilikda belgilangan boshqa mablagʻlar hisobidan dastlabki badal summasini oshirish orqali toʻlanadi”;
b) 2-bandning beshinchi xatboshisidagi “2021-yil 1-oktabrga” soʻzlari “2022-yil 1-yanvarga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
v) 14-bandda:
“a” kichik banddagi “9” raqami “7” raqami bilan almashtirilsin;
“e” va “j” kichik bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“e) 2023-yil 1-yanvarga qadar:
“Yangi Oʻzbekiston” massivlarida, shuningdek, oldingi yillarda barpo etilgan massivlarda va ularning boʻsh turgan yer uchastkalarida uy-joy quruvchi tashkilotlar uchun sement hamda metall prokatini sotish boʻyicha alohida birja savdo seksiyasi joriy qilinadi;
sement mahsulotini (TIF TN kodi 2523) Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda bojxona bojining nol stavkasi qoʻllaniladi.”;
g) 17-bandning ikkinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;
uchinchi xatboshi ikkinchi xatboshi deb hisoblansin;
d) 19-banddagi “2021” raqami “2022” raqami bilan almashtirilsin;
e) 2-ilova quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-martdagi PF-6186-son Farmoniga 2-ILOVA
2021-yilda yangi tartib doirasida ipoteka kreditlari boʻyicha subsidiyalar ajratishning MAQSADLI PARAMETRLARI*
mlrd soʻm T/r Hududlar nomi Jami toʻlanadigan subsidiyalar shu jumladan: shaharlarda ipoteka krediti boʻyicha dastlabki badal va foiz toʻlovlarining bir qismini qoplash uchun toʻlanadigan subsidiyalar shundan: qishloq joylarda ipoteka krediti boʻyicha dastlabki badal va foiz toʻlovlarining bir qismini qoplash uchun toʻlanadigan subsidiyalar shundan: yakka tartibdagi uy-joy qurish (rekonstruksiya qilish) uchun ajratilgan kreditlar boʻyicha foiz toʻlovlarining bir qismini qoplash uchun toʻlanadigan subsidiyalar dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun subsidiya summasi foiz toʻlovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya summasi dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun subsidiya summasi foiz toʻlovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya summasi soni summasi soni summasi soni summasi soni summasi Respublika boʻyicha jami 33 726 1 389,8 18 068 895,4 634,8 260,5 11 758 430,0 285,7 144,3 3 900 64,4 1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi 1 020 36,8 320 16,6 10,9 5,7 400 15,2 9,7 5,5 300 4,96 2. Andijon viloyati 3 410 138,0 1 410 69,9 47,9 22,0 1 700 63,2 41,3 21,9 300 4,96 3. Buxoro viloyati 2 590 108,7 1 310 68,4 44,5 23,9 980 35,3 23,8 11,5 300 4,96 4. Jizzax viloyati 1 400 47,3 520 22,5 17,7 4,8 580 19,8 14,1 5,7 300 4,96 5. Qashqadaryo viloyati 2 210 90,5 1 210 58,4 41,1 17,4 700 27,1 17,0 10,1 300 4,96 6. Navoiy viloyati 1 280 45,7 420 21,4 14,3 7,2 560 19,3 13,6 5,7 300 4,96 7. Namangan viloyati 2 630 102,7 1 330 58,9 45,2 13,8 1 000 38,8 24,3 14,5 300 4,96 8. Samarqand viloyati 3 236 131,7 1 780 84,6 60,4 24,2 1 156 42,2 28,1 14,1 300 4,96 9. Surxondaryo viloyati 2 560 115,7 1 318 76,1 44,8 31,3 942 34,6 22,9 11,7 300 4,96 10. Sirdaryo viloyati 780 25,1 180 9,0 6,1 2,9 300 11,1 7,3 3,8 300 4,96 11. Toshkent viloyati 2 340 94,2 870 47,5 29,5 18,0 1 170 41,8 28,4 13,3 300 4,96 12. Fargʻona viloyati 2 790 106,4 1 300 59,1 44,1 15,0 1 190 42,3 28,9 13,4 300 4,96 13. Xorazm viloyati 1 980 72,0 600 27,9 20,4 7,5 1080 39,2 26,2 13,0 300 4,96 14. Toshkent shahri 5 500 275,1 5 500 275,1 208,1 67,0
* 2021-yilda yangi tartib doirasida ipoteka kreditlari boʻyicha subsidiyalar toʻlashning maqsadli parametrlariga zarur hollarda Vazirlar Mahkamasi tomonidan Moliya vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi takliflari asosida tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin”.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 1-maydagi “Aholining uy-joy sharoitini yaxshilash hamda ipoteka krediti bozorini yanada kengaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4701-son qarorining 10-bandida:
a) birinchi xatboshida:
“2021” raqami “2022” raqami bilan almashtirilsin;
“shahar va qishloq joylarida 4 va undan yuqori qavatli hamda Toshkent shahrida 7” soʻzlari “shaharlarda 7 va undan yuqori, qishloq joylarida 5 va undan yuqori hamda Toshkent shahrida 9” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“foiz stavkasi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki asosiy stavkasining 1,75 baravaridan oshmaydigan kreditlar boʻyicha foiz stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshadigan, biroq 10 foiz punktidan koʻp boʻlmagan qismini qoplash uchun kreditning butun davri, biroq kredit olingan kundan boshlab 24 oydan ortiq boʻlmagan muddat davomida kompensatsiya toʻlanadi. Bunda:
kompensatsiya bitta uy-joy uchun kreditning 10 milliard soʻmdan ortiq boʻlmagan qismi boʻyicha toʻlanadi;
kafillik va kompensatsiyalar qurilayotgan koʻp qavatli uy-joydagi jami kvartiralar sonining kamida 70 foizi maydoni 70 kvadrat metrdan oshmagan kvartiralar tashkil etganda beriladi”.
